07:10 / 22.05.2017
9 742

Dunyo demografiyasi: bizni nimalar kutmoqda?

Dunyo demografiyasi: bizni nimalar kutmoqda?
So‘nggi 55 yil ichida sayyoramiz aholisi ikki baravardan ortiqqa ko‘paydi va BMT hisob-kitoblariga ko‘ra kelgusi 11-12 yil ichida aholi ko‘payishining yangi to‘lqini yuz berishi va 2050 yilga borib dunyo aholisi soni 9,6 milliardga etishi kutilmoqda. Bu esa energetika zaxiralariyu chuchuk suv manbalarining nihoyatda ozayishiga olib kelishi mumkin. Biroq so‘nggi o‘n yillikda nafaqat G‘arbda, balki Osiyoning rviojlanayotgan mamlakatlarida ham tug‘ilishning kamayayotgani kuzatilmoqda. Mazkur holat ayrim ekspertlarning aholi haddan ziyod ko‘payib ketishi haqidagi gap-so‘zlarga shubha bilan qaray boshlashiga sabab bo‘ldi.

1804 yili dunyoda 1 milliardan sal ko‘proq aholi istiqomat qilar edi, 1927 yilga kelib esa bu raqam 2 milliardga etdi. Shundan keyin tug‘ilish sur’ati jadal ildamladi: 1959 yilda aholi soni 3 milliardga, 1974 yilda esa 4 milliardga etib oldi. 1987 yilga kelib sayyoramiz o‘z bag‘riga 5 milliard, 1998 yilda esa 6 milliard odamni sig‘dirdi. Atigi 15 yildan keyin esa aholi soni 7,2 millardni tashkil qildi. Ekspertlar tashvishda: aholi soni shu taxlit ko‘payaversa, Er yuzida odamzodning risoladagidek hayot kechirishi uchun resurslar etmay qoladi. BMT o‘tkazgan tadqiqot ekspertlarning 95 foizi ana shunday fikrda ekanini ko‘rsatdi.

Aholi soni 2050 yilda 9,6 milliardga, 2100 yilda esa 10,9 milliardga etishi kutilmoqda, bu esa asrimiz oxirlariga borib odamlarning taxminan 20 foizi oziq-ovqat va chuchuk suv tanqisligidan qiynalishini anglatadi. Xalqaro suv resurslari boshqaruvi institutining xulosasasi esa yaqin yillarga oid: 2025 yildayoq 1,8 milliard odam chuchuk suv etishmaydigan joylarda istiqomat qilayotgan bo‘ladi.

Aholi sonining ko‘payishi haqida aytilayotgan raqamlar ko‘proq yoki kamroq bo‘lishi mumkin, albatta. Bu tug‘ilishni nazorat qiluvchi vositalardan foydalanish imkoniyati, go‘daklar o‘limi va o‘rtacha umr davomiyligi kabi omillarga bog‘liq. Darvoqe, 1950 yilda odamlar o‘rtacha 48 yil umr kechirgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 69 yilni tashkil etmoqda.

AQShning Aholishunoslik muammolari bo‘ychi byurosi ma’lumotiga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlarda 1,2 milliard kishi, kamroq rivojlangan davlatlarda esa 5,9 milliard kishi yashamoqda. 2050 yilga borib bu nisbat quyidagicha ko‘rinish oladi: 1,3 milliard va 8,4 milliard. Shunday qilib, 2050 yilda aholining taxminan 86 foizi rivojlanayotgan mamlakatlar va uchinchi dunyo o‘lkalarida yashayotgan bo‘ladi.

Aynan nochor davlatlarda tug‘ilish darajasi yuqori ekanini ko‘rish mumkin. Masalan, Burundi va Uganda kabi Afrika mamlakatlari aholi arang kun kechirsa-da, bu erlarda tug‘ilish ko‘p. Hozir bu mintaqada 900 million aholi istiqomat qilmoqda, 40 yildan keyin esa mazkur raqam 2 milliardni tashkil etadi. Afrika mamlakatlari hukumatlarining anchaginasi aholini ish o‘rinlari va tegishli ijtimoiy muhofaza bilan ta’minlay olmasligini nazarda tutsak, qashshoqlik bilan bog‘liq vaziyat yanada keskinlashishini anglash mumkin.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, urbanizasiya – shaharlashuv jarayoni sur’ati jadal ekanini ham nazardan soqit qilmaslik kerak: 2050 yilga borib shaharlar hududi uch baravarga kattalashadi. Boshqacha aytganda, hozir qishloq xo‘jaligida ishlatilayotgan erlarning 10-15 foizi shaharlar ixtiyoriga o‘tadi. Demakki, ekin maydonlari qisqarishi kutilmoqda.

“Fermer xo‘jaliklari asrimiz o‘rtalariga borib qo‘shimcha 2,4 milliard yoki asr oxirida 4 milliard ko‘proq odamni ham boqa oladimi-yo‘qmi, buni hech kim bilmaydi. Fermerlar hozirning o‘zida mahsulot etishtirishni ko‘paytirishga qiynalishmoqda, kelajakda esa ekin maydonlarining qisqarishi, tuproq sifatining pasayishi, suv tanqisligi, o‘g‘itlar va yonilg‘ining qimmatlashishi, iqlim o‘zgarishi kabi omillar vaziyatni battar og‘irlashtiradi”, – deydi Vashingtonda joylashgan Aholishunoslik instituti prezidenti Robert Uolker.

Ko‘pgina davlatlar aholi sonining o‘sish sur’ati, kelajakda odamlarni ish va o‘qish o‘rinlari, oziq-ovqat va turar joy bilan ta’minlash masalasi og‘irlashishidan tashvishda. Shuning uchun ham XX asr oxirlarida rivojlanayotgan mamlakatlarning ba’zilari tug‘ilishni nazorat qilish bo‘yicha davlat dasturlarini qabul qila boshlashdi. Bunday dasturlar kutilgan natijani berdi, endi esa davlatlarni tug‘ilishning keskin kamayib ketgani va aholining tobora qarib borayotgani xavotirga solyapti. Masalan, Xitoyda 1970-yillarda bir onaga 5-6 farzanda to‘g‘ri kelar edi, endi esa 1,5 farzand to‘g‘ri kelyapti. Bu hukumatning “bir oilaga – bir farzand” siyosatining natijasidir. Bunday siyosat shaharlik oilalarga faqatgina bitta, qishloqlik oilalarga esa ko‘pi bilan ikkita farzand ko‘rishga ruxsat beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Xitoyda 1979 yildan beri abortlar va sterilizasiya tufayli qariyb 400 ming bola tug‘ilmay qolgan. Davlat dasturlari oqibatida tug‘ilishning keskin kamayishi Eron, Hindiston va Peruda ham kuzatildi.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasida aholi o‘sishini barqarorlashtirish tufayli to‘yib ovqat emaydiganlar soni 23,7 foizdan 13,9 foizgna kamaydi, shuningdek, ta’lim, yashash va sog‘liqni saqlash xizmati sifati ortdi.

Sayyoramiz aholisi hozir ham ko‘paymoqda, lekin ko‘payish sur’ati sekinlashgan. Demograflarning aytishicha, hozir Hindistonda bir ayolga 2,6 farzand to‘g‘ri kelayotgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 2,1ga, 2035 yilda esa 1,8ga tushib qoladi. Afrikaning ayrim hududlarini hisobga olmaganda, boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarda ham xuddi shunday manzaraga guvoh bo‘lish mumkin. Evropa va Lotin Amerikasi aholisi esa tobora qarib borishi kutilmoqda. Masalan, 1980 yilda G‘arbiy Evropada o‘rtacha yosh 34 edi, 2030 yilda 47 yosh bo‘ladi, bu o‘z navbatida mehnatga layoqatlilar sonining kamayishini anglatadi. Umuman olganda esa 2050 yilga borib

Evropa aholisi 14 millionga ozayadi. Evropada aholining tabiiy ko‘payishi bilan bog‘liq vaziyat chindan ham og‘ir.

Aholining o‘sish sur’ati nafaqat Evropa, balki deyarli hamma joyda kuzatiladi. Evropaning ko‘pgina va Osiyoning ayrim mamlaktlarida aholi qarib bormoqda. Masalan, Yaponiyada demografik pasayish oxirgi yigirma yildan beri davom etmoqda. Bu tug‘ilishining kamayish va aholi sonining qisqarishi oqibatidir. Kelgusi o‘n yilliklarda Yaponiya aholisi qanchalik tez qarigani sari vaziyat shunchalik murakkablashib boraveradi. Tug‘ilishning kamayishi iqtisodiy inqiroz tufayli kuchayishi aytilsa-da, mutaxassislarning fikricha, bu asosiy sabab emas. Aslida davlat rivojlanib borgani va farovonlik ortgani sayin fertillik (farzand dunyoga keltirish) pasayib boraveradi. Hayot sifati yaxshilanadi, umr davomiyligi uzayadi, o‘lim darajasi esa kamayadi.

Shundan keyin odatda tug‘ilish darajasida ham pasayishi kuzatiladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Afrikada fertillikning yuqori darajada bo‘lishi bu qit’ada o‘lim darajasi haligacha yuqori ekani bilan bog‘liq.

BMTning aholi ko‘payishi haqidagi taxminlariga mubolag‘a aralashgan bo‘lish ehtimoli ham yo‘q emas. Aytaylik, Germaniyaning Deutsche Bank tahlilchilari aholining o‘sish sur’ati BMT ekspertlari prognoz qilganichalik bo‘lmasligini aytishmoqda. Ularning fikricha, kelgusi bir necha o‘n yillikda aholi soni ko‘payishda davom etishi mumkin, biroq bu tug‘ilish bilan emas, umr davomiyligining ortishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Deutsche Bank tahlilchilari sayoramiz aholisi 2055 yilda 8,7 milliardga etishini, asrimiz oxirida esa 8 milliardga tushib qolishini aytishmoqda.

“Aholining haddan ziyod ko‘payishi bilan bog‘liq gaplar afsonadan boshqa narsa emas. Aholining keskin ko‘payishiga ishonadiganlarning aksariyati shaharlarda, ya’ni odamlar ko‘p yig‘ilgan joylarda yashaydi. Odamlar to‘lib-toshgan ko‘chalar muayyan makonga xos, xolos. Dunyoda bo‘sh yotgan joylar hali ancha ko‘p. Masalan, Rossiyada”, – deydi AQShning Aholishunoslik tadqiqotlarni instituti prezidenti Stiven Mosher.

Manba: hilol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Dunyo demografiyasi: bizni nimalar kutmoqda?