Sirdaryo viloyatida joylashgan 398 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida sanitariya tekshiruvlari o‘tkazilib, bir qator qonunbuzarliklar fosh etildi, deb Uz24.uz xabar berdi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 60 ta bog‘chada oshxonalar ta’mirtalab holatda ekani, suv ta’minotida uzilishlar mavjudligi aniqlandi. Shuningdek, qo‘l yuvish uchun zarur jihozlar to‘liq o‘rnatilmagani, ayrim joylarda to‘shak jildlari eskirgani, xonalar va eshiklar ta’mirtalab ekani ma’lum bo‘ldi.
Shu bilan birga, xodimlar va bolalar belgilangan muddatda tibbiy ko‘rikdan o‘tmagani qayd etildi.
Natijada bir nechta bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Sud qarorlariga asosan 329 nafar mas’ul shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi va jami 333,48 million so‘m miqdorida jarima qo‘llandi.
Sirdaryo viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i Jura Bekhasanovning ma’lum qilishicha, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun maxsus ishchi guruhlar tuzilgan.
Hozirda tegishli tashkilotlar tomonidan bog‘chalarda gigiyena, infratuzilma va xavfsizlik talablarini tiklash ishlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!