O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 8 yanvar kuni «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2017 yil 14 dekabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2017 yil 20 dekabrda ma’qullangan. Rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kiruvchi qonunning maqsadi ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Ushbu Qonunning asosiy vazifalari ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iboratdir.
Qonun ma’muriy organlarning manfaatdor shaxslarga nisbatan ma’muriy-huquqiy faoliyatiga, shu jumladan litsenziya, ruxsat berish, ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillariga, davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa tartib-taomillarga, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ma’muriy-huquqiy faoliyatga nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu Qonun normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish, davlat xizmatini o‘tash, referendumlar, saylovlar o‘tkazish, mudofaa, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot sohasida, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv, dastlabki tergov, jinoiy majburlov choralarini qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa faoliyat, sud ishini yuritish, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish sohasida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ma’muriy tartib-taomillarning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: qonuniylik; mutanosiblik; ishonchlilik; tinglanish imkoniyatining mavjudligi; ma’muriy tartib-taomillarning ochiqligi, shaffofligi va tushunarliligi; manfaatdor shaxslar huquqlarining ustunligi; byurokratik rasmiyatchilikka yo‘l qo‘yilmasligi; mazmunan qamrab olish; ma’muriy ish yuritishning «bir darcha» orqali amalga oshirilishi; teng huquqlilik; ishonchning himoya qilinishi; ma’muriy ixtiyoriylikning (diskretsion vakolatning) qonuniyligi; tekshirish.
Qonuniylik prinsipi - ma’muriy tartib-taomillar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Mutanosiblik prinsipi - ma’muriy ish yuritish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan ta’sir choralari ma’muriy organ tomonidan ko‘zlangan qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerak.
Ishonchlilik prinsipi - ma’muriy ish yuritish davomida manfaatdor shaxslar tomonidan taqdim etilgan haqiqiy holatlar to‘g‘risidagi hujjatlar va ma’lumotlar aksi isbotlanmaguniga qadar ishonchli hisoblanadi. Manfaatdor shaxslar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlarning haqiqiyligiga shubha paydo bo‘lgan taqdirda, ma’muriy organ ularning ishonchliligini mustaqil ravishda va o‘z hisobidan tekshirish uchun choralar ko‘radi. Ma’muriy ish yuritish davomida manfaatdor shaxslardan ular taqdim etgan hujjatlarning yoki ma’lumotlarning ishonchliligini tasdiqlovchi qo‘shimcha materiallar talab qilish, agar qonunda bunday talab belgilanmagan bo‘lsa, taqiqlanadi.
Tinglanish imkoniyatining mavjudligi prinsipi - ma’muriy organ manfaatdor shaxsga ma’muriy hujjatni qabul qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan barcha holatlar yuzasidan o‘z fikrini bildirish imkoniyatini berishi shart.
Ma’muriy tartib-taomillarning ochiqligi, shaffofligi va tushunarliligi prinsipi - ma’muriy tartib-taomillar ochiq, shaffof va manfaatdor shaxslar uchun tushunarli bo‘lishi lozim. Ma’muriy organlar ma’muriy tartib-taomillar haqidagi axborotdan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan usullar orqali erkin foydalanilishini ta’minlashi shart.
Manfaatdor shaxslar huquqlarining ustunligi prinsipi - ma’muriy ish yuritish davomida yuzaga keladigan, qonun hujjatlarining bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklari va noaniqliklari manfaatdor shaxslar o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ushbu manfaatdor shaxslar foydasiga talqin qilinadi.
Byurokratik rasmiyatchilikka yo‘l qo‘yilmasligi prinsipi bilan manfaatdor shaxslarga majburiyatlar orqali qiyinchilik tug‘dirish, faqat rasmiy qoidalar va talablarga rioya etilishi maqsadidagina ularga huquqlar berishni rad etish yoki ularning huquqlarini boshqacha tarzda cheklash ma’muriy organlarga taqiqlanadi. Agar manfaatdor shaxs vijdonan harakat qilgan, o‘z majburiyatlarini mazmunan bajargan bo‘lsa hamda rasmiy qoidalar va talablarning yo‘l qo‘yilgan buzilishlari ma’muriy ishni mazmunan to‘g‘ri hal qilishga to‘sqinlik qilmasa, manfaatdor shaxs tomonidan rasmiy qoidalar va talablarga rioya etilmaganligi nomuvofiq ma’muriy hujjatni qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qila olmaydi.
Mazmunan qamrab olish prinsipi - ma’muriy organlar manfaatdor shaxslarga ilgari ushbu shaxslar tomonidan boshqa harakatlar doirasida bajarilgan talablarni qo‘yishga haqli emas. Agar ma’muriy organga taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlar ma’nosiga ko‘ra boshqa zarur hujjatlar mazmunini o‘z ichiga olsa, ushbu hujjatlar qo‘shimcha yoki alohida tarzda talab qilinishi mumkin emas. Agar amalga oshirilgan ma’muriy tartib-taomil ma’nosiga ko‘ra boshqa ma’muriy tartib-taomillarni o‘z ichiga olsa, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ular ham amalga oshirilgan deb hisoblanadi.
Ma’muriy ish yuritishning «bir darcha» orqali amalga oshirilishi prinsipi - ma’muriy organga ma’muriy tartib-taomilni amalga oshirish uchun boshqa ma’muriy organlardan hamda o‘zga organlardan hujjatlar va ma’lumotlar olish talab etilgan hollarda, ma’muriy ish yuritish «bir darcha» prinsipi bo‘yicha amalga oshirilib, bunda ma’muriy organ zarur hujjatlar va ma’lumotlarni mustaqil ravishda, manfaatdor shaxslarning ishtirokisiz, idoralararo o‘zaro hamkorlik vositasida oladi, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Teng huquqlilik prinsipi - ma’muriy organlarga bir xildagi haqiqiy holatlarga ega ma’muriy ishlarni hal etishda teng bo‘lmagan yondashuvni namoyon etish taqiqlanadi. Haqiqiy holatlari bo‘yicha jiddiy farqlanadigan ma’muriy ishlarni bir xil tarzda hal etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ma’muriy organ ma’muriy ixtiyoriylikni (diskretsion vakolatni) bir xil usulda amalga oshirishi shart. Ushbu qoida ma’muriy ixtiyoriylikni (diskretsion vakolatni) amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan, shakllangan ma’muriy amaliyot o‘zgartirilishini istisno etmaydi.
Ishonchning himoya qilinishi prinsipi - vijdonan harakat qiluvchi manfaatdor shaxslarning ma’muriy hujjatga bo‘lgan ishonchi qonun bilan qo‘riqlanadi. Ma’muriy organlar manfaatdor shaxslarning yuzaga kelgan ma’muriy amaliyot bilan bog‘liq qonuniy kutilgan natijalarini hurmat qilishi shart. Yuzaga kelgan ma’muriy amaliyotning o‘zgartirilishi jamoat manfaatlari bilan oqlangan bo‘lishi, umumiy xususiyatga ega va barqaror bo‘lishi kerak.
Ma’muriy ixtiyoriylikning (diskretsion vakolatning) qonuniyligi prinsipi - ma’muriy organ ma’muriy ixtiyoriylikni (diskretsion vakolatni) qonun hujjatlarida belgilangan doirada amalga oshirishi shart. Ma’muriy ixtiyoriylik (diskretsion vakolat) asosida qabul qilingan ma’muriy hujjatlar va amalga oshirilgan ma’muriy harakatlar ushbu vakolatning maqsadiga mos kelishi kerak.
Tekshirish prinsipi - ma’muriy organ ma’muriy ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan barcha haqiqiy holatlarni har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirishi shart. Zarurat bo‘lganda, ma’muriy organ manfaatdor shaxslar tomonidan taqdim etilgan dalillar bilan cheklanmasdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z tashabbusi bilan qo‘shimcha dalillar yig‘ishga haqli.
Ma’muriy ish yuritish muddatlari. Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy organ mumkin qadar qisqa muddatlarda, ammo ariza ma’muriy organda ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran, ma’muriy hujjat ma’muriy organ tashabbusi bilan qabul qilinadigan taqdirda esa, adresat ma’muriy ish yuritish boshlanganligi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan kundan e’tiboran o‘ttiz ish kunidan kechiktirmay ma’muriy ishni ko‘rib chiqadi va ma’muriy hujjatni qabul qiladi.
Ma’muriy ish yuritishni boshlash uchun asoslar. Manfaatdor shaxsning arizasi (shikoyati) yoki ma’muriy organning tashabbusi ma’muriy ishni boshlash uchun asos bo‘ladi. Ma’muriy ish yuritish ariza ma’muriy organda ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran boshlangan hisoblanadi. Agar ma’muriy ishni boshlash uchun ma’muriy organning tashabbusi asos bo‘lsa, ma’muriy ish yuritish adresat tegishli tarzda xabardor qilingan paytdan e’tiboran boshlangan hisoblanadi.
Manfaatdor shaxsning arizasini taalluqliligi bo‘yicha vakolatli ma’muriy organga yuborish. Talab qilinayotgan ma’muriy hujjatni qabul qilish o‘z vakolatiga kirmaydigan ma’muriy organga kelib tushgan ariza qonun hujjatlariga muvofiq ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan ma’muriy organga ko‘pi bilan besh kunlik muddatda yuboriladi va bu haqda arizachiga xabar beriladi.
Ma’muriy hujjat bekor qilingan taqdirda hujjatlar, buyumlar va pul mablag‘larini qaytarish. Ma’muriy hujjat bekor qilingan taqdirda uning asosida berilgan hujjatlar, buyumlar va pul mablag‘lari, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ularga egalik qilayotgan shaxslar tomonidan qaytarib berilishi lozim.
Ma’muriy shikoyatni ko‘rib chiqish muddati. Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, yuqori turuvchi ma’muriy organ yoki boshqa vakolatli organ ma’muriy shikoyat bo‘yicha o‘ttiz ish kuni ichida qaror qabul qilishi shart. Ma’muriy shikoyat bo‘yicha belgilangan muddatda qaror qabul qilinmagan taqdirda, manfaatdor shaxs ma’muriy hujjat, protsessual hujjat yoki ma’muriy harakat ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.
Endilikda manfaatdor shaxs vijdonan harakat qilgan o‘z majburiyatlarini mazmunan bajargan bo‘lsa davlat organlari tomonidan rasmiy qoidalar bajarilmadi degan vaj bilan (masalan ariza belgilangan tartibda to‘ldirilmagan va x. k.) ularga huquqlar berishni rad etish yoki cheklash taqiqlanadi.
Hujjatning to‘liq matni «Xalq so‘zi» nashrida e’lon qilingan.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi