Yong‘in fojiasi ortidan Krans-Montana Olimpiadaga kiritildi

Yangi yil arafasida yuz bergan dahshatli yong‘in sabab 40 kishi hayotdan ko‘z yumgan Shveysariyaning Krans-Montana tog‘-chang‘i kurorti yana kun tartibiga chiqdi — bu safar sport yangiligi bilan. Mahalliy OAVlarga ko‘ra, Krans-Montana 2038 yilgi Qishki Olimpiada o‘yinlarining potensial mezbon joylaridan biri sifatida ko‘rsatilgan.
RTS va boshqa manbalar xabarida aytilishicha, “Switzerland 2038” tashabbusi doirasida mezbonlik joylari ro‘yxati e’lon qilingan. Unda fransuz tilida so‘zlashuvchi hududdan Lozanna, Jeneva va Krans-Montana tanlangan. Qolgan manzillar qatorida Engelberg, Syurix, Sug (Zug), Lugano, Lenzerhayde (Lenzerheide) va Sankt-Moris (St. Moritz) ham bor.
Loyiha “bitta shahar” emas, butun mamlakat bo‘ylab tarqoq (decentralized) modelga tayanishi bilan ajralib turadi: musobaqalarni mavjud infratuzilmalar asosida o‘tkazib, yangi qurilishlarni imkon qadar kamaytirish g‘oyasi ilgari surilmoqda.
Tashabbus ortida “Switzerland 2038” assotsiatsiyasi turibdi. Swissinfo xabarida reja bo‘yicha ochilish marosimi uchun Lozanna, yopilish marosimi uchun esa Bern varianti ham ko‘rib chiqilayotgani qayd etilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!