Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaru yana sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda uning o‘g‘li Flavio Bolsonaru o‘zining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 16 sentyabr kuni kechga yaqin otasi o‘zini yomon his qilgan. Xususan, unda hiqichoq kuzatilgan, qon bosimi keskin pasaygan va ko‘ngil aynishi kuchaygan. Shu bois uni politsiya nazoratida DF Star klinikasiga olib borishgan. Flavio bu holatni “favqulodda holat” deb atagan.
Bolsonaruning turmush o‘rtog‘i — sobiq birinchi xonim Mishel Bolsonaru ham o‘z bayonotida erinng bir qator tibbiy tekshiruvlardan o‘tganini va hozirda tomir orqali ukol olayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Jair Bolsonaru davlat to‘ntarishini rejalashtirganlikda ayblanib, sud tomonidan 27 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan edi. Sud jarayonida sobiq prezident 2022 yilgi saylovlarda mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng hokimiyatda qolish uchun konstitutsiyaga zid harakatlar uyushtirishga uringani ayb sifatida ko‘rsatilgan.
Bolsonaru esa o‘z aybini rad etib kelmoqda. Uning tarafdorlari va advokatlari bu sud qarorini siyosiy ta’qib sifatida baholashmoqda.
Jair Bolsonaru Braziliya siyosatining eng bahsli va o‘ta o‘ng qanot vakillaridan biri hisoblanadi. U 2019 yildan 2022 yilgacha mamlakatni boshqargan va keyingi saylovda Lula da Silvadan mag‘lubiyatga uchragan. Siyosatchi mag‘lubiyatini rasman tan olmagan bo‘lsa-da, lavozimini tark etgan.
2023 yil yanvar oyida esa uning tarafdorlari saylov natijalaridan norozi bo‘lib, Braziliya poytaxtida ommaviy namoyishlar va tartibsizliklar uyushtirgan. Ular hatto hukumat binolarini bosib olishga urinishgan, bu esa butun dunyoda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.
Sobiq prezident sog‘lig‘i bilan bog‘liq qiyinchiliklarni avval ham ko‘p marotaba boshdan kechirgan. U yetti yil avval saylovoldi kampaniyasi paytida pichoqlanganida og‘ir jarohat olgan va shundan beri bir necha marta shifoxonaga yotqizilgan.
Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaru qamalgandan so‘ng shifoxonaga yotqizildi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar