Uch yoshgacha bolasi borlarga: ish vaqti kamayadi, maosh to‘liq to‘lanadi

Mehnat kodeksida bolali oilalar uchun muhim mehnat kafolatlari aniq belgilab qo‘yilgan. Ayniqsa, byudjet tashkilotlarda ishlaydigan ota-onalar (vasiylar) uchun bu normalar ish va oila o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga xizmat qiladi.
Eng asosiy qoida shu: 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor byudjet tashkilot xodimlaridan biriga haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan ish vaqti belgilanadi. Muhimi — bu qisqartirish maoshga ta’sir qilmaydi. Ya’ni ish vaqti kamaysa ham, ish haqi to‘liq ish vaqtidagi miqdorda to‘lanadi.
Qonunchilikda belgilangan yana bir kafolat — homilador ayollar va kichik yoshli bolasi bor ota-onalarning huquqlari. Agar homilador ayol yoki 14 yoshga to‘lmagan bolasi bor (yoxud 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bor) ota-onadan biri to‘liqsiz ish vaqti so‘rasa, ish beruvchi bu iltimosni rad eta olmaydi. Buning uchun tibbiy xulosa asos bo‘ladi va ish beruvchi to‘liqsiz ish rejimi belgilashi shart hisoblanadi.
Shuningdek, 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan ota-onadan biriga har oy qo‘shimcha bir dam olish kuni berilishi ham nazarda tutilgan. Bu kun “shunchaki ta’til” emas: uning uchun davlat ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan bir kunlik ish haqi miqdorida nafaqa to‘lanadi.
Xulosa qilib aytganda, bu kafolatlar bolali oilalarga “ikki frontda” ham yotib qolmasdan yashash imkonini beradi: ish ham yuradi, oila ham e’tiborsiz qolmaydi. Eng to‘g‘risi — o‘z huquqingizni bilib qo‘ying, chunki bu yerda “iltimos” emas, qonun ishlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!