date
views 69

Mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq

Mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq
Narimon Dexkanov
Namangan davlat universiteti professori, siyosiy fanlar doktori,
Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi deputati


Jahon tajribasidan ma’lumki, har qanday davlatning rivojlanishi ta’limga berilayotgan e’tiborga bog‘liq. Jamiyatdagi barcha sohalarning samarali ishlashi ham aynan ta’lim tizimining natijadorligi bilan uzviy hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi ham yurtimizning bugungi va ertangi kunini belgilab berishda ahamiyatlidir. Mazkur yig‘ilishda Prezidentimizning “Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq” degan so‘zlari ham masalaning naqadar dolzarbligini ko‘rsatib turibdi.

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston sharoitida maktabgacha va maktab ta’limiga bo‘lgan e’tibor bir necha barobar ortdi. Natija ham shunga yarasha. Ushbu yig‘ilishda bu haqda raqamlar keltirildi. Jumladan, mazkur soha uchun mablag‘ 7 karra oshirilgani, joriy yilda esa 60 trillion so‘m yo‘naltirilayotgani, maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rinlar yaratilgani, bog‘cha bilan qamrov 3 karra oshib, 78 foizga yetgani, malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilingani, bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashgani fikrimiz dalili bo‘la oladi.

Albatta, bunday natijalarga erishish osonlik bilan bo‘lgani yo‘q. Tinimsiz mehnat, tashabbuskorlik, mas’uliyat va donishmandlik natijasi bu. Shu bilan birga qat’iy siyosiy iroda samarasi bu.

Bugun mamlakatimizda ochiqlik va shaffoflik, so‘z va fikr erkinligi huquqiy jihatdan ham, amaliy jihatdan ham ta’minlandi. Shu bois, aytish mumkinki, olib borilayotgan islohotlarni tom ma’noda tarixiy deyishimizga asos bor. Bugun o‘qituvchi o‘z auditoriyasida o‘quvchilariga sifatli ta’lim berishi uchun barcha sharoitlar yaratildi. O‘qituvchi turli dala ishlari, paxta terish, ko‘cha supurish, obodonlashtirish yoki majburiy mehnatdan, ta’bir joiz bo‘lsa “sug‘urib” olindi. Endi o‘qituvchi faqat ta’lim berish bilan, o‘z ustida ishlash bilangina o‘zini ko‘rsatishi mumkin.

Yig‘ilishda yechimini kutayotgan masalalar jiddiyligini inobatga olib Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga butun tizimi bilan “favqulodda to‘qson kunlik” tartibida ishlashga o‘tish topshirildi. Hududlardagi 12 ta pedagogika oliygohlari ham vazirlik tizimiga o‘tkazildi. Barcha pedagogika oliygohlari faoliyati tubdan o‘zgarishi belgilandi. Ushbu oliygohlarga Yangi O‘zbekiston universitetidagi kabi xalqaro boshqaruv tizimi tatbiq etilishi, “Top” xorijiy oliygohlar tajribasi asosida fakultetlar o‘rnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha 6 ta oliy maktab tashkil qilinishi, fanlar soni va ta’lim yo‘nalishlari ham maqbullashishi, o‘quv yuklamalari qisqarishi, hududdagi maktablar oliygohning amaliyot bazasiga aylantirilishi, xorijiy til sertifikati bor o‘qituvchilar Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi davlatlarga malaka oshirishga yuborilishi belgilandi.

Ayni paytda yurtimizda oliy ta’lim olish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Davlat oliygohlari bilan bir qatorda nodavlat va xususiy oliygohlar soni ham ko‘paydi. Biroq, shu o‘rinda bu ta’lim sifatini oshishiga xizmat qilmoqdami, degan haqli savol tug‘iladi. Yig‘ilishda bu borada ham fikrlar bildirildi. Jumladan, xususiy oliygohlarda asosan pedagogik sohada kadrlar tayyorlanayotgani, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash sustligi, bundan buyon xususiy oliygohlardagi pedagogik yo‘nalishlar davlat institutlari bilan bir xil bo‘lishi, ulardagi pedagoglar va talabalar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkazilishi ta’kidlandi.

“Yoshlarni bo‘sh vaqti – dushmanni ish vaqti” degan gap bor. Bugungi yoshlar juda qiziquvchan, yangiliklarga intiluvchan hisoblanadi. Yig‘ilishda shu jihatlar tahlil qilinar ekan, hozirda 7-11 sinf o‘quvchilari kuniga 8 soatgacha vaqtini telefonda ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgani barchamizni o‘ylantirishi zarurligi qayd etildi. Ayniqsa, bugungi kunda internet va ijtimoiy tarmoqda zararli axborot va kontentlar ko‘pligini hisobga olib, bolalarni ushbu salbiy axborotlardan himoya qilish, unga qarshi tura oladigan milliy kontentlar yaratish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi.

Ma’lumki, sanoqli kunlardan keyin 6 milliondan ziyod o‘quvchi va 1 milliondan ortiq talaba ta’tilga chiqadi. Ta’til paytida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish muhim ahamiyatga ega. Yozgi ta’til vaqtida barcha ta’lim muassasalarining sport maydonchasi va o‘quv xonalarida yoshlar uchun sport, fan va kasb to‘garaklarini ochish belgilandi. O‘zlashtirish darajasi past maktablarga oqsayotgan fanlar bo‘yicha eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinib, o‘quvchilar uchun haftasiga olti soatlik o‘quv kurslari tashkil qilinadi.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish uchun 900 ga yaqin teatr, madaniyat markazlari va konsert zallari, hududlarda 1,5 mingga yaqin sport maydonchalari, 200 ta oromgoh, 2 mingdan ortiq turizm obyektlari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, joylardagi amfiteatr va sayilgohlarda har kuni konsert va musiqa kechalari o‘tkazish, madaniyat va istirohat bog‘larida san’at ko‘rgazmalari, she’riyat kechalari va intellektual o‘yinlar tashkil etish, yozgi oromgohlarda yoshlarni “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi”, “Mutolaa” loyihalari bilan qamrab olish, “Zakovat” intellektual o‘yinining maktab ligasini tashkil etish, “Raqamli avlod qizlari” loyihasi bo‘yicha tuman va viloyat tanlovlari o‘tkazish, “Mening mahallam – mening faxrim” loyihasi doirasida ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 100 ming yosh volontyorlikka jalb qilish, “Yoshlar turizmi oyligi”da 1 million yoshlar uchun muzey va tarixiy obidalarga ekskursiyalar tashkil qilish ta’kidlandi.

Albatta, bu belgilanayotgan chora-tadbirlar yoshlarni bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, bandligini ta’minlash va intellektual salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Bir so‘z bilan aytganda mazkur videoselektor ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, yoshlarni bilimini oshirish, ta’lim tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq