6 219
O‘zbekistonda ta’lim tizimi inqirozga yuz tutgan yoxud nega o‘zbek yoshlari Rossiyaga yul olishmoqda?
Qozog‘istondagi mudhish voqea ko‘plab o‘zbekistonliklarni qayg‘uga solibgina qo‘ymay, savollar berishga undadi. Nega, qanday, kim sababchi, nima qilish kerak kabi savollar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Yo‘llarning yomonligi, biletlarning qimmatligi, avtobusning nosozligidan tortib, O‘zbekistondagi ishsizlik muammosigacha yozildi. Mening fikrimcha, fojianing asosiy sababi jamiyatda ta’limga sovuqqonlik bilan qaralishi, natijasi tizim butkul izdan chiqqanligidir.
Biz sobiq ittifoq davrida maktabda o‘qiganmiz. Men oltinchi sinfgacha rus sinfida o‘qib, yettinchi sinfda o‘sha maktabning eng ilg‘or o‘zbek sinfiga o‘tganman. Rus sinfida dars qilib, kitob yodlab, qo‘shimcha vazifalar qilib zo‘rg‘a besh oladigan bola o‘zbek sinfida umuman dars qilmasdan a’lochi bo‘lib qoldim. Nega? Chunki rus sinfida olgan bilimim nafaqat bitta yuqori sinf uchun, balki ikki-uch yuqori sinf uchun yetarli ekan. Sinfda a’lochi bolalarni ko‘pchilik xush ko‘rmas, nimagadir yaxshi o‘qish faqat qizlarga xos degan tushuncha mavjud edi. Tabiiyki, mahallada ham shunday munosabat, hech qaysi tengdoshim men olimpiadada yutib chiqdim, robot yaratdim yoki falon kitob-gazeta-jurnalda mana bunday deb yozilgan ekan deb maqtanmas edi. «O‘qib olim bo‘larmiding? Ana, falonchi biznesmen oldi-sotdi bilan shug‘ullanadi, o‘nta professorning oyligini bir haftada topadi» degan so‘zlarni o‘zingiz ham eshitgan bo‘lsangiz kerak.
Nega 18 million yahudiylarning vakillari jahon bank sohasi, yuqori texnologiyalari, meditsina va ko‘plab sohalarning ilg‘ori? Nega ular Nobel mukofotining 201 tasini yoki jami mukofotlarning 23 foizini qo‘lga kiritgan? Javob oddiy. Ular bolalarini yoshligidan boshlab ilm olishga, izlanishga, fanlarni o‘rganishga undashadi. Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa tez rivojlangan mamlakatlarning tarixiga qarasangiz ham rivojlanishining eng asoiy omili jamiyatning ta’limga munosabati, yuqori sifatli ta’lim tizimini shakllantira olganligi ekanini ko‘rasiz.
Biz buyuk ajdodlarimiz bilan mag‘rurlanamiz. Bu albatta yaxshi, lekin ular ming yil oldin yashab o‘tib ketishdi. Qachongacha tarixni eslab, oh-voh qilib yashaymiz? Balki o‘z ustimizda ishlarmiz? Farzandlarimizga ilmga chanqoqlikni uqtirarmiz? Kuniga hech bo‘lmasa bitta yangilik o‘rganarmiz?
O‘zbekistonning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lmish ishsizlik ham bevosita ta’limga bog‘liq. Masalan, men kompaniya ochsam, menga 10 yilini dalada o‘tkazgan, kompyuterni yoqishni ham bilmaydigan, ikki og‘iz so‘zni tuzuk gapira olmaydigan ishchi kerak emas. O‘nta shunday ishchini olsam, ertaga bankrot bo‘laman. Ish talab qilishdan oldin «o‘zim nimaga qodirman, qaysi soha bo‘yicha mutaxassisman, o‘sha kompaniyaga qanday foyda keltira olaman?» degan savollarga javob topish kerak. Katta marralarga erishgan do‘stlarimning aksariyati, hukumat a’zosi bo‘ladimi, xalqaro tashkilot rahbarimi, Silikon vodiysida ishlaydimi, barchasi bunga bilimga tashnaligi, ilmga intilishi va o‘z ustida ko‘p ishlashi natijasida erishgan.
O‘zbekistonda ta’lim tizimi inqirozga yuz tutgan. Nechta oddiy maktab o‘quvchisi jahon olimpiadalarida sovrin oldi? Qaysi o‘zbek oliy o‘quv yurti jahonning eng yuqori mingtaligiga kirdi? Nega bokschilarimiz olimpiya chempioni bo‘layotgan bir davrda yoshlarimizning ko‘pchiligi ikki og‘iz gapni xatosiz yoza olmaydi? Agar maktab o‘qituvchisi tekin mardikor bo‘lib, o‘ttizdan ortiq har xil hujjatlarga ko‘mib tashlangan bo‘lsa yuqori sifatli ta’limga qanday erishiladi? U bolalarga dars bersinmi, paxta tersinmi, temir-tersak to‘plasinmi, ko‘cha supurib, daraxtlarni oqlasinmi? Qolaversa, olgan kichkinagina oyligidan ham obuna-yu har xil tadbirlarga pul ushlab qolinsa?
Oliy o‘quv yurtlarini-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Domlalarning aksariyati sessiya va imtihonlarda «hosil yig‘ish» bilan band. Ertaga o‘sha talabangiz farzandlaringiz va nevaralaringizni davolaydi-ku, shahar infratuzilmasiga masul bo‘ladi-ku, bankdagi pulingizni vaqtida olishga ta’sir ko‘rsatadi-ku...
Kunimiz yana chala do‘xtirlarga, chala domlalarga, chala iqtisodchilarga, chala injenerlarga qoladimi?
Xulosa qilib aytmoqchiman, jamiyatda ta’limga munosabat o‘zgarmas ekan, ta’lim tizimiga talab kuchayib, tizim tuzalmas va muallimlarning nufuzi oshirilmas ekan, millionlab yoshlarimiz chet davlatlarga arzon ishchi bo‘lib ketaveradi.
Ulug‘bek Qosimxo‘jayev
AQSh
AQSh
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi