date

Kongressga Grenlandiyani AQSHga qo‘shish loyihasi kiritildi

Kongressga Grenlandiyani AQSHga qo‘shish loyihasi kiritildi

Respublikachi kongressmen Rendi Fayn AQSH Kongressiga Grenlandiyani AQSH tarkibiga qo‘shib olish va unga shtat maqomini berishga doir qonun loyihasini taqdim etdi. Uning bayonotida aytilishicha, tashabbus orolni anneksiya qilish masalasini ham, uni sotib olish imkoniyatini ham huquqiy jihatdan muhokama maydoniga olib chiqadi.

Fayn o‘z taklifini Arktikadagi geosiyosiy vaziyat keskinlashayotgani bilan izohladi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya va Xitoy mintaqada ishtirokini «tajovuzkorona» tarzda kengaytirmoqda, bu esa Vashingtonning xavfsizlik va strategik manfaatlariga bosimni oshiradi.

Kongressmenning fikricha, Grenlandiya kimning nazoratida bo‘lsa, o‘sha Arktika dengiz yo‘llari ustidan ta’sirga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, AQSHni himoya qilishga xizmat qiladigan xavfsizlik tizimi ham katta darajada shu hudud bilan bog‘liq, degan qarash ilgari surildi.

Fayn bayonotida Amerika bu kabi muhim yo‘nalishni «qadriyatlarimizdan nafratlanadigan va xavfsizligimizni shubha ostiga qo‘ymoqchi bo‘lgan rejimlar» ixtiyorida qoldirolmasligi aytilgan. Uningcha, mazkur qonun loyihasi aynan shu xavflarni kamaytirishga qaratilgan huquqiy qadam bo‘ladi.

Agar qonun qabul qilinsa, AQSH prezidenti Donald Trampga orolni anneksiya qilish yoki sotib olish uchun zarur deb topilgan harakatlarni amalga oshirish imkoni beriladi. Shu bilan birga, hujjat talabiga ko‘ra, prezident bu yo‘lda kerak bo‘ladigan tuzatishlar va rejalar haqida Kongressga hisobot taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Grenlandiya hududi 2 166 000 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Agar u AQSHning 51-shtatiga aylansa, maydoni bo‘yicha mamlakatdagi eng katta shtatga aylanishi mumkin. Solishtirish uchun, hozirgi eng yirik shtat hisoblangan Alyaska maydoni 1 723 000 kvadrat kilometrdir.

Grenlandiya Daniya qirolligi tarkibiga kiradi. 1953 yilga qadar u Daniyaning mustamlakasi hisoblangan, 2009 yilda esa o‘zini o‘zi boshqarish huquqi kengayib, ichki siyosat masalalarini mustaqil belgilash imkoniyatini bergan muxtoriyat maqomini olgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Kongressga Grenlandiyani AQSHga qo‘shish loyihasi kiritildi