date

Qozog‘istonda o‘zbek kompaniyalari soni 56 foizga ko‘paydi

Qozog‘istonda o‘zbek kompaniyalari soni 56 foizga ko‘paydi

Qozog‘iston xorijiy sarmoya uchun hamon eng qiziqarli yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Zakon.kz nashrining ma’lum qilishicha, mamlakatda xorijiy mulkdorlikka ega yuridik shaxslar va chet el kompaniyalarining filiallari soni yil davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 foizga o‘sgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan xorijiy va qo‘shma korxonalarning umumiy soni 74 mingdan oshib ketgan. Bu 2024 yil oktyabr oyida qayd etilgan 59 mingdan ziyod ko‘rsatkichga nisbatan ancha katta o‘sish hisoblanadi.

Mutaxassislar fikricha, mamlakatning geografik yaqinligi va iqtisodiy hamkorlik aloqalari xorijiy sarmoyadorlar uchun asosiy omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan va hozirda ishlayotgan chet el kompaniyalari soni quyidagicha taqsimlangan:

  • Rossiya: 23 105 ta ro‘yxatdan o‘tgan, ularning 17 496 tasi faol;

  • O‘zbekiston: 7 190 (5 473 faol);

  • Xitoy: 6 790 (4 950);

  • Turkiya: 5 236 (3 344);

  • Qirg‘iziston: 3 110 (1 943);

  • Ozarbayjon: 1 612 (1 172);

  • Ukraina: 1 298 (895);

  • Germaniya: 964 (736);

  • Belarus: 914 (731).

Manbalarga ko‘ra, investitsiya oqimlarining tarkibida o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Masalan, Rossiya va Turkiya kompaniyalari soni biroz pasaygan: rossiyaliklar 23 533 tadan 23 105 taga, turklar esa 5 444 tadan 5 236 taga. Shu bilan birga, Xitoydan kelgan kompaniyalar soni 5 217 tadan 6 790 tagacha ortib, ancha yuqori sur’atda o‘sish qayd etgan.

Biroq eng keskin dinamika O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Agar 2024 yil may oyida Qozog‘istonda o‘zbek kompaniyalari soni 4 595 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yil sentyabr oyiga kelib bu raqam 7 190 taga yetdi. Ya’ni bir yil ichida 56 foizdan ziyod o‘sish qayd etilgan.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu holat Markaziy Osiyoda iqtisodiy integratsiya va o‘zaro hamkorlik tobora kuchayib borayotganidan dalolatdir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘istonda o‘zbek kompaniyalari soni 56 foizga ko‘paydi