Kecha «Xalq so‘zi» muxbiri Maqsud Jonixonov Feysbukdagi sahifasida farzandining ona tili va adabiyot fanidan bilimlar bellashuvida adolatsizlikka uchragani haqida post qoldirgan edi. Post oxirida Maqsud aka xalq ta’limi vazirining yosh o‘rinbosari Alisher Sa’dullayevga murojaat qilib, maktablardagi bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalari g‘irt ko‘zbo‘yamachilik, tarafkashlik, «gaplashish», «kelishish» kabi holatlarni bartaraf etishiga umid bildirib, bu masalaga uning o‘zi kirishishi, xalq ta’limi vazirining bunga ko‘zi o‘tmasligini ta’kidlaydi.
Ushbu murojaatga javob tariqasida Alisher Sa’dullayev izoh qoldirdi. Har doimgidek umumiy gaplar. Ustiga mutlaqo suv yuqtirmaydigan, xalq dardini o‘zining tashvishi deb bilmaydigan, populist yosh siyosatchi o‘z uslubiga sodiq qolgan holda umumiy gaplardan iborat munosabat bildirgan. U shunday deydi:
«Bu yerda aynan bir shaxsni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aybdor qilib qo‘yish yaramaydi. Albatta, sub’ektiv va ob’ektiv faktorlar bor. Avvalo, bolalarda kurashuvchanlik xarakterini rivojlantirish kerak. Biz ham shu kabi muammo va to‘siqlarga duch kelganmiz, ammo doim bilimli va zukko shaxs yutib ketishiga ishonganmiz. Shu hafta ham poytaxtimizdagi bilimlar bellashuvida o‘zim ham bosh-qosh bo‘ldim. Masalalar yetarlicha, ishlashimiz kerak».
Muhokama-munozaralar davom etib, taniqli pedagog Bahriddin Asror uning so‘zlariga e’tiroz bildirdi:
«Umumiy javob beribsiz. Imkon bo‘lsa, masalani o‘rganishga harakat qiling, iltimos. Vaziyat bo‘yicha bergan fikringizni maktab psixologi ham ayta oladi».
Bunga javoban vazir o‘rinbosari quyidagi mulohazalarni qoldirdi:
«Shu muammoni mening otam va onam ham ko‘tarib chiqishgan. Shuni ta’kidlamoqchimanki, hozir va’da berish yoki kimnidir tanqid qilish orqali emas, xalqimizga natija bilan chiqqanim afzalroq. Sizning e’tirozingiz o‘rinli, faqat hozir yechim ustida ishlayapmiz. Biroz vaqt va havo kerak. Menga ham tanish, yot emas bu holat».
Endi savol tug‘iladi: vazir o‘rinbosariga ta’lim tizimidagi tanlovlarni shaffof, adolatli va xolis o‘tkazish uchun qancha vaqt va qancha havo kerak? Prezident odamlar o‘zgarishlarni bugun ko‘rmoqchi, ertaga yoki uch yildan keyin emas, deb qayta-qayta takrorlamoqda. Xo‘sh, ta’limda haqiqiy o‘zgarishlar qachon bo‘ladi?
Tizimdagi juda ko‘plab tanlovlarda ishtirok etganman, qatnashchilarning kayfiyati, holati, kechinmalarini kuzatganman. Nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar o‘rtasidagi tanlovlarda ham noxolislar juda ko‘p uchraydi. Bular yosh avlodni va yosh kadrlarni bezdirishi, ishonchsizlik, norozilik kayfiyatini uyg‘otishi aniq.
Nima qilish kerak?
O‘sha eski gap: tizimni radikal ravishda isloh qilish, boshqaruvni liberallashtirish, XTV ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozim. Tizimdagi muammolarda bir kishini ayblash noto‘g‘ri, deydi vazirning yosh o‘rinbosari. Ko‘p tomondan gapida jon bor. Ammo o‘sha bir kishi, ya’ni, deylik xalq ta’limi vaziri o‘sha soha uchun asosiy mas’ul va javobgar shaxs emasmi? U rahbarlikka tayinlanayotgan vaqtda Prezidentdan topshiriq va vazifalarni olib chiqmaydimi? So‘ngra zimmasidagi vazifalarni bajarishga kirishishi, bu yo‘lda to‘g‘anoq bo‘layotgan omillar, byurokratik to‘siq va g‘ovlar, yillar davomida tizimda ildiz otib, Ostrogojskayaga o‘xshagan eski «nahanglarni» ishdan chetlatish bilan shug‘ullansa bo‘lmaydimi? Menimcha, unday bo‘lmaydi. «Kalamushlar»ni oldiga yig‘ib, qayerdan qanday «soqqa» qilishni so‘raydi, qayerga qancha «tashash», kim bilan nimalarni bo‘lishish vahokazolarni o‘rganib, mansabni mas’uliyat emas, imkoniyat deb bilib yotib qolguncha otib qol qabilida ishga kirishadi. Aks holda tizimda o‘n yillardan buyon saqlanib, tobora zo‘rayib borayotgan muammolar allaqachon bartaraf etilar edi.
Hozir esa katta umid va ishonchlar bilan vazir o‘rinbosari etib tayinlangan, aksiga olib xalq bilan muloqot qilib kelayotgan Alisher Sa’dullayev tanqid va e’tirozlarga nishon bo‘lib qolmoqda. Bilaman, Alisher Sa’dullayevning qo‘lidan he narsa kelmaydi. U dala o‘rtasidagi qo‘riqchiga o‘xshaydi. Nomiga bor xolos. Tizimni isloh qilish, uni zamon talablari darajasiga ko‘tarish uchun normativ-huquqiy asoslari, jumladan «Ta’lim to‘g‘risida»gi o‘lik qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, ta’lim dasturlaridan tortib, tizimni o‘n yillardan beri kuchini so‘rib kelayotgan «kalamushlar»gacha yo‘qotish kerak.
Xalq ta’limining asosiy vazifasi har xil akademik bilimlarni bolalar kallasiga majburlab quyish emas, ularni katta hayotga tayyorlash, dunyoqarashi keng, zamon o‘zgarishlariga moslashuvchan, ijodkor, erkin fikrlovchi qilib tarbiyalashdan iborat bo‘lishi kerak. Bunga esa amaldagi ta’lim standartlari to‘sqinlik qiladi. Fanlar, mavzular, bilimlar haddan ziyod ko‘p. Agar o‘quvchilar bilimi xolis sinovdan o‘tkazilsa, asosiysining o‘zlashtirish darajasi 30 foizga ham bormaydi. Bunday ishlamaydigan tizim uchun davlat byudjetining uchdan bir qismini sarflash pul va vaqtni havoga sovurishdan boshqa narsa emas!
Manba: Fayzbog.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi