Ijtimoiy tarmoqlar, telegram yoki boshqa messenjerlar, yoxud sms orqali bir xil spam-xabarlar tarqatilishiga o‘rganib qolganmiz. Oxirgi vaqtlarda quyidagi mazmundagi xabar kelishi odatga aylandi:
«Muftiyatning qarori bilan falon sana Qurbon (yoki Ramazon) hayiti etib belgilandi. Buni shuncha kishiga tarqating. Ertaga yaxshi xabar eshitasiz. Alloh uchun erinmang…»
Bunday xabarlar yonida bilimsiz odamlarni chalg‘itish uchun jimjimador qilib diniy kalimalar, duolar ham qo‘shib qo‘yiladi. Ba’zan unda quyidagi ma’nodagi hadis ham tiqishtiriladi: «Kim hayit kuni qachon bo‘lishini birinchi bo‘lib etkazsa, u jahannamga kirmaydi».
Sodda odamlar esa haqiqatda shunday hadis bor-yo‘qligini, hayit kuni rostdan ham aniq bo‘lgan-bo‘lmaganlini, bu haqida rasmiy ma’lumot chiqqan-chiqmaganligini surishtirib o‘tirmasdan tarqataverishadi. Bunday spamlarni birinchi tarqatgan odamning kimligini birov surishtirib o‘tirmaydi. Muhimi hayit kunini birinchi aytib qolish kerak ekan, deb o‘ylagan olomon bunday xabarlarni bir-biriga yuboraveardi.
Bunday xabarlar asosan diniy ilmi sayoz bo‘lgan shaxslar tomonidan tarqatilishi ma’lum. Ilmsiz kishilar hayit kuni qachon va qanday aniqlanishini bilmaydi, deb faraz qilamiz. Ammo ba’zida tuppa-tuzuk ilmli odamlar ham shunaqa xabarlarni jo‘natishi kishini hayratga soladi.
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda va hayotda odamlar Qurbon hayiti qaysi kunga to‘g‘ri kelishi haqida ko‘p so‘ramoqda. Aksariyat musulmonlar hayit kuni qanday aniqlanishi xususida ma’lumotga ega emasligi shunaqa paytda bilinib qoladi. Ayrim kishilar bir yil avval chiqarilgan taqvimga qarab turib hayit kuni borasida «fatvo» berishga shoshilishlarini esa aslo oqlab bo‘lmaydi.
Albatta, odamlar orasida bunday noto‘g‘ri xabarlar tarqalishining oldini olish uchun hayit sanasi qanday aniqlanishi haqida ommaviy axborot vositalari orqali batafsil ma’lumot berib borilsa, foydadan xoli bo‘lmas edi. Hatto, islomiy saytlarda ham bu haqida muntazam eslatib borish yo‘lga qo‘yilmagan.
Odatda, Ramazon hayiti arafasida va undan keyin ijtimoiy tarmoqlarda hayit kunini to‘g‘ri aniqlash borasida bahslar qiziydi. Biz bugun Ramazon hayiti borasidagi munozaralarni muhokama qilib o‘tirmaymiz. Ko‘pchilikni Qurbon hayiti qaysi kunga to‘g‘ri kelishi qiziqtirmoqda. Yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti borasida turfa fikrlilik va bahslarning oldini olish maqsadida hijriy yil hisobi haqida o‘zimizda bor ma’lumotni baham ko‘rishni lozim topdik.
Hijriy yil hisobi
Avvalo, shuni bilib olishimiz kerakki, hijriy oylarning boshlanish va tugash vaqtini oldindan aniq belgilab qo‘yishning imkoni yo‘q. Shuning uchun ham zamonaviy astronomik hisob-kitoblar asosida chiqarilgan taqvimlarda «Ramazon boshlanishi va hayit kunlari bir kunga farq qilishi mumkinligi» haqidagi izoh har doim ilova qilingan bo‘ladi.
Hijriy-qamariy yil hisobiga Oyning Er atrofida aylanishi asos qilib olingan bo‘lib, hijriy yil har biri 29 yoki 30 kundan iborat bo‘lgan 12 oydan tashkil topadi. Hijriy-qamariy oylarning boshlanishi hilolning ko‘rinishiga bog‘liq.
Asrlar davomida musulmonlar orasida yangi oy boshlanishiga astronomik hisob-kitoblar emas, balki yangi oyning inson ko‘zi yoxud astronomik uskunlalar bilan ko‘rilishi asos bo‘lib kelgan. Hozirgacha musulmon o‘lkalarda yangi oy ko‘rinishiga qarab hijriy oy boshlangani e’lon qilinadi. Hindiston, Bangladesh va Pokistonda astronomik asboblar yordamida kuzatilgan oy hisobga olinmaydi va faqat inson ko‘zi bilan, hech qanday vositalarsiz ko‘rish yangi oy boshlanishiga asos qilib olinadi.
Odatda, hijriy oyning 29-kuni tugaydigan oqshomda yangi oyni kuzatish boshlanadi. 29-kuni quyosh botgandan keyin yangi oy ko‘rinsa, ertangi kundan yangi hijriy oy boshlanishi e’lon qilinadi. Hilolni ko‘rishning iloji bo‘lmagan taqdirda esa o‘sha oy 30 kun bo‘lgan, deb hisoblanadi. Hijriy oylar hech qachon 28 yoki 31 kundan iborat bo‘lmaydi.
Qurbon hayiti sanasi qanday aniqlanadi?
Qurbon hayiti (Iyd al-Adha yoki Iydul Azho) hijriy yil hisobi bo‘yicha 12-oy hisoblanmish Zulhijja oyining 10-kunida nishonlanadi. Zulhijja oyining qachon boshlanishi esa undan avvalgi Zulqa’da oyining 29-kunida, quyosh botgandan keyin ma’lum bo‘ladi.
Bundan avval hayit kunini aniq aytish mutlaqo ilojsiz narsa. Falon kuni hayit degan e’lon Qurbon hayitiga ko‘pi bilan 11 kun qolganda chiqarilishi mumkin. Shuning uchun Qurbon haiyiti qachonligi to‘g‘risida xabar kelgan paytda uning to‘g‘riligini tekshirishning imkoni bo‘lmasa (aslida har qanday xabarning rost-yolg‘onligini tekshirib, keyin tarqatish lozim), xabar kelgan kundan hayitgacha qancha qolganini hisoblab ko‘rish kerak.
Qurbon hayitigacha 11 kundan ko‘proq vaqt oldin hayit haqida kelgan xabarning yolg‘onligi aniq bo‘lib, unga ishonmaslik kerak (hayit kuni avvaldan aytilgan sanaga to‘g‘ri kelib qolishi ham mumkin, «yolg‘on» degani hali aniq tasdiqlanmagan ma’lumotligi uchundir).
Bu yil Qurbon hayiti qaysi kuni nishonlanadi?
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, navbatdagi Qurbon hayiti sanasini aniq aytishga hali erta. Bugun (2017 yilning 19 avgusti) hijriy hisob bo‘yicha 1438 yil Zulqa’da oyining 27-kuni. Qurbon hayiti qaysi kunga to‘g‘ri kelishi 21 avgust – dushanba kuni (Zulqa’daning 29-sanasi) quyosh botgandan keyin ma’lum bo‘ladi.
21 avgust oqshomida yangi oy ko‘rinadigan bo‘lsa, Zulqa’da 29 kun bo‘lib tugadi, deb hisoblanadi va 22 avgust Zulhijjaning 1-kuni deb belgilanadi. U holda bu yilgi Qurbon hayitining birinchi kuni 31 avgust – payshanba kuniga to‘g‘ri keladi.
Agar 21 avgust oqshomida hilolni ko‘rishning iloji bo‘lmasa, Zulqa’da oyi 30 kun davom etdi, deb hisoblanadi va Zulhijja oyi 23 avgustdan boshlanadi. Shunday bo‘lgan taqdirda, bu yilgi Qurbon hayiti 1 sentyabr – juma kuniga to‘g‘ri keladi.
Astronomlar nima deydi?
Ilmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, navbatdagi vizual yangi oy 21 avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat taxminan 23:30 da paydo bo‘ladi. Ammo uni inson ko‘zi bilan ko‘rishning imkoni bo‘lmasligi mumkin. Bundan tashqari, yangi oy botayotgan paytda aksariyat musulmon mamlakatlarida quyosh hali botmagan bo‘ladi.
Hilolning ko‘rinishi hududning joylashuvi va ob-havoga ham bog‘liq. Yangi oyni ko‘ra olish, shuningdek, oyni kuzatish uchun ishlatiladigan jihozlarga qarab ham farq qilishi mumkin. Zamonaviy infra-raqamli kameralar hatto teleskop orqali ko‘rish imkonsiz bo‘lgan oyni ham tasvirga olishi mumkin. Yaqinda britaniyalik olimlar Ramazon hayitini aniqlashda mazkur zamonaviy kameralardan foydalanib ko‘rishdi.
Dunyo musulmonlari hayitni bir kunda nishonlasa bo‘lmaydimi?
Hozirda ko‘plab mamlakatlarda oyni maxsus hay’atlar kuzatib, hayit kunini har bir mamlakat musulmonlari uchun o‘z rasmiylari e’lon qilishadi. Evropa va Amerikadagi musulmonlar hayitni asosan Saudiya Arabistoni tomonidan e’lon qilingan sanada nishonlashadi. Ko‘pincha bir mamlakatda ko‘ringan hilol boshqa mamlakatda ko‘rinmasligi mumkin. Islom ulamolari har bir o‘lkada hilolning ko‘rinishi boshqa o‘lkada yangi oy boshlanishiga asos bo‘lish-bo‘lmasligi borasida yakdil fikrga ega emas.
Hozirga qadar hijriy sanalarni belgilash va barcha musulmonlar amal qiladigan yagona hijriy taqvimni ishlab chiqish ishi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan. Yagona taqvimga amal qilishni tashkil etish borasida ancha yillardan beri harakat qilinmoqda.
2016 yilning mayida Istanbulda bo‘lib o‘tgan Xalqaro Hijriy Taqvim Birligi Kongressida Islom Hamkorlik Tashkilotiga a’zo mamlakatlar yagona taqvim qabul qilishni yoqlab ovoz berishdi. Yaqin kelajakda bu loyiha amalga oshishi va butun dunyo musulmonlar yagona taqvimdan foydalanib, bayramlarni bir kunda nishonlashi mumkin.
O‘zbekistonda Qurbon hayiti qanday belgilanadi?
O‘zbekistonda hayit kunini belgilashda Astronomiya institutining yangi oy ko‘rnishi haqidagi ma’lumoti va O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi ulamolari xulosasi asos qilib olinadi. Bu yildan Musulmonlar idorasi qoshida oyni kuzatish hay’ati tashkil qilingani haqida xabar berilgan.
Shu o‘rinda e’tibor berish lozim bo‘lgan muhim jihat shuki, O‘zbekistonda «muftiyat» degan tashkilot yo‘q, O‘zbekiston musulmonlari diniy idoradi bor. Diniy idora esa hozirgacha hayit kuni qachon bo‘lishi to‘g‘risida rasmiy bayonot berganiga guvoh bo‘lmaganmiz.
O‘zbekistonda hayit kuni qaysi kunga to‘g‘ri kelishi haqidagi rasmiy e’lon prezident qarori hisoblanadi.
Har yili hayit arafasida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Qurbon (yoki Ramazon) hayitini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilinadi. Qarorga hayit kuni qaysi kunga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi murojaati asos qilib olinadi.
Respublikamizda Qurbon hayiti 1991 yil 20 iyundagi “Diniy bayram «Qurbon hayiti»ni dam olish kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan dam olish kuni deb e’lon qilingan. Mehnat kodeksining 132-moddasida Qurbon haiyitining birinchi kuni bayram (ishlanmaydigan) kuni hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.
Qurbon hayiti Mustaqillik kuni bilan bir kunga to‘g‘ri kelib qolsa nima bo‘ladi?
Ilmiy hisob-kitoblarga tayangan holda taxmin qliish mumkinki, bu yilgi Qurbon hayitning birinchi kuni 1 sentyabrga – O‘zbekistonning Mustaqillik kuni nishonlanadigan kunga to‘g‘ri kelishi ehtimoli yuqori. Agar ikkita bayram bir kunga to‘g‘ri kelib qolsa, nima qilinishi ko‘pchilkni qiziqtiradi.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston qonunchiligida ikkita bayram bir kunga to‘g‘ri kelib qolsa, yoki bayram kuni yakshanbaga to‘g‘ri kelsa, boshqa yana bir kun dam olish deb e’lon qilinishi to‘g‘risida norma mavjud emas. Yaqin tariximizda ikkita bayramning bir kunda nishonlashi holati 2008 yilda yuz bergan. O‘shanda Ramazon hayiti 1 oktyabr – O‘qituvchilar kuni bilan bir kunda nishonlangan bo‘lsa, Qurbon hayitining birinchi kuni 8 dekabr – Konstitusiya kuniga to‘g‘ri kelgan.
Hayit yakshanbaga to‘g‘ri kelib qolgani munosabati bilan hayitning ikkinchi kunini ham dam olish kuni deb e’lon qilish holati 2012 yilda kuzatilgan. O‘shanda ramazon hayiti 19 avgustga to‘g‘ri kelgan va prezident qarori bilan 20 avgust dushanba kuni ham bayram qilingan.
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)