Osiyo Chempionlar Ligasi-2 musobaqasi doirasidagi “Andijon” – “Al Xoldiya” (0:0) bahsidan keyin Bahrayn klubi bosh murabbiyi Ali Ashur matbuot anjumanida jamoasi o‘yini, raqibning faolligi va "Andijon" muxlislari haqidagi taassurotlarini baham ko‘rdi.
Ashur jamoasi reja bo‘yicha harakat qilganini, ammo natijadan to‘liq qoniqmaganini ta’kidladi:
“Bugungi bahsda ikki ochko yo‘qotdik, desam xato bo‘lmaydi. Har ikki jamoa ham g‘alaba uchun o‘ynadi, ammo durang — eng to‘g‘ri natija bo‘ldi. Biz o‘yinni boshidanoq nazorat ostida ushlashga urindik, to‘pni ko‘proq aylantirdik. Biroq ba’zida rejalashtirgan taktika doim ham ish bermaydi. Maydon markazidagi ustunlikni biroz yo‘qotdik. Birinchi bo‘limda raqibning 23-raqamli futbolchisi (Doniyor Abdumannopov) tezligi bilan katta xavf tug‘dirdi. Shuning uchun tanaffusda shogirdlarimga qanotlarda ehtiyotkor bo‘lishni uqtirdim. Ikkinchi bo‘limda shu yo‘nalishda ishladik va xavfni yo‘qotdik,” — dedi u.
Murabbiy jamoaning ilk bo‘limda faol, keyin pasaygan o‘yini haqida ham fikr bildirdi:
“Dastlabki daqiqalarda futbolchilarim gol urishga jiddiy bel bog‘lashgan edi. Ammo shoshma-shosharlik ba’zi kichik xatolarga olib keldi. Raqib qanotlardan xavfli hujumlar boshlaganda, jamoamiz biroz ehtiyotkorlikka o‘tdi. Bu sababli birinchi bo‘limning oxirida tezlik pasaydi. Tanaffusda bu jihatni tuzatdik.”
Ashur “Andijon” haqidagi oldingi fikrlarini ham tasdiqladi:
“Uchrashuvdan oldin aytganimdek, ‘Andijon’da tajribali murabbiy va sifatli futbolchilar bor. Ular o‘z maydonida ishqibozlar qo‘llab-quvvatlovi bilan juda faol harakat qilishdi. Buni kutgandik ham. Ayniqsa, 23-raqamli o‘yinchi va jamoa sardori — 18-raqamli Damir Temirov yaxshi o‘ynashdi. Ular almashtirilganda hayron qoldim, ammo o‘rniga tushganlar ham o‘z vazifasini yaxshi bajardi. Umuman olganda, raqibning tajovuzkor o‘yiniga tayyor edik.”
Bosh murabbiy javob uchrashuvi haqida ham fikr bildirdi:
“5-noyabrda Bahraynda ‘Andijon’ni qabul qilamiz. Albatta, o‘sha o‘yin boshqacharoq bo‘ladi. Biroq hozir barcha e’tiborimiz 29 oktyabr kuni bo‘ladigan ‘Al Ahli’ga qarshi uchrashuvga qaratilgan. Shu bahsni ortidan ‘Andijon’ga qarshi o‘yin uchun tayyorgarlikni boshlaymiz.”
Ali Ashur Andijon muxlislari va shahar muhiti haqida iliq fikrlar bildirdi:
“Bugungi muxlislar haqiqatan ham ajoyib edi. Ularning energiyasi maydonda his qilindi. ‘Bobur Arena’dagi muhit, stadion, shahar — hammasi juda yoqdi. Andijondan katta taassurotlar bilan qaytyapman. Taomlar ham, odamlarning mehmondo‘stligi ham ajoyib. Bahraynda javob uchrashuviga kelgan o‘zbek do‘stlarimizni xuddi shunday samimiyat bilan kutib olamiz.”
“Al Xoldiya” bosh murabbiyining bu so‘zlari ikki jamoa o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va musobaqadagi raqobat madaniyatini yana bir bor namoyon etdi. Andijon muxlislari esa bunday munosabat orqali o‘z jamoasiga bo‘lgan mehrni yanada kuchaytira oldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!