18:38 / 28.07.2017
5 701

Benzin narxini oshirib, muammoni hal etmoqchi bo‘lganlar, ichimizdan neftdek qaynab chiqayotgan savollarga kim javob beradi?

Benzin narxini oshirib, muammoni hal etmoqchi bo‘lganlar, ichimizdan neftdek qaynab chiqayotgan savollarga kim javob beradi?
Benzin muammosi:
KIM JAVOBGAR?!
Keling, bir boshdan boshlaymiz.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 22 oktyabrdagi “Avtobenzin chakana narxining o‘zgarishi to‘g‘risida”gi 360-sonli qarori bilan mamlakatimizning barcha hududlarida benzin narxlari oshirildi. Unga muvofiq Ai-80 markali benzinning
1 litri 2800 so‘m, Ai-91, Ai-92, Ai-93 – 3000 so‘m hamda Ai-95 uchun 3300 so‘m etib belgilandi.

Ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak, mazkur qaror odamlar orasida o‘ziga xos aks-sado bergan edi. Aks-sadolarki, mazmuni bir xil:
“Nega bu tarzda keskin ko‘tarilib ketdi?”
“Benzinni yurtimizning hamma hududlarida bir xil qiymatda sotishda mahsulotni tashish xarajati har xil bo‘lganligi bois shunday qarorga kelinibdi”
“Endi hamma AYoQShlarda benzin bo‘ladi!”
“Metan gaz ballon o‘rnataman”

Va, hokazo...
O‘sha voqelikdan so‘ng haqiqatan respublikamizning eng olis go‘shalari ham avtomobil yoqilg‘isidan bebahra qolmadi. Soha tadbirkorlari shoxobcha­lariga yangitdan zeb berishdi, eng muhimi, olis safarga chiqqan haydovchi-yo‘lovchi “ko‘chada qolib ketmaydigan” bo‘ldi.
Mana oradan qariyb to‘qqiz oy o‘tdi.
Bu muddat amalga oshirilgan yangi tizimning qay tariqa ishlayotganini bilish uchun etarli, deb hisobladik va ayrim kuzatuvlarni amalga oshirdik.

To‘y bahona...
Hayotning ohanrabosi – yillar silsilasidagi baxt uchqunlaridir. Shu paytga qadar yashab o‘tgan umringizni sarhisob qilsangiz, dastlab o‘sha mitti chaqinlar ko‘z oldingizga keladi. Xohlang, ularni bir joyga jamlang-da, BAXT deb atang yoxud shodasidan sitib, tole, savob, bayram, to‘y, tug‘ilgan kun, lavozim-martaba, baxtiyor oila, farovon turmush... kabilarga ajrating. Mulohazangiz qay yo‘sinda bo‘lmasin, ko‘p hollarda mamnunlik tuyg‘usi g‘olib keladi. Chunki Hazrati Inson tabiati shunaqa: ezgulikka talpinib, ergashib yashash.
Xullas, Surxon tuprog‘ida bir zamonlar dovrug‘ qozongan polvon, keyinchalik ko‘p yillar ustoz-o‘qituvchi maqomiga erishgan padari buzrukvorimizning oltmish yoshga to‘lganini sezmay ham qolibmiz.
– Kelyapsizmi, o‘g‘lim?
– Ertaga yo‘lga chiqaman...
***
– Ertalabdan tayyorgarlik avjida-ku, “Xo‘jaipok ota”ning shifobaxsh suvidan opkelaymi? – deyman maxsus elim idishlarni bagajga joylayotgan ayolimdan.
– Benzin olmaysizmi? – ritorik savol beradi u. – Bilasiz-ku, u taraflarda qimmat. Kecha akam bilan gaplashuvdim, “bizda benzin qo‘lga chiqib ketdi” deganday bo‘luvdi-da, shunga...
– Benzin bor! Bo‘ldi tushir idishlarni, taqiqlangan konteynerlarda yonilg‘i tashish mumkinmas: yo‘lda “pojarniy” garang qilsa, nima deyman?..

Xavotir
Ta’sirchanlik ko‘pgina holatlarda pand beradi, to‘g‘rimi? Salgina epkin kayfiyatiga o‘tadigan odamlarni-ku, qo‘yavering. “Farxod bozori” atrofidagi “Intran servis” yoqilg‘i quyish shoxobchasidan bakni to‘ldirib olarkanman, sahargi gurung xayoldan ketmaydi. “Mana, navbat kutish yo‘q, hamma emin-erkin ehtiyojiga yarasha olib ketayapti, Toshkentning barcha mavzelarida holat shunday. Nahot Surxonda?..”.
Topdingiz! Shunday qilaman ham.
– Alo, uka, yaxshimisan?
– Shukr, yuribmiz.
– Yo‘lga tushdim, faqat bir narsa haqida so‘ramoqchiydim: tumanimizda benzin bormi?
– Bor shekilli, men “propan”da yuraman-ku – ishim tushmaydi. Lekin “benzokolonka”lar oldi gavjumlashib qoladi ba’zan...

Demak, bor. Umid yaxshi-da...
M-39ning yo‘llari
Qorong‘ulik bag‘rini tilib borayotgan mashina va uning chiroqlariga uzoqdan boqsangiz, xuddi ikki oppoq duldul jilovlangan izvoshga o‘xshaydi. Metan gaz quyish shoxobchalari peshtoqida porlayotgan yog‘dular esa ertaklardagi naqshinkor qasrlarni yodga soladi. Rostdan, bu kabi shoxobchalar yo‘lda juda-juda ko‘p. Ehtiyojdan kelib chiqib, albatta. Ammo benzin g‘amlovchi ob’ektlar bu hududlarda kam.
...Jizzax dovoni. Ana, bitta AYoQSh ko‘rindi. Afsuski, maxsus to‘siq bilan yopib qo‘yilgan. Bu yog‘i o‘zbekchilik, baqirib qo‘yaberdik: benzin bormi-i?

G‘ira-shiralik ortida bir yigit ikki bilagini baravar ko‘tarib, alvido deganday qo‘l silkiydi.
Keyin narigi, undan narigisida ham...
Bulung‘ur, Jomboy ortda qoladi. Samarqanddamiz. Katta traktdan yurganlar yaxshi biladi – shaharga kiraverishda ikkita alohida ko‘zga tashlanib turadigan avtomobillarga benzin quyish shoxobchasi bor. Biri chap tomonda, shundoqqina metan gaz, dizel yoqilg‘isi shoxobchalarining biqinida, ikkinchisi esa taxminan ikki chaqirimcha narida – o‘ng tarafingizdan chiqadi.
Lekin har ikkisi-da yopiq. Benzin yo‘q. “Qachon bo‘ladi?” degan sinovchan so‘rog‘imiz esa mujmal javobga taqaladi: kelgani hamono tugab ketopti...

Qashqadaryo boy resurslar manbai. Ayniqsa, gaz zaxirasi haqida gap ketganda, bu viloyat respublikamiz lokomotivlaridan biri hisoblanadi. Shunga monand bo‘lsa kerak, mashinalar ehtiyoj uchun to‘xtaydigan manzillarda faqat metan va propan bor. Istaganingizcha! Benzin esa...
...Yoqilg‘i ko‘rsatkichi tobora pastlab borayapti, Surxondaryoga-ku etarmiz, ammo qaytish-chi? Dehqonoboddan chiqiboq boshlangan o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar Oltinsoyga qadar davom etadi. Hammasidan ham mashinaga jabr bo‘ldi – avtoulov qurg‘ur yugani hadeb tortilavergan ayg‘irdek pishnab-pishqirib axiyri manzilga etdi...

Quvayt Fors ko‘rfazida emasmi?
Tadbir fayzli o‘tdi. Farzandlik burch imkon qadar ado etildi. Otam xayrlashish oldidan bag‘riga bosib, oq oralagan sochlarimni kulimsiragan kuyi bot-bot silaydi: “O‘zimga o‘xshagansiz, biz ham o‘ttiz yosh yoqalaboq oqbosh edik”...
Xo‘-o‘-sh, endi benzin g‘amlash kerak. Mahallamizga yaqin joyda ikkita AYoQSh bor. Biri Guliston, yana biri Bibizaynab mahallasida. Avval Gulistondan boshlay qolaylik. Esimni taniganim beri mavjud bu shoxobcha qachon faoliyat boshlaganini, to‘g‘risi, bilmayman. Yoshligimda bu erga otam bilan motosiklda kelardik. Aytmoqchi bo‘layotganim – qadrdonroq maskan. Hozirda uning atrofidagi butalar shu qadar tarvaqaylab ketibdiki, yo‘lbilmas biror haydovchi ilg‘amay o‘tib ketishi tayin. Shoxobcha oldida to‘xtaymiz. Qorovulmi, yo operator – tuzuk anglashning imkoni bo‘lmadi, xullas, shu joyning egasi – o‘ziga qulay sharoit yaratib olibdi. Soya salqin tagida yog‘och karavot, ko‘rpa to‘shalgan, sahnga esa shakarob qilib suv sepilgan.

– Assalomu alayko‘-o‘-m, boy ota, – (“Shum bola”chasiga salom beramiz) – Benzin bormi?
U ham yonboshlagan kuyi faqat jizzaxlik yigitdan farqli ravishda bir qo‘li bilan havoni kesadi.
– Obbo, uzoq yo‘lga chiqayapmiz, bir yordam qiling.
Elka qisiladi...
Mayli, chiqmagan jondan umid – Sho‘rchiga boraqolay. Har holda markazroq shahar.
Kezing, bemalol kezining foydasi yo‘q.
Najot kirakashlardan.

Shohbekatga burilamiz. “Toshkent, bir kishi Toshkent”, deya baqirayotgan haydovchiga duch bo‘lamiz.
– Benzinni “Quvayt”dan topasiz, – deydi dastro‘molchasida peshonasini artib. – U erda kecha-yu kunduz bo‘ladi.
Keyin qo‘shib qo‘yadi.
– Xohlaganingizcha!
Manzil-makon ko‘rsatiladi. O‘sha yoqqa yuramiz. Yo‘l chetida yakka-yakkam baklashkalar bo‘y ko‘rsatadi. Sariq-qizg‘ish rangdagi bu chorlovlar xonadonlarda benzin sotilayotganidan darak berardi. Bir uy oldida to‘xtaymiz. Oftob-da qoraytirib sepkillarini ketkizolmagan o‘spirin yigit yugurib chiqadi. Salom-alikdan so‘ng “savdo”ni boshlaymiz.

– Necha puldan sotayapsan?
– 4500 so‘m.
– Kelishtirib ayt, 50 litr olamiz.
– 4300 dan bera olaman, oxirgi narx shu.
– Insof sari – baraka, deganlar.
– E-e, aka, o‘zi 4000 so‘mdan hisoblab to‘kib ketishgan. Qolsa, 300 so‘m qoladi bizga.

– Qaerdan olyapsizlar o‘zi, benzinni?
– Toshkentga qatnaydigan taksistlar tashlab ketishadi.
Tushunarli, ta’minot karvoni – ular...
Oltinsoyga qaytamiz. Tanish-bilishlardan surishtirib bu erning ham “Quvayt”ini topamiz. Narx o‘sha-o‘sha – 4500 so‘m..
Ammo hamyon piyoz po‘chog‘iga qiyosanki, qani endi pul etsa. Uyga qaytib pul so‘rash noqulay. Yaqin do‘st shunday paytda juda asqotadi, qarz so‘rashga majburmiz...

...Tongga yaqin Yangiyo‘l tumaniga etamiz. Ko‘prikdan o‘tiboq yuzimiz yorishadi, ana, xayriyat AYoQSh ochiq ekan. I-e, navbat kutilayapti shekilli, ammo chiroqlar o‘chiq. Darcha oynasini chertamiz. Ichkaridan uyqusirab bir bo‘z yigit chiqadi.
– Benzin yo‘lda kelyapti, soat 7 larda bo‘ladi.
– Ungacha 3 soat bor ekan-da, “har ehtimolga qarshi olib qo‘yilganidan” yo‘qmi? – deyman, quvlik bilan.
Yigit yon xonadan 1,5 litrlik baklashkada benzin olib chiqadi: 6 000 so‘m!

– Qimmat ekan, kerakmas...
Sinashta suhbatni yakunlaganimiz hamono navbatda turgan ajnabiy mashinadan bir kishi tushadi. Davlat raqamiga qaraymiz. MDHga tegishli. Mehmon shu erga kelib “o‘chib” qolganini, uch soatdan beri kutib turganini aytadi...
Uchma-uch o‘lchab quyilgan benzin kasri o‘laroq mashinamiz silkina-silkina shahri azimdagi “Miss” nomli AYoQShga etib keladi. Elektron tablodan esa quyidagi eslatma g‘ir-g‘ir o‘ta boshlaydi:“Metan gaz ballon o‘rnatilgan mashinalarga 10 litrgacha benzin quyiladi.”
Bu gal izoh o‘zingizdan bo‘laqolsin...
***
Sabringiz chidab o‘qiganingiz – shular. Sarguzashtimiz tafsilotlarini esa imkon qadar qisqaroq qilishga harakat qildik. Yana nimalar qoldi?
Ha-ya, mushohada, xulosa qismi qoldi.
Bo‘lmasa davom etaylik.
***
Fikrlarimizni davom ettirishdan avval bir jihatni aytib o‘tish joiz. Biz bilgan muammo kecha paydo bo‘lib qolgani yo‘q.

O‘ylab qolasan kishi, hukumat sal kam bir yil oldin aholi va mutasaddi tashkilotning murojaatini inobatga olib, benzinning narxini oshirdi. Maqsad nima edi? Qimmat bo‘lsa-bo‘lsin, ammo mahsulot hamma hududlarga etib borsin. Aslida-chi? Bizning uch kunlik safarimiz mobaynida ne mashmashalar kuzatilganini yuqorida o‘qidingiz.

Bugun zamon o‘zgardi. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlariga har qachongidan-da ustuvor masala sifatida qaralyapti. Olib borilayotgan hayotbaxsh islohotlar samarasi o‘laroq, yurtdoshlarimiz ertangi kunga ishonch bilan qarayapti. Biroq biz ko‘tarib chiqqan – eng zarur turmush ehtiyojlari qatorida turuvchi benzin muammosi haligacha hal etilmayotgani taraqqiyotimiz odimlariga solinayotgan tushov zanjirining halqalaridan biri emasmikan?..

Yoxud mas’ullarning ushbu ko‘ngilsiz holatdan xabarlari yo‘qmi?
“O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi rahbarlari-chi?
Biz maqolada ayrim viloyatlarnigina sanab o‘tdik, xolos. Aslida mitti “Quvayt”lar yurtimizning hamma joyida bor. Buni endi yashirishdan ma’ni ham yo‘q.

Ana shularni o‘ylar ekansiz, miyangizda paradoksal sabablar gujg‘on o‘ynayveradi: biz uchun nechog‘lik hayratlanarli, soha mutasaddilari uchun qanchalik uyatli bo‘lmasin, o‘sha “Quvayt”lar aholining benzinga bo‘lgan talabini qondiryapti. Eng asosiysi, o‘sha “ta’minot karvoni”dagilar benzinni chetdan olib kelayotgani yo‘q. O‘zimizdan, sepkilli yigit aytganidek, Toshkent shahridan tashib ketyapti. Demak, kompaniyaning salohiyati etarli bo‘lsa, unda tizim tarmoqlarida muammo bormi?

Shu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyovning ushbu yil 12 iyulda senatorlar, deputatlar va siyosiy partiya vakillari bilan uchrashuvida ilgari surgan taklifi yodga tushadi: “Bugun hayotning o‘zi parlament nazorati ob’ektlari doirasini kengaytirishni ham talab etmoqda. Amaldagi qonunga ko‘ra, parlament faqat davlat organlari faoliyati ustidan nazorat olib borishi mumkin. Biroq xo‘jalik boshqaruvi organlari, xususan, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekenergo” va boshqa kompaniya va birlashmalar bundan chetda qolmoqda.
Shu maqsadda “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish lozim, deb hisoblayman”.
Ichimizdan neftdek qaynab chiqayotgan og‘riqli savollarga kim yoki qaysi mutasaddi tashkilot javob bera oladi?..

Asliddin ALMARDANOV

Manba: Dia.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Benzin narxini oshirib, muammoni hal etmoqchi bo‘lganlar, ichimizdan neftdek qaynab chiqayotgan savollarga kim javob beradi?