Qayta-qayta qoidabuzarlik qilishi natijasida toʻplagan jarima ballari bir yil ichida 12 ballga etgan haydovchilar kamida 6 oyga, koʻpi bilan 3 yilga haydovchilik guvohnomasidan mahrum etiladi. Haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan shaxs yana rulga oʻtirsa, buning uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi. Tegishli qonun Senatda ma'qullandi.
Oʻzbekiston Senati 24 yanvar kuni ma'qullagan qonun bilan, jarima ballari hisoblangan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik yuzasidan javobgarlik belgilanmoqda.
Ma'lum qilinishicha, amaliyotda jarima ballari uchun transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosining minimal muddatlari belgilanmagan. Shu sabab sudlar amaldagi Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksdan kelib chiqib, bunday huquqdan mahrum qilish muddati 15 besh kundan kam boʻlmasligi kerak deb belgilashi mumkin. Bir yil davomida kamida 12 ta jiddiy qoidabuzarlik qilgan haydovchini atigi 15 kunga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish esa maqsadga muvofiq emas.
Shu sababli yangi qonun bilan yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgani uchun ma'muriy jazo qoʻllanilganda haydovchilik huquqidan mahrum qilishning eng kam muddati 6 oydan kam boʻlmasligi belgilanmoqda. Eng uzoq muddat – 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum qilishni nazarda tutadi.
Senatorlar qonunni ma'qulladi. Muhokamada senator Husan Ermatov haydovchilarga bogʻliq boʻlmagan vaziyatlarda yuzaga keladigan qoidabuzarliklarning jarima ballariga ta'siri haqida soʻradi:
“Amaldagi qonunchilikda, yoʻllardagi chiziqlar bilan bogʻliq talablarga rioya etmaslik, jumladan svetoforning taqiqlovchi signaliga boʻysunmasdan toʻxtash chizigʻini bosib kirganlik uchun javobgarlik belgilangan. Bugun muhokama qilinayotgan qonun qabul qilinadigan boʻlsa, ushbu qoidabuzarlik uchun ham 12 balldan yarim ball olib tashlanadigan boʻladi. Yoʻllarda xavfsizlikni ta'minlash uchun javobgarlik belgilanayotganini tushunamiz, lekin biz qoidabuzarlik deb aytayotgan holatlar haydovchilarga mutlaqo bogʻliq boʻlmagan vaziyatlarda yuzaga kelishini ham hisobga olishimiz kerak.
Ayniqsa, yogʻingarchilik mavsumida yoʻllardagi chiziqlar aksariyat hollarda koʻrinmaydi. Real holatga qaraydigan boʻlsak, poytaxtimizdagi yoʻllarda va chorrahalarda bunday chiziqlar juda aniq koʻrinib turadi, deb ayta olmaymiz. Buning ustiga, aynan chiziqlar tortilgan joydagi oʻydim chuqurlar boʻlgan holatlarda ham har qanday haydovchi uni chetlab oʻtishga majbur boʻladi. Bunday vaziyatda har qanday sogʻlom odam jarimadan koʻra chuqurga tushish qimmatroq tushishini juda yaxshi tushunadi. Savol shundayki, ana shunday holatda ham jarima yoki jarima ballarni qoʻllash kerak, deb oʻylashimiz qanchalik toʻgʻri?
Foto: Senat axborot xizmati
Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqda juda jiddiy masala sifatida koʻtarilayotgan narsa shuki, chorrahalarda qoidabuzarlikni tashkil etish. Ya'ni majburan chekka chiziqqa turib oladi bitta mashina, keyin uni majbur aylanib oʻtish holatida haydovchilar uzluksiz chiziqni majbur boʻladi bosib oʻtishga. Biz uni oʻzimiz ham koʻp bor koʻrganmiz va u erda mashinani bagajini ochib oladida, mashinam buzuq deydi. Mana shu narsani jiddiy koʻrib chiqish vaqti kelgan, deb oʻylayman”, – dedi senator.
Savolga IIV JXD YHXX boshligʻi oʻrinbosari polkovnik Erali Bozorov javob berdi:
“Juda toʻgʻri, bu masala bugungi kunda ham juda koʻp uchrab turibdi, murojaatlar kelib tushyapti. Bunday murojaatlar mas'ul xodimlar tomonidan koʻrib chiqiladi. Agar holatlar oʻz tasdigʻini topsa, ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 271-moddasi asosida koʻrib chiqishdan toʻxtatiladi va 321-modda asosida belgilangan tartibda qaror bekor qilinadi.
Yangi tahrirdagi Yoʻl harakati qoidalariga etarlicha koʻrinmaslik tushunchasi kiritildi. Unda yomgʻir yogʻishi, qor yogʻishi, tuman tushishi va shunga oʻxshash holatlar inobatga olindi. Bunday holatlar boʻyicha ma'muriy ishlarni koʻrib chiqishda ham bunday sharoitlar albatta inobatga olinadi.
Hozir fuqarolar davlat yoʻl harakati xavfsizligi idoralariga borish shart emas, dekabr oyidan elektron tarzda murojaat qilishlari mumkin. Bizni mutasaddi mas'ul xodimlar joyiga chiqqan holda oʻrganib chiqadi.
Bundan tashqari, 2024 yil 18 dekabr kuni qabul qilingan prezidentimizning 449-sonli qaroriga asosan, ma'muriy amaliyot markazlari tashkil etiladi. Bu ma'muriy amaliyot markazlari ma'muriy ishlarni, yagona darcha – eksteritoriallik tamoyili asosida koʻrib chiqadi. Ya'ni fuqaro bemalol qaysi hududda boʻlishidan qat'i nazar, oʻsha ma'muriy amaliyot markazlariga murojaat qilishi mumkin. Joriy yil 18 martdan boshlab ma'muriy amaliyot markazlari faoliyat koʻrsatishni boshlaydi. Shu sababli siz aytgan holatlarda ish ob'ektiv ravishda koʻrib chiqilib, jarimalar qoʻllanilmaydi va jarima ballari ham hisoblanmaydi.
Ikkinchi savolga oʻtadigan boʻlsak, albatta, bunday holatlar ham juda koʻp kuzatilmoqda. Shu maqsadda, bizda ishchi guruh tuzilgan. Mana, dekabr oyining oʻzida sun'iy yoʻl harakat qoidalari buzishga omil boʻlayotgan joylar oʻrganilib, 50dan ortigʻi bartaraf etildi. Bu boradagi ishlarni yana davom ettiramiz, borlarini davom ettiramiz. Eng asosiy omil bu – fuqarolarning murojaatlaridan kelib chiqqan holda oʻrganib chiqamiz”, dedi Erali Bozorov.
Senator Anvar Toʻychiyev esa ishonchnoma asosida boshqarilayotgan avtomobildagi qoidabuzarlik uchun jarima ballari kimga yozilishi haqida soʻradi:
“Qonunda biroz noaniqliklar keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan holatlar bor. Masalan, qonun bilan bir yil davomida 12 va undan ortiq ballik hisoblanadigan jarima ballari uchun sud tartibida transport vositasi boshqarib huquqidan 3 yilgacha mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin degan band bor. Endi tasavvur qilaylik, bitta oilada bitta transport vositasi boʻlsa, uning yaqin qarindoshlari uni ishonchnomasiz boshqarish huquqiga ega. Bunday holda transport vositasining egasi rulda boʻlmasdan turib, qoidabuzarlik holatini aniqlasa, bunda ball qaysi haydovchiga nisbatan tatbiq qilinadi?”
Foto: Senat axborot xizmati
Erali Bozorovga koʻra, bu holatda haydovchi ma'muriy amaliyot markazlariga murojaat qilishi kerak.
“Qonunchilikda belgilangan, transport vositasini egasi yaqin qarindoshlari, ya'ni akasi, opasi, turmush oʻrtogʻi, ota-onasi, opa-singillar, farzandlariga transport vositasini ishonchnomasiz boshqarish huquqini berishi mumkin. Bunda sugʻurta polisida oʻsha yaqin qarindoshlari toʻgʻrisidagi ma'lumotlar toʻliq kiritilgan boʻlishi lozim. Endi bitta narsa – transport vositasini egasi oʻzi qoʻshimcha ballar jamlanmasligini oldini olish maqsadida yuqorida aytib oʻtilgan yoʻllardan foydalansa, ma'muriy amaliyot markazlariga murojaat qilinsa, biz programma yaratganmiz. U erda huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar – qaror chiqarish uchun oʻsha vaqtda transport vositasini boshqargan haydovchiga qaratiladi.
Bu erda yana bir narsani ta'kidlab oʻtishimiz kerak, muhokama qilinayotgan qonunga 17-1-moddasiga qoʻshimcha kiritilmoqda. Ya'ni transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda foydalangan shaxslar javobgarlikka tortiladi. Fuqarolik-huquqiy munosabatlariga esa oʻsha sugʻurta polisi kiritilgan yaqin qarindoshlar ham kiradi. Shuni inobatga olgan holda, bu transport vositasini boshqargan shaxsga nisbatan jarima ballari toʻplanadi. Men oʻylaymanki, bugungi qonun ma'qullanib, qonuniy kuchga kirgandan keyin mexanizmlar yanada takomillashtirilib, bu boradagi ishlarni davom ettiramiz”, dedi IIV mas'uli.
Senatorlar, shuningdek, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganligini Jinoyat kodeksiga kiritishni ham ma'qulladi.
Eslatib oʻtamiz, yoʻl harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballarini belgilash tartibi hali belgilanmagan. Qonun qabul qilingach, bu tartib hukumat tomonidan tasdiqlanadi va unda, xususan, qaysi qoidabuzarlik uchun qancha jarima balli berilishi belgilab qoʻyiladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar