date

Britaniya qiruvchi samolyotlari Polshani Rossiya tahdididan himoya qiladi

Britaniya qiruvchi samolyotlari Polshani Rossiya tahdididan himoya qiladi

Buyuk Britaniya qirollik harbiy-havo kuchlariga qarashli Typhoon qiruvchi samolyotlari NATOning «Sharqiy qo‘riqchi» deb nomlangan muhim operatsiyasi doirasida Polsha havo hududini qo‘riqlash missiyasida ishtirok etadi. Ularga yuklatilgan asosiy vazifa — Rossiya havodan kelayotgan tahdidlariga, shu jumladan uchuvchisiz apparatlariga qarshi turishdan iborat. Bu haqda Buyuk Britaniya hukumati 15 sentyabr, dushanba kuni tarqatgan rasmiy bayonotda ma’lum qilindi.

Bayonotda ta’kidlanishicha, Britaniya qirollik havo kuchlari NATOning sharqiy qanotini mustahkamlashda Germaniya, Daniya va Fransiya harbiy-havo kuchlari bilan hamkorlikda harakat qiladi. Bu qadam «Rossiya uchuvchisiz uchoqlari tomonidan Polsha suveren havo hududining ehtiyotsiz va xavfli tarzda buzilishi» hamda 13-sentyabr kuni Ruminiya havo makonida qayd etilgan shunga o‘xshash voqealardan so‘ng e’lon qilindi. NATO bu holatlarni havo hududi buzilishi bo‘yicha eng jiddiy voqealardan biri sifatida baholamoqda.

Ma’lum qilinishicha, Britaniyaning Typhoon qiruvchilari Linkolnshirdagi Koningsbi harbiy bazasida joylashtiriladi va yaqin kunlarda Polsha havosi ustidan patrul parvozlarini boshlaydi. Ularga Oksfordshirda joylashgan Brayz-Norton aviabazasidan Voyager yonilg‘i to‘ldiruvchi samolyotlari hamda maxsus logistika guruhlari xizmat ko‘rsatadi.

Bu missiya nafaqat Polsha, balki butun NATO havo hududi xavfsizligini ta’minlash, Rossiyadan kelayotgan ehtimoliy xavflarni bartaraf etish va ittifoqdoshlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish yo‘lida muhim qadam sifatida ko‘rilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniya qiruvchi samolyotlari Polshani Rossiya tahdididan himoya qiladi