Tanishlarimdan biri korxonada yuzaga kelgan vaziyat tufayli rahbari bilan kelisholmay qolganini aytdi.
– Uch-to‘rt oy oldin bir muammo tufayli bormagan idoramiz, murojaat qilmagan rahbarimiz qolmadi, – deydi u. – Hech kim bu masala bizga tegishli demaydi, boshqa idoraga yuboradi, bir-biriga soladi. Oxir oqibat Prezident Virtual qabulxonasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Shundan keyin o‘zimizning boshliq ham, viloyat darajasidagi rahbarimiz ham bizni chaqirib, «Nega portalga yozasizlar, o‘zimiz hal qilar edik» deb urishdi. Vaholanki, ikkala rahbarga ham bu masalani bir necha bor aytgandik. Endi boshlig‘imiz ishimizdan kamchilik qidiradigan, har bir yig‘ilishda bizga qattiq gapiradigan bo‘lib qolgan. Aybimiz – haq-huquqimizni talab qilganimiz, portalga yozganimiz…
Tanish manzara, xodimlardan o‘ch olishning eski usuli. O‘z haq-huquqini talab qilgan kishi, rahbarning fikriga qarshi gapirgan xodimning boshiga tushadigan holat. Lekin o‘sha rahbar har bir fuqaro, u qaysi vazifada ekanligidan qat’i nazar, davlat organlariga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi konstitusiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilganini o‘ylab ko‘rmaydi.
Aslida hech kim uyidagi gap ko‘chaga chiqishini istamaydi. Korxona, mahallada ham xuddi shunday – kishilar muammoli masalalar shu jamoaning o‘zida hal etilishini istaydi. Qachonki o‘sha joydan qanoatli javob olmagach yoki muammo hal etilmagach, yuqori idoralarga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Buni ham tushunish kerak. Agar hamma muammo va kamchiliklar quyi idoralarda hal etilganda, Prezident xalq qabulxonalariga qisqa vaqtda yuz minglab murojaat tushmagan bo‘lardi. Ana shu raqamlarni o‘qiganingda yana bir o‘y o‘tadi ko‘ngildan – shuncha fuqaroga ayrim rahbar va mutasaddilar nega portalga yozding, deb po‘pisa qilmayaptimikan?
Yaqinda bir mahallaga tomorqadan samarali foydalanayotgan oilalar haqida maqola tayyorlash uchun bordik. Oqsoqolga maqsadimizni bildirib, fikrlashayotganimizda mahalla posboni fuqarolar yig‘ini binosi ro‘parasidagi hovli saranjom-sarishta, tomorqasida bir necha xil ekinlar ekilganini aytdi. Rais esa birdan rad etdi: «Bo‘lmaydi. Mahallamizga gaz ballon keltirishmayapti, deb portalga yozib, hammani ovora qildi-ku. Hozir borsak, yana bir nimalar deydi».
Oqsoqolning gapidan taajjublanib, so‘rab-surishtirsak, mahallada yashovchi o‘qituvchi gaz balloni vaqtida berilmayotgani va belgilangan narxdan yuqori sotilayotgani haqida Virtual qabulxonaga murojaat qilgan ekan. Nahotki ayrim kishilarning noinsofligidan shikoyat qilib, o‘z huquqini talab qilgan ziyoli yomonotliq bo‘lsa-yu birovning haqini eyishdan qo‘rqmaydigan «vositachi» tadbirkor hisoblansa? Oqsoqol uchun ularning qaysi biri afzal – xalqning dardini aytib, mahalladagi ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlashga yordam berayotgan o‘qituvchimi yoki odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchiga putur etkazayotgan vositachimi?
Davlat rahbari har bir chiqishida, aholi bilan muloqotida xalq ichiga kirib borish, ularning dardlarini tinglashni har bir mutasaddi uchun asosiy vazifa qilib qo‘yayotgan, o‘zi bu borada ibrat ko‘rsatayotgan bir paytda nima uchun ayrimlar hali hamon o‘zgarmaydi, murojaatga munosabatini o‘zgartirmaydi? O‘z haq-huquqini talab qilgan kishini qachongacha «yozuvchi»ga chiqaramiz?
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi