date

Retseptsiz dori sotganlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Retseptsiz dori sotganlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasida joriy yilning eng dolzarb masalalaridan biri — retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanishi muhokama qilindi. Yigʻilish davomida ushbu sohadagi javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar oʻrtasida qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi.

Ta’qdim etilgan qonun loyihasi aholi salomatligini muhofaza qilish va dorixonalar faoliyatidagi tartibni mustahkamlashni maqsad qiladi. Hujjat bilan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik kodekslariga tegishli oʻzgarishlar kiritilib, retsept asosida beriladigan dori vositalarining noqonuniy muomalasi uchun jazo choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan.

Fraksiya a’zolari ta’kidlashicha, soʻnggi yillarda ayrim kuchli ta’sir etuvchi preparatlarning noqonuniy tarzda aylanib, axloq va salomatlik uchun xavf tugʻdirayotgani jiddiy tashvish uygʻotmoqda. Shu bilan birga, javobgarlikni oshirish bilangina muammoni hal etib boʻlmasligi ham aytildi.

Deputat Kozim Tojiyevning soʻzlariga koʻra, “kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari” bilan bogʻliq noqonuniy savdo koʻpaygani achinarli holat. Ammo faqat jazo choralarini ogʻirlashtirish bilan bu illatning oldini olish qiyin. Uning fikricha, bunda profilaktika ishlari va aholining huquqiy savodxonligini oshirish ham muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, fraksiya rahbari Alisher Qodirov ham qonun loyihasi yuzasidan oʻz munosabatini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, jarimalarni ikki barobar oshirish bilan dorixonalardagi noqonuniy savdoni toʻxtatib boʻlmaydi. Bu borada nazorat tizimini kuchaytirish, litsenziya talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash va eng muhimi, inson omillarini kamaytirish zarur.

Yigʻilishda ta’kidlanganidek, partiyaning saylovoldi dasturida sogʻlom va faol hayot tarzini ta’minlash, millat genofondini asrash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Shuning uchun “Milliy tiklanish” fraksiyasi uchun sogʻliqni saqlash sohasidagi tartib-intizomni mustahkamlash ta’lim va tarbiya masalalaridan kam ahamiyatga ega emas.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Yangi tartib qabul qilinsa, dori vositalari aylanishi sohasida nazorat yanada kuchayishi va noqonuniy savdolarni keskin kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shunday qilib, fraksiya a’zolari ushbu tashabbus orqali sogʻlom avlodni muhofaza qilish va dori bozorida shaffoflikni ta’minlash yoʻlida yana bir muhim qadam tashlashdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Retseptsiz dori sotganlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi