
Yo‘llardagi tirbandlik va halokatlar masalasi yana dolzarb mavzulardan biriga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 iyul kuni yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda eng ko‘p muhokama etilgan masalalardan biri — tirbandliklar va shundan kelib chiqadigan fuqarolarning kundalik hayotidagi qiyinchiliklar bo‘ldi. Prezidentning o‘z tajribasidan misol keltirishi esa vaziyatning naqadar jiddiyligini yanada ko‘rsatib berdi.
“O‘tgan yakshanba kuni rulda edim. Hamma bilan birga 15-20 daqiqa tirbandlikda to‘xtab turdim. Odamlar orasida oddiy fuqaro sifatida harakat qildim. Yo‘lni ochib berishlarini talab qilmadim. Keyin vazirga qo‘ng‘iroq qilib, u kishi o‘zini o‘sha holatga qo‘yib ko‘rishini so‘radim”, — dedi davlat rahbari yig‘ilishda.
Bu kabi so‘zlar, avvalo, mutasaddilar va yo‘l xizmati xodimlarini tizimdagi aniq muammolarga e’tibor qaratishga undaydi. Prezidentning shaxsan tirbandlikda qolgani va vazirga ochiq tanbeh bergani jamoatchilikda katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Chunki yo‘llardagi tirbandlik va hodisalar ko‘p yillardan buyon hal etilmay kelayotgan muammo ekanligi yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Yig‘ilishda yo‘l harakati xavfsizligiga oid boshqa jiddiy masalalar ham ko‘tarildi. Misol uchun, 2024 yilda respublikamizda 9 ming 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Bundan 9 mingga yaqin inson jarohat olgan, 2 ming 203 kishi esa hayotdan ko‘z yumgan. Ayniqsa, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida o‘lim holatlari yuqoriligicha qolmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida ham 20 ta hududda avariyalar soni hali ham qisqargani yo‘q. Statistikadagi achinarli raqamlarga qaramay, barchaga ma’lum — yo‘llardagi har bir hayot baxtsiz tasodif emas, balki tizimli nazorat va mas’uliyatsizlik natijasi.
Prezident yig‘ilishda shunday deydi: “Afsuski, har to‘rtinchi avariyada bir kishi yoki kuniga o‘rtacha 6 kishi halok bo‘layapti. Bu barchani jiddiy o‘ylantirishi kerak.”
Davlat rahbari mutasaddilardan tizimdagi nuqsonlarni tezroq aniqlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni talab qildi. Uning fikricha, yo‘llardagi xavfsizlik faqat davlat idoralarining emas, balki har bir fuqaroning hayotiy manfaatidir.
Xulosa o‘rnida aytish mumkin: yo‘llardagi tirbandlik va yo‘l-transport hodisalariga befarq qaramaslik kerak. Prezidentning shaxsan mavjud muammoga e’tibor qaratgani tizimda tub o‘zgarishlar bo‘lishi kerakligini yana bir bor ko‘rsatdi. Yangi tashabbus va qat’iyatli choralar bilan yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash — barchamizning umumiy maqsadimizga aylanishi shart. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar