O‘zbekistonda 2,4 ming gektarlik “Farg‘ona” turizm zonasi tashkil etiladi

Farg‘ona viloyatida “Farg‘ona” nomli yangi turistik-rekreatsion hudud barpo etiladi. Bu bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyev tegishli qarorni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, umumiy maydoni 2 396 gektar bo‘lgan turizm zonasi 30 yil muddatga tashkil etilib, keyinchalik uning amal qilish muddati uzaytirilishi mumkin.
Farg‘ona tumanidagi “Vodil” agroturistik klasteri ham bosqichma-bosqich to‘laqonli sayyohlik maskaniga aylantiriladi. Malina yetishtiriladigan plantatsiyalar hududida turistlarni qabul qilish hamda tadbirkorlar faoliyati uchun yengil konstruksiyalardan iborat infratuzilma obyektlari qurilishi rejalashtirilgan.
2026–2027 yillarda esa Yozyovon tumanida “Markaziy Farg‘ona” suv ombori atrofida turistik xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda. Mazkur ishlar natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Shuningdek, Farg‘ona tumanidagi “Sanoat” va “Hosilot” mahallalarida xorij tajribasiga tayangan holda agroturizm yo‘nalishi rivojlantiriladi: malina plantatsiyalari tashkil etilib, sovitkich omborlari hamda mahsulotni chuqur qayta ishlash sexlari bunyod etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!