-Bu voqeaga ancha yillar bo‘lib ketdi, — deya hikoya qiladi namanganlik Abdurauf aka Ibodov. –Yoshlikda bergan ko‘ngil, ayrilmas balo ekan, deb bejizga aytishmas ekan. Menda ham shunday bo‘lgan.
Bolaligimdan xonanda bo‘lishni orzu qilardim. Maktabda o‘qib yurgan kezlarim, musiqa to‘garagiga qatnab, rubob chalishni o‘rganganman. Maktabdagi tadbirlarda rubob chalib, qo‘shiq kuylab yurardim. Ovozim shirali, qobiliyatim ham bor edi. Ammo otam san’atkor bo‘lishimga qarshi bo‘lganlar.
Shuning uchun am orzularimdan voz kechib, Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universitet)ning tarix fakultetiga o‘qishga kirdim.
Kursdoshlarim bilan tezda inoqlashib ketdik. Guruhimizda buxorolik Nigora ismli bir qiz o‘qirdi. Sohibjamol bo‘lmasa-da, istarali, yoqimtoygina qiz edi. Uni bir ko‘rishdayoq yoqtirib qoldim.
Talabalik yillarimiz juda maroqli o‘tardi. Bayramlar pul yig‘ib, birortamiznikida ziyofat uyushtirardik. Bunday kechalarga men albatta, rubobimni ko‘tarib borar va Nigoraning e’tiborini tortish uchun ham qo‘shiq kuylardim. Shunday berilib, yurakdan kuylardimki, do‘stlarim bu nolalar kimga atalganini bilishar va “bale-bale” deb qo‘yishardi. Sezardim, qo‘shiqlarim Nigoraga ham yoqardi. Ammo kuylayotganimda nigohini yerdan uzmay, ma’yus, xayolga tolib o‘tirardi. Keyin bilsam, uni amakisining o‘g‘liga unashtirib qo‘yishgan ekan…
Xullas, taqdirlarimiz ayro ekan. O‘qishni bitirgach, u Buxoroga, men esa uyimga, Namanganga yo‘l oldim.
Kunlarning birida uch-to‘rt nafar namanganlik kursdosh do‘stlarimni uyga taklif qilmoqchi bo‘ldim. O‘sha kuni tug‘ilgan kunim — 10 aprel edi. Ammo do‘stlarimni xijolat qilmaslik uchun tavallud kunim ekanini aytmadim.
Allamahalgacha gurunglashib o‘tirdik. Shunda do‘stim Komil devordagi gilam ustida osig‘liq turgan rubobni ko‘rib, talabalik yillarimizni esladi.
-O‘sha davrlarni bir eslamaymizmi, jo‘ra! – dedi u. –Qani, bitta qo‘shiq bo‘lsin!
Men rubobni qo‘limga olib ham ulgurmadim. To‘satdan uning torlari “chirs-chirs” etib uzilib ketsa bo‘ladimi?! Hammamiz hayron qoldik. Shu kuni rubobsiz, likobchani chertib qo‘shiq aytishimga to‘g‘ri keldi.
Oradan yillar o‘tdi, taqdirga tan berib, men ham oilali bo‘ldim. Shunday kunlarning birida Namangan ko‘chalarida mutlaqo tasodifan Nigorani uchratib qolsam bo‘ladimi?! U viloyatimizga ish bilan kelgan ekan. U yoq-bu yoqdan gaplashdik, oilalarimiz bilan qiziqdik. Shunda u:
-Rubob chalib turibsizmi? Qo‘shiq aytishni tashlab yubormadingizmi? — deb so‘radi.
Men unga kursdoshlar uyga kelgan kuni rubobimning torlari o‘z-o‘zidan uzilib ketganini aytdim.
-Yo‘g‘-e, rostdanmi, qachon?…
-10 aprelda tug‘ilgan kunim edi shu kuni! — dedim. Nigora bir zum tek qoldi. Ko‘zlari hayratdan katta-katta ochilib ketdi.
-10 aprel dedingizmi? – qayta so‘radi u. –Qarangki, aynan shu kuni mening to‘yim bo‘lgandi! – dedi Nigora hayajonini bosolmay.
Buni gapni eshitgach, qanchalar ajablanganimni bilsangiz edi. Bir paytlar buyumlarda ham “xotira” bo‘lishi mumkinligi haqida eshitgandim. Demak, o‘sha yillardagi barcha iztiroblarim, hayajonlarim rubobimning xotirasiga jo bo‘lgan ekan-da. O‘rtamizdagi rishtalar uzilgan kunni, go‘yo menga anglatmoqchi bo‘lganday, rubobimning simlari chirsillab uzilib ketgan edi.
Dunyoning biz bilgan va bilmagan sinoatlari ko‘p ekan…
Mavluda IBROHIMOVA yozib oldi.
Manba: mulohaza.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi