22:28 / 08.02.2017
5 563

Bir yo‘la 24 ta «til» yoxud razvedkachi o‘zbek o‘g‘lonining betakror qahramonligi

Bir yo‘la 24 ta «til» yoxud razvedkachi o‘zbek o‘g‘lonining betakror qahramonligi

Kattaqo‘rg‘on shahridagi Forobiy ko‘chasi, 139-uyda Ikkinchi jahon urushi faxriysi, 94 yoshli Rashid ota Ochilov istiqomat qiladi. Piru badavlat, yuz bilan yuzlashayotgan bu otaxon hamon tetik va bardam. Xotira va qadrlash kuni arafasida uning holidan xabar olish hamda Prezidentimiz nomidan «Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 70 yilligi» esdalik yubiley medali va bir martalik pul mukofotini tantanali ravishda topshirish maqsadida bu xonadonga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda harbiy xizmatchilar tashrif buyurishdi. Mehmonlarni ochiq chehra bilan qarshi olgan Rashid ota bir piyola choy ustidagi iliq suhbat chog‘ida bizga front haqidagi xotiralaridan so‘zlab berdi.

– 1942 yilning 1 sentyabrida urushga chaqirilganman, – dedi Rashid ota o‘ychan. – Ungacha Sverdlovsk viloyatining Nijniy Tagil shaharchasida joylashgan, front uchun qiruvchi samolyotlar ishlab chiqaradigan zavodda mehnat qilardim. Kalinin viloyatining Novosela qishlog‘ida ilk bor jangga kirdim. Bizga hujumga o‘tish haqida buyruq berishdi. Qishloqni fashist gazandalaridan tozalab, mustahkam o‘rnashib oldik…

Shu tariqa ulkan muhorabada qatnashayotgan o‘zbek o‘g‘loni qaqshatqich janglarda ko‘p bor o‘zini ko‘rsatdi. 1943 yil uni razvedkachilikka o‘tkazishdi. Ma’lumki, razvedkachidan kuchli, chaqqon, mahoratli, jasur va salohiyatli bo‘lish talab etiladi. Bularning barchasi o‘zida mujassam ekanini Rashid Ochilov fidoyi xizmatlari bilan amalda bir necha marta isbotladi. Muhorabalarda 4 marta yaralandi, tuzalib chiqqach, yana urushga qaytdi. Ayniqsa, razvedkachi sifatida u keltirgan ma’lumotlar harakatdagi armiya qo‘shinlarining noma’lum hududlardan betalafot va beziyon o‘tib olishlarida hamda zarur taktik usul qo‘llashda juda asqotdi. Ana shunday kuzatuv ishlarini olib borayotgan kezlaridan birida uning qarshisidan 25 ta fashist chiqib qoldi. Dovyurak o‘g‘lon o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi, aksincha sherday vahshat solib dushmanlarga tashlandi va barchasini qo‘lga oldi. Bu haqda uning o‘zi shunday eslaydi:

– Germaniya hududiga kirib borgach, biz razvedkachilarni hududni o‘rganish, jumladan, qalin o‘rmon, botqoqlik, daryo-ko‘l kabi tabiiy-geografik va minalashtirilgan yoki minalashtirilishi mumkin bo‘lgan sun’iy to‘siqlarni aniqlash, qaysi joyda aviasiya va artilleriyadan foydalanish, qaysi joyda zirhli texnikalarni qo‘llash ma’qul, shuningdek, piyoda qo‘shinlarning harakatlanishi uchun qulay yo‘nalishlarni aniqlash, shu bilan birga «til» ham tutib kelish uchun jo‘natardi, – deydi u. – Shunday kunlarning birida bizni samolyotda front chizig‘i tepasidan dushmanning ortiga olib o‘tishdi va parashyutda har 50–60 kilometr masofaga bittadan razvedkachini tashlab chiqishdi. Ortga ma’lumot to‘plab qaytishimiz va dushmanga sezdirmasdan o‘zimiz tomonga o‘tib olishimiz kerak. Tiriklayin qo‘lga tushish aslo mumkin emas. Nihoyat, front chizig‘iga yaqinlashganimda kutilmaganda o‘rmon ichida bir gala fashist askarlariga duch kelsam deng. Bekinishga sira imkoniyat yo‘q, darhol pozisiya egallab jangga shaylandim. Dushmanlar gir atrofimdan qurshab siqib kela boshladi-yu, ammo negadir o‘t ochmadi. Tiriklayin qo‘lga olmoqchi, deya o‘yladim. Shunda bittasi allanimalar deya so‘kingancha qurolini erga tashlab, tikka pozisiya egallab turgan joyimga bostirib kelaverdi. Nazarimda, mard bo‘lsang maydonga chiq, ochiqchasiga kurashamiz, deyayotgandek edi. Chapaniligim tutib ketdi va men ham qurolimni erga qo‘yib sakrab chiqdim. Qarang, qurolsiz odamni otishga istihola qilibman. Haligi dushman yaqinlashdi va pichoq bilan hujumga o‘tdi. Pichog‘ini qaytarib, bo‘yniga mushtim bilan juda qattiq zarba berdim. Fashist yiqildi va o‘rnidan turolmay qoldi. Shakar tomiri uzilib ketgan ekan chamamda, bir ozdan so‘ng tinchidi.

– Bormi yana marding!? – Ko‘ksimga mushtlab hayqirdim dushmanlarga qarata. – Chiq, mana, men tayyor!

Qarshi tomon jim, hatto ovoz chiqarmay qolishgandi. Ularga yaxshigina qo‘rquv solganimni tushundim. Shu bilan birga sezdimki, ularning o‘qlari tugagan. Aks holda meni allaqachon asfalasofilinga jo‘natgan bo‘lishardi. Fursatni boy bermay qo‘limga qurolimni olib, olg‘a qadam tashladim. Shunday qilib, bir ozdan so‘ng to‘liq qurolsizlantirilgan 24 ta dushman mening qarshimda tiz cho‘kib turardi. Barchasini oldimga solib haydab keldim. Buni ko‘rib o‘zimiznikilar juda hayron qolishdi. Ammo barchasini o‘zlari ko‘rib, guvoh bo‘lib turishgani uchun hayron qolishga asos ham yo‘q edi. Komandirimiz starshinaga darrov meni suratga olishni buyurdi. O‘sha suratni hamon asrayman.

Rashid ota shunday deya sarg‘ayib ketgan bir suratni menga uzatdi. Uni olib qaradim. Rostdan ham tiz cho‘kib turgan 24 asirning qarshisida qoraqosh va qorako‘z yoshgina o‘zbek o‘g‘loni jilmayib turardi.

– Biz shaxsiy tarkibga Rashid otaning jasoratini har doim o‘rnak qilib ko‘rsatamiz, ana shunday o‘ziga ishonch va qat’iyat yuqori bo‘lsa, kishi ko‘p narsaga qodir bo‘lishini ularga tushuntiramiz. Harbiy xizmatchilar bilan o‘tkaziladigan uchrashuv va tadbirlarda ota ham yoshlarga juda ko‘p ibratli nasihatlar qiladi, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatadi. Rashid ota kabi faxriylarimiz – bizning faxrimiz, – deydi harbiy qism komandiri podpolkovnik Oybek Boboniyozov.

Rashid otaning hikoyasini tinglab, Sohibqiron bobomiz Amir Temur «Tuzuklari»dagi quyidagi satrlar yodimga keldi: «Tajribamda ko‘rilgankim, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, jang ko‘rgan, mard, shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir. Chunki tajribali bir kishi minglab kishiga ish buyuradi.

Men yana tajribamda ko‘rdimki, g‘anim lashkarlarini engish qo‘shinning ko‘pligi bilan emas, mag‘lub bo‘lish esa sipohning kamligidan bo‘lmaydi. Balki g‘olib bo‘lmoqlik (Tangrining) madadi va bandasining tadbiri bilandir. Chunonchi, men kengashib va tadbir yuritgan holda ikki yuz qirq uch kishi bilan Qarshi qal’asi ustiga yurdim. Amir Muso va Malik bahodir o‘n ikki ming otliq askar bilan qal’a va uning atrofini qo‘riqlamoqda edilar. Lekin Tangri taoloning yordami etib, o‘zim qo‘llagan to‘g‘ri tadbirlarim orqali Qarshi qal’asini egalladim».

Zarur vaziyatda to‘g‘ri tadbir qo‘llagan, jang ko‘rgan va tajribali Rashid ota ham shu tariqa zafarga erishgan-da.

Bugun Rashid bobo 5 farzandning otasi, 30 dan ortiq nevara va chevaraning sevimli bobosi. Mahalla-ko‘y va qo‘ni-qo‘shnilar bilan inoq. Har tong duoga qo‘l ochganida yurtda tinchlik va obodlik bardavom bo‘lishini tilaydi. Biz bilan xayrlashar ekan, «Ilohim biz ko‘rganlarni sizlar ko‘rmanglar, bolalarim, Vatanimiz osoyishta va farovon bo‘lsin», deya yuziga fotiha tortdi.

Yoshin Hakimov

Manba: Tafsilot.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bir yo‘la 24 ta «til» yoxud razvedkachi o‘zbek o‘g‘lonining betakror qahramonligi