Osiyo Chempionlar Ligasi-2 musobaqasining uchinchi turidan o‘rin olgan “Andijon” – “Al Xoldiya” (0:0) bahsidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Maksim Shatskix jamoa o‘yini, golsiz natija va kelgusi rejalar haqida batafsil fikr bildirdi.
Maksim Shatskix uchrashuvda jamoasining harakati va ishtiyoqidan mamnunligini yashirmadi:
“Hamma ko‘rdi, bugun futbolchilarim g‘alabaga munosib o‘yin namoyish etishdi. Himoyada ishonchli, hujumda esa faol harakat qildik. Darvozani ishg‘ol etish uchun yetarlicha imkoniyatlar yaratdik, ammo omad yetishmadi. Uchrashuvdan so‘ng barcha futbolchilarga minnatdorchilik bildirdim — ularning maydondagi kayfiyati, harakati va g‘alabaga bo‘lgan chanqoqligi meni qoniqtirdi. Shu bilan birga, ikkita ochkoni yo‘qotganimiz juda afsuslanarli. Oldimizda hali ikkita muhim bahs bor, guruhdan chiqish imkoniyati saqlanib turibdi”, — dedi u.
Shatskixdan jamoaning uchta o‘yinda ham gol ura olmayotgani haqida so‘rashganda, u himoyadagi ishonchlilikni ta’kidladi:
“To‘p kiritolmayotgan bo‘lsak ham, himoyada yaxshi o‘ynayapmiz. Ushbu uchta bahsda ham darvozamiz daxlsiz qoldi. Bu esa katta plyus. Avvalgi o‘yinda ‘SHo‘rtan’ darvozasiga to‘rtta gol urgan edik, shunday ekan, hujumda ham potensialimiz bor. Umid qilamanki, keyingi turlarda gollar keladi.”
Murabbiy ikkinchi bo‘limdagi almashtirishlar haqida ham izoh berdi:
“Damir Temirov va Doniyor Abdumannopov katta hajmda ishladilar, ular raqibni ko‘p bora qiyin holatga solishdi. Biroq toliqish ham bor edi. Shu bois ularni dam olish uchun almashtirdik. Shu bilan birga, raqib ham maydon markaziga yangi kuchlarni kiritgani sababli, biz ham markazdagi barqarorlikni saqlash maqsadida tarkibni o‘zgartirdik.”
Jurnalistlar jamoaning ilk 30 daqiqa davomida mehmonlarga tashabbus berib qo‘ygani haqida so‘rashdi. Shatskix bu holatni taktik reja bilan izohladi:
“Ha, raqib avvalgi qismda ko‘proq to‘pni nazorat qildi, ammo bu ular ustun bo‘ldi, degani emas. Darvozamiz oldida deyarli xavf yo‘q edi. Ular shunchaki to‘pni ko‘proq aylantirishdi, lekin amalda faollik ko‘rsatolmadi. Biz esa to‘psiz o‘ynash orqali raqibni charchatishni maqsad qilgandik. Ular toliqqach, tezkor qarshi hujumlar orqali ustunlikni olish rejasi bor edi. Bu — zamonaviy futboldagi real yondashuv. Hatto “Manchester Siti” ham ba’zan himoyaga yo‘naltirilgan taktika bilan o‘ynaydi. Bugun raqibning rejasi faqat durang uchun ekani ko‘rinib turdi. Ular natijadan mamnun bo‘lishdi, biz esa g‘alaba uchun kurashdik.”
Shatskix so‘zlarini xulosa qilib, jamoasining ruhiy holati yuqori ekanini ta’kidladi:
“Biz hali hech narsani yo‘qotmadik. Umid va ishonch bor ekan, harakat qilishdan to‘xtamaymiz. Futbolda har bir bahs — yangi imkoniyat. Asosiysi, jamoada ishtiyoq va yagona maqsad bor. Shunday bo‘lsa, natija ham uzoq kuttirmaydi.”
Bu bahs orqali “Andijon” o‘zining guruhdagi imkoniyatlarini saqlab qoldi. Endi jamoa keyingi ikki uchrashuvda faqat g‘alaba haqida o‘ylamoqda — ular uchun har bir ochko hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!