Jamoatchilik Solovyovning tahdidli chiqishiga keskin munosabat bildirdi

Rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyovning navbatdagi ko‘rsatuvida postsovet davlatlarida ham «harbiy amaliyotlar» o‘tkazish mumkinligi haqidagi da’vosi o‘zbekistonlik ekspertlar va faollarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi. Jamoatchilik vakillari buni nafaqat tahdid, balki mamlakat suverenitetiga ochiqdan ochiq hujum sifatida baholamoqda.
«Mushtumzo‘rning alamini tinch odamlardan olishi»
Taniqli iqtisodchi Otabek Bakirov Solovyovning bu chiqishini majoziy ma’noda «qimorbozlardan kaltak yegan mushtumzo‘rning alamini yo‘lda tinch ketayotgan begunoh odamlardan olishi»ga qiyosladi. Ekspertning fikricha, Markaziy Osiyo mamlakatlari bunday po‘pisalarga nisbatan jim turmasligi va birlashgan holda rasmiy nota berishi lozim.
«Persona non grata» e’lon qilish taklifi
Jurnalist Ilyos Safarov bu bayonotlarni shunchaki «reyting ortidan quvish» (hayp) emas, balki Rossiya mafkuraviy mashinasining eng tajovuzkor yo‘nalishini ko‘rsatuvchi siyosiy signal deb atadi. U O‘zbekistonda mavjud qonunchilikka asoslanib, Vladimir Solovyovni mamlakatga kirishi taqiqlangan shaxslar — «persona non grata» ro‘yxatiga kiritishni taklif qildi.
TIVdan keskin javob kutilmoqda
Jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev Solovyovning so‘zlarini ochiq tahdid deb baholadi. U O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligini ushbu holat bo‘yicha sukut saqlamay, qat’iy va keskin munosabat bildirishga chaqirdi. Uning fikricha, milliy manfaatlar va mustaqillik masalasida murosasiz bo‘lish shart.
«O‘z uyimizni birgalikda himoya qilamiz»
Jurnalist va faol Nikita Makarenko dunyoda faqat Rossiya ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston suverenitetiga nisbatan bunday hurmatsizlik kuzatilayotganiga e’tibor qaratdi. U rus tilida so‘zlashuvchi vatandoshlarni mustamlakachilik g‘oyalaridan uzoq bo‘lishga chaqirdi:
«O‘zbekistonning rus tilli aholisi tinch va suveren Vatan g‘oyasi atrofida jipslashishi kerak. Biz hech qanday „xo‘jayinlar“siz o‘z mustaqil hayotimizni qurishimiz va o‘z uyimiz — O‘zbekistonni himoya qilishimiz shart».
Makarenko, shuningdek, axborot xurujlariga qarshi kurashda Ozarbayjon tajribasini misol qilib keltirdi.
Sizningcha, xorijiy propagandachilarning bunday bayonotlariga nisbatan eng samarali javob qanday bo‘lishi kerak: rasmiy notami yoki axborot blokirovkasi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!