Yaqinda universitetda tahsil olayotgan dugonam qo‘l telefonida yangi yil bazmidagi rasmlarini ko‘rsatib qoldi. Rasmlar orasida chilim chekayotgan talaba qizlarni ko‘rib hangu mang bo‘lib qoldim. U bo‘lsa: «ha, endi yigitlar chekayotgan chilimdan bir tortib ko‘rishdi-da!», dedi shunday «zamonaviy» kursdoshlari borligidan faxrlangan ohangda.
Uning fikriga ko‘ra, bu ham zamon bilan hamnafaslikning bir belgisi emish. Zamon bilan hamnafas bo‘lish, deganda men shu vaqtga qadar mutlaqo boshqa narsalarni tushunar ekanman. Zararli odatlar, illatlar o‘zbek qizi uchun oddiy holga aylangani qanaqa zamonaviylik bo‘ladi?
Aslida chilimning tarkibi nimalardan iborat? Uni iste’mol qilayotganlar salbiy oqibatlari xususida biladimi?
Tadqiqotlar uning zararini isbotladi
Chilim dastlab Hindistonda paydo bo‘lib tez sur’atlarda Hindi-Xitoydan Marakkogacha bo‘lgan hududdagi davlatlarda keng tarqalgan. Yevropada esa XIX asrda ommalashdi. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti bayonotiga ko‘ra, uni muntazam chekish yurak og‘rig‘i, o‘pka va oshqozonosti bezi saratoniga sabab bo‘ladi.
Shuning uchun ham Buyuk Britaniya kardiologiya fondi mamlakatda chilimxonalar ommalashayotganidan xavotir olmoqda. Angliyalik shifokorlar o‘tkazgan oxirgi so‘rov natijalariga ko‘ra, ingliz yoshlarining 40 foizigina chilim tarkibida tamaki borligini biladi.
Bugungi kunda dunyoning ko‘plab davlatlarida, jumladan, Fransiya, Avstriya, Italiya, Germaniya kabi Yevropa davlatlari, Ukraina, Turkiya, Quvayt, BAAda chilim chekish qonun bilan man etilgan. Bunday taqiqlarga asos qilib chilim chekish oqibatida tarqalgan xavfli yuqumli kasalliklar ko‘rsatilmoqda.
– Chilim bu tamaki moddasining maxsus idishga solingan varianti, – deydi oliy toifali shifokor, O‘zbekiston Milliy universiteti tibbiy tayyorlov bo‘limi boshlig‘i Ra’no Rustamova. – Sigaret chekkanda tutun nafas yo‘li orqali o‘pkaga to‘g‘ri borsa, chilim tutuni organizmga butun a’zolar orqali asta-sekin singadi. Lekin o‘rganib qolish, shu narsaga mute bo‘lish ikkalasida ham bir xil. Chilimdagi mazali har xil mevalar ta’mi va xushbo‘y hid aslida kimyoviy moddalar natijasidir. Bir litr chilim tarkibida 1,79 mg SO (zaharli is gazi) mavjud. Uni doimiy ravishda is’temol qilgan insonda bronxial astma, o‘pka zotiljami, o‘pka sili, surunkali yo‘tal paydo bo‘ladi va so‘lak orqali oshqozonga o‘tib ovqat hazm qilish tizimini ishdan chiqaradi.
Hattoki, ayrim barlarda chilim ichiga kam miqdorda giyohvand modda qo‘shib yuborish holatlari ham uchraydi. Chunki ba’zi odamlar faqat aynan bir joydagi chilimni chekishni xohlashi kuzatilgan. Ularga faqat o‘sha joydagi chilimgina xush yoqadi. Aslini olganda, hamma chilimning ham tarkibi bir xil. Shunchaki, doimiy mijozlarga ega bo‘lish uchun zamonaviy «tadbirkorlar» qing‘ir yo‘ldan ham qaytishmaydi.
Yuqumli kasalliklar tarqatuvchisi
Chindan ham, so‘nggi paytlarda kishining ko‘zini quvnatadigan darajada bejirim, chiroyli idishlarga solingan chilim ko‘pgina kafe va barlarda ziyofat ko‘rkiga aylanib bormoqda. Ammo uning zararli asoratlarini hamma ham bilavermaydi. Bunga misol qilib, chekish nayida va chilim suyuqligida ichak tayoqchalari, stafilokokk, achitqi, zamburug‘ va boshqa mikrob aniqlanganini ta’kidlash zarur. Ziyofat chog‘ida har kimga alohida-alohida chilim buyurtirilmaydi. Bitta-ikkita chilimni hamma birgalikda navbatma-navbat chekadi. Shifokorlarning aytishicha, bu ham gigiyenik jihatdan umuman talablarga javob bermaydi. Chunki so‘lak bezi orqali ko‘pgina yuqumli kasalliklar odamdan-odamga oson o‘tadi. Eng yomoni, chilim tumshug‘i tozalanmaydigan uskunadir. Hech kim trubkani dezinfeksiya tozalovidan o‘tganiga kafolat berolmaydi. Bunday joylar nam va issiq bo‘lishi inobatga olinsa, kasallik yuqtiruvchi viruslarning rivojlanishi uchun qulay sharoitdir.
Qonun nima deydi?
Yurtimiz qonunchiligida ham chilim chekishni cheklashga oid normalar belgilangan. Jumladan, «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi Qonunning 3-moddasida «tamaki mahsuloti — tamakidan yoki uning o‘rnini bosuvchi narsadan tayyorlangan har qanday mahsulot» deb izoh berilgan. Demak, chilim tarkibida tamaki moddasi bo‘lganligi sababli qonunga muvofiq, u tamaki mahsuloti hisoblanadi. Qonunda belgilanganidek, ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan joylarda, shu jumladan, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida, (tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalar bundan mustasno), shuningdek, jamoat transportining barcha turlarida tamaki mahsulotini iste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Chilim mahsulotini taklif etayotgan restoran yoki barlar esa bu faoliyat uchun tegishli tartibda litsenziya olishi talab etiladi.
Muhimi, qonunlarimizda bu illat bilan kurashishga oid tartiblar takomillashtirilgan. Bir lahzalik huzur deb sog‘lig‘imizga katta ziyon yetkazishni o‘ylab ko‘rsak, kifoya!
Gulyora NAZAROVA
Manba: azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi