Oʻzbekiston futbol kubogi formati oʻzgartirildi

Oʻzbekiston Professional futbol ligasi mamlakat kubogi musobaqasini oʻtkazish tartibi yangilanganini maʼlum qildi. Qayd etilishicha, qaror Oʻzbekiston terma jamoasining 2026 yilgi jahon chempionati bilan bogʻliq rejalarini, shuningdek, may oyiga moʻljallangan yigʻinlarni inobatga olgan holda qabul qilingan. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Yangi formatga koʻra, turnir ishtirokchilari bir necha “savat”ga ajratiladi. Birinchi savatga oʻtgan mavsum Superligada 1–8-oʻrinlarni egallagan klublar kiritiladi. Ikkinchi savatni 9–15-oʻrinlarda yakunlagan jamoalar tashkil etadi. Pro liga va Birinchi liga klublari esa quyi savatlardan joy oladi.
PFL birinchi savatdagi jamoalar uchun qoʻshimcha murakkabliklar yuzaga kelishi mumkinligini ham taʼkidladi. May oyidagi terma jamoa yigʻini hamda JCH–2026ga tayyorgarlik doirasida ushbu klublar futbolchilari terma jamoaga chaqirilishi ehtimoli yuqori, bu esa kubok o‘yinlari natijalariga taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Shuningdek, Oʻzbekiston kubogining pley-off bosqichi — yarim final va final uchrashuvlari — markazlashgan formatda oʻtkaziladi. Bu klublarga hal qiluvchi o‘yinlarning aniq sanasi va manzilini oldindan bilish imkonini beradi.
PFLga ko‘ra, kiritilgan o‘zgarishlar xalqaro taqvim va milliy terma jamoa manfaatlarini hisobga olgan holda musobaqani samaraliroq tashkil etishga qaratilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!