11:11 / 05.01.2025
34

Koʻp qavatli uylar oldi va mahallalarning ichki koʻchalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari etishtiriladi

Koʻp qavatli uylar oldi va mahallalarning ichki koʻchalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari etishtiriladi
“Qishloq xoʻjaligi maydonlaridagi qoʻshimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot etishtirishni koʻpaytirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” prezident qarori qabul qilindi.

2024 yil 30 dekabr kuni imzolangan qarorga muvofiq, dala chetlarida, aholi tomorqalarida, xonadonlar va koʻp qavatli uylar oldida, mahallaning ichki koʻchalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari etishtirish tartibi joriy etiladi.

Sanab oʻtilgan joylarda mahsulot etishtirish, urugʻ va koʻchatlar etkazib berish hamda etishtirilgan mahsulotlarni eksportga yoʻnaltirishni tashkil qilish vazifasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga (OʻKHA) yuklatildi.

Agentlik yil davomida daromadli ekinlar ekish va ularni eksport qilish uchun meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlarning talablarini oʻrganadi.

Suv xoʻjaligi vazirligi tegishli dala chetlarida suv ta'minoti mavjudligi va ushbu erlarga ekin ekilishi irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari amalga oshirilishiga toʻsqinlik qilmasligi yuzasidan, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi esa tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, meva va uzum navlari yuzasidan xulosalarni OʻKHAga taqdim etadi.

Agentlik har yili 1 yanvarga qadar talabni hisobga olgan holda, shuningdek, har bir tuman va mahallaning iqlim sharoitidan, bu erdagi aholining tajribasidan kelib chiqib, ekin turlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga taklif beradi. Oʻsimliklar karantini va himoyasi davlat inspektorlari har bir qishloq xoʻjaligi mahsulotlari etishtiruvchilariga alohida biriktiriladi.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari etishtiruvchilariga dala chetlarini ikkilamchi ijaraga berishni tashkil qilish uchun dala chetlariga doir ma'lumotlar (jumladan, mulkchilik shakli, suv ta'minotiga oid) OʻKHA tomonidan “Agroko‘makchi” mobil dasturida keng jamoatchilikka e'lon qilib boriladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan har yili 1 fevralga qadar tegishli yil hosili uchun dala chetlarida ekin ekish ishlarini tashkil etish va etishtiriladigan mahsulotning prognoz koʻrsatkichlari boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilinadi.

OʻKHA har yili 15 fevralga qadar har bir konturga urugʻ, koʻchat tarqatadigan va mahsulotni sotib oladigan tadbirkorlarni aniqlab, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini etishtiruvchilarga bogʻlab beradi.

Dala chetlaridan samarali foydalangan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari etishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
  • ichki fitosanitariya sertifikati bir yil davomida bepul beriladi;
  • dala chetlariga ekilgan “in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli koʻchatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi miqdorida, biroq har bir mevali payvandtagli koʻchatga 25 ming soʻmdan oshmagan holda Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasidan belgilangan tartibda subsidiya ajratiladi.

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasidan mablagʻlarni tijorat banklarining buyurtmanomalariga asosan Markaziy bankning asosiy stavkasida tijorat banklariga resurs sifatida yoʻnaltiradi. Bunda Agrosanoatni rivojlantirish agentligining tavsiyasiga koʻra:
  • qishloq xoʻjaligi mahsulotlari etishtiruvchilari dala chetini oʻzlashtirish va mahsulot etishtirish uchun zarur boʻlgan urugʻ, koʻchatlar, mineral oʻgʻitlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar bilan ta'minlanadi;
  • suv bilan ta'minlash uchun nasos va quvurlarni oʻrnatish xarajatlarining 50 foizdan koʻp boʻlmagan qismini qarz oluvchining bank kartalariga oʻtkazish yoʻli bilan 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.

Dala chetlari, kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarining atroflaridagi maydonlarda, aholi tomorqasi, xonadonlar va koʻp qavatli uylar oldi hamda mahallaning ichki koʻchalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari etishtirilishini tashkil qilishni muvofiqlashtirish boʻyicha respublika ishchi guruhi tashkil etildi. Ishchi guruhga Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I.Ergashev rahbarlik qiladi.

Shuningdek, hududiy va tumanlar ishchi guruhlari ham tuzilmoqda.

Respublika ishchi guruhiga quyidagi vazifalar yuklatildi:
  • har bir tuman boʻyicha dala chetlaridagi hamda xonadon va koʻp qavatli uylar oldi, mahallaning ichki koʻchalaridagi er maydonlarini oʻrganib, aniq oʻlchamlarini tasdiqlash;
  • tuman (shahar) hokimlari va Kadastr agentligining hududiy boʻlimlari tomonidan mulkchilik huquqi aniqlanmagan dala chetlaridan foydalanish huquqini belgilash va davlat roʻyxatidan oʻtkazish ishlarini tashkil qilish;
  • har bir tuman kesimida dala chetlarida hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va koʻp qavatli uylar oldi, mahallaning ichki koʻchalarida ekin ekiladigan maydon va mahsulot turlarini oʻz ichiga oluvchi ma'lumotlar bazasini tegishli yilning 15 fevraliga qadar shakllantirish;
  • dala chetlarida hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va koʻp qavatli uylar oldi, mahallaning ichki koʻchalarida ekish uchun hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos urugʻ va koʻchatlar tanlab olinishi boʻyicha tavsiyalar berish hamda agrotexnik tadbirlarni sub'ektlar kesimida tashkil qilish;
  • hosildor urugʻ va koʻchat navlarining, shuningdek, mineral oʻgʻit va kimyoviy preparatlarning oʻz vaqtida etkazib berilishini tashkil etish;
  • etishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sotuvini, shu jumladan, "Uzex Agro" elektron savdo platformasi orqali tashkil qilish.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koʻp qavatli uylar oldi va mahallalarning ichki koʻchalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari etishtiriladi