Samarqandda 15 yoshli bola uylandimi: rost-yolg‘on aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida go‘yoki 15 yoshli bola uylangani haqidagi videolar keng tarqalib, ko‘pchilikda savol va xavotir uyg‘otdi. Mazkur holat bo‘yicha Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili — Bolalar ombudsmani rasmiy munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, internetda tarqalgan videoni Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida yashovchi fuqaro N.A. (1983 yilda tug‘ilgan erkak) ijtimoiy tarmoqqa joylagan. Videodagi dastlabki kadrlar 2025 yil noyabr oyida Pastdarg‘om tumanidagi to‘yxonalardan birida bo‘lib o‘tgan to‘y marosimi vaqtida tasvirga olingan.
Biroq rolikning keyingi qismi — ya’ni sahnada kelin-kuyov sifatida o‘tirgan voyaga yetmaganlar aks etgan kadrlar tumanning boshqa to‘yxonasida suratga olingani ma’lum bo‘ldi. Eng muhimi, Bolalar ombudsmani ma’lumotida qayd etilishicha, bolalar ko‘ringan videokadr olingan maskanda umuman hech qanday to‘y bo‘lmagan.
Ma’lum qilinishicha, N.A. ikkala tasvirni birlashtirib, yagona videorolik ko‘rinishida tayyorlagan va uni ijtimoiy tarmoqlarda obunachilar sonini ko‘paytirish maqsadida tarqatgani aniqlangan. Ya’ni, videoda “to‘y” voqeasi bordek ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, voqelikda u montaj orqali yasalgan.
Hozirda holat yuzasidan Pastdarg‘om tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Fuqaro N.A.ning harakatlariga huquqiy baho berilishi, ko‘rilgan qonuniy choralar haqida qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi bildirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!