13 oktyabr kuni NATOning yadroviy tiyib turish bo‘yicha an’anaviy yillik mashg‘ulotlari — Steadfast Noon (“Qat’iy tush”) rasmiy ravishda boshlandi. Bu yilgi manevrlar Shimoliy dengiz hududida o‘tkazilmoqda va ikki hafta davom etishi rejalashtirilgan.
Mashg‘ulotlarda NATOga a’zo 14 davlatdan qariyb 2000 harbiy xizmatchi va 71 ta samolyot ishtirok etmoqda. Ular orasida yadroviy qurol bilan ishlashga moslashtirilgan zamonaviy qiruvchi va bombardimonchi uchoklar ham bor.
Amerika Qo‘shma Shtatlari bu safar an’anaviy va yadroviy qurollarni olib yurishga qodir bo‘lgan to‘rtta ikki maqsadli F-35 qiruvchi samolyot bilan ishtirok etmoqda. Germaniya esa uchta Tornado qiruvchi-bombardimonchisi hamda to‘rtta Eurofighter Typhoon ko‘p maqsadli samolyotini yuborgan.
NATO bosh kotibi Mark Ryuttening ta’kidlashicha, “bu mashg‘ulotlar har yili o‘tkaziladi va ular yadroviy to‘xtatuvchi salohiyatning xavfsizligi, ishonchliligi hamda samaradorligini ta’minlash uchun muhim”. Uning so‘zlariga ko‘ra, manevrlar shu bilan birga “har qanday ehtimoliy raqibga NATO barcha ittifoqchilarni himoya qilishga qodir” ekanligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, ekspertlar bu mashqlar Rossiyaga aniq siyosiy-harbiy signal yuborish maqsadida o‘tkazilayotganini ta’kidlashmoqda. Ya’ni NATO, zarurat tug‘ilsa, o‘zini yadroviy qurol orqali himoya qilishga tayyorligini anglatmoqda.
Bu yilgi operatsiyaning asosiy havo bazasi Niderlandiyadagi Volkel aviabazasi bo‘ladi. Yordamchi kuchlar esa Buyuk Britaniyadagi Leykenxit, Belgiyadagi Klyayne-Brogel va Daniyadagi Skridstrup bazalarida joylashtirilgan.
Mashg‘ulotlar tafsilotlari sir saqlanmoqda. Ammo harbiy tahlilchilarning fikricha, ular yerosti omborlaridan yadroviy qurollarni samolyotlarga xavfsiz o‘tkazish, jangovar kallaklarni qiruvchi samolyotlarga o‘rnatish va ularni boshqarish amaliyotini o‘z ichiga oladi. Albatta, mashqlarda haqiqiy yadroviy kallaklar emas, qo‘g‘irchoq bombalar ishlatiladi.
Bu kabi manevrlar NATO uchun nafaqat harbiy mashq, balki strategik hushyorlik ramzi ham hisoblanadi. Ular orqali ittifoq o‘z javob berish tayyorligini va yadroviy tahdidlarga nisbatan umumiy pozitsiyasini namoyon etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!