O‘zbekiston bank sektori 2025 yilni 13,5 trln so‘m sof foyda bilan yakunladi

O‘zbekiston bank tizimi 2025 yil yakunida 13,5 trln so‘m sof foyda ko‘rsatdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) reytingiga ko‘ra, bu natija bir yil avvalgidan 57% yuqori. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Markaz 2025 yil IV choragi bo‘yicha «Banklar faolligi indeksi»ni e’lon qildi. Unda 35 ta tijorat banki — 20 ta yirik va 15 ta kichik bank faoliyati qamrab olinib, baholash 27 ta ko‘rsatkich asosida milliy hamda xalqaro mezonlar, jumladan Bazel qo‘mitasi talablariga uyg‘un tarzda shakllantirilgan.
Chorak yakunlariga ko‘ra, banklarning jami aktivlari 892,9 trln so‘mni (74,2 mlrd dollar), majburiyatlari esa 759,8 trln so‘mni (63,1 mlrd dollar) tashkil etdi. Kreditlash hajmi 13% ga oshgan bo‘lsa, depozitlar 31% ga ko‘paydi — bu aholi va biznesning bank tizimiga ishonchi kuchayayotganidan dalolat beradi.
Shuningdek, valyuta operatsiyalari ulushi qisqargani milliy valyutaning mustahkamlanishi bilan izohlanmoqda. Muammoli kreditlar ulushi 4,3% dan 3,5% gacha kamaydi, kapital yetarliligi darajasi esa me’yorlardan 1,4 baravardan ortiq bo‘lib, sektor barqarorligini tasdiqladi.
Yirik banklar reytingida faollik bo‘yicha yetakchilar qatoridan Kapitalbank, Trastbank, Hamkorbank, Asia Alliance Bank va Ipak Yo‘li Bank joy oldi. Eng sezilarli o‘sishni SQB ko‘rsatib, uch pog‘onaga ko‘tarildi, Invest Finance Bank hamda Aloqa bank esa o‘z pozitsiyalarini yo‘qotdi.
Kichik banklar orasida top-5 talikka Universalbank, TBC, Octobank, Hayot bank va Poytaxt bank kirdi. Universalbank yetakchilikni saqlab qoldi, Apex bank esa reytingda birdaniga uch pog‘onaga yuqoriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!