10:34 / 25.01.2018
7 162

Tirikchilik qilayotgan ayollar...

Tirikchilik qilayotgan ayollar...
O‘z hayotini ta’minlash uchun mehnat faoliyatining yangi-yangi usullari, yo‘llarini izlash — odamzodga xos xususiyat. Shu ma’noda o‘z mamlakatidan chetga chiqib ishlash jarayoni dunyo ahli uchun yangilik emas. Ammo bugun xorijda emas, turli viloyatlardan kelib poytaxtimizda ishlayotgan hamyurtlarimiz, xususan, ayollar haqida fikr yuritmoqchimiz. Xonadonlarda, qahvaxona hamda oshxonalarda yollanma ishchi sifatida mehnat qilayotgan ayollar qanday sharoitlarda ishlaydi, yashaydi, ularning haq-xuquqlari himoyalanganmi?

Shu kabi savollarga oydinlik kiritish maqsadida bir guruh ayollar bilan suhbatlashdik. Yashnobod tumanidagi bandlikka ko‘maklashuvchi markaz — “Vaqtinchalik ishlarni tashkil etish byurosi” mutasaddilarining fikrlariga qiziqdik.

“Chiqqan qiz — chig‘iriqdan tashqari…”
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahridan kelganman. Uch farzandim bor. 2012 yildan beri poytaxtda tirikchilik qilaman.

Sobiq turmush o‘rtog‘im hech qayerda ishlamasdi. Bolalarimiz yosh payti ota-onam yordam berib turishdi. Turmush o‘rtog‘imga: “Qo‘l bilan berganga qush to‘ymas. Siz ham ish topib, ro‘zg‘orni tebrating, bolalar qiynalyapti” deb, bir necha marta aytdim. Natijasi bo‘lmadi. Bolalarim betob bo‘lsa, dori-darmon, yozga yengil, qishga issiq kiyim-bosh degandek, farzandlarni ulg‘aytirish, ro‘zg‘or tebratishning o‘zi bo‘lmaydi-ku, axir…

O‘zim yettinchi sinf ma’lumoti bilan qolib ketganman. Katta opam avtohalokatga uchrab, oyog‘i singach, ko‘proq vaqtim uni parvarishlashga ketib, darslarga borolmaganman. Hozir qayerga borsam, bilimsizligim pand beradi. Vaqtida o‘qib yo biror hunarmandga shogird tushganimda edi, tayinli kasbim bo‘lardi. Biror idora eshigiga dadil ish so‘rab bora olardim. Bunday imkoniyatim bo‘lmagach, o‘zimni o‘tga-cho‘qqa urib, oila boqishning yo‘llarini axtardim. Ahvolimga joni achigan dadam: “Bunday boqimanda er bilan yashagandan ko‘ra, yolg‘iz o‘tganing yaxshi. O‘zing uchun harakat qilmasang bo‘lmaydi”, — dedi. Erim bilan qonuniy ajrashgach, ota uyimga ko‘chib o‘tdim. U yerda ikki kelin bor. Ular qovoq uyishmasa ham, “Chiqqan qiz — chig‘iriqdan tashqari”, deyishadi, qolaversa, ularning oldida ishlamay o‘tirish o‘zimga noqulay bo‘ldi. Bolalarimni ota-onamning qaramog‘ida qoldirib, poytaxtga ishlagani keldim. Bu yerda o‘zimga o‘xshagan ayollar bilan tanishdim. Ertalab soat olti-yettidan bekatga chiqib turamiz. Yunusobod, “Chorsu” taraflarda mijozlarim bor. Ularning uylarini tozalayman, kirlarini yuvaman. Ish beruvchilar orasida mehnatimga yarasha haq beradigan insoflilari ham, insofsizlari ham bor. Ayrimlari ishimizdan ayb topib, bitta xizmatni qayta-qayta bajarishga majbur qilishadi. Bir kun ish bo‘lsa, uch kun ishsiz o‘tiramiz. Topgan pulimning bir qismini ijara uyning to‘loviga bersam, qolganini tushlik hamda kechki ovqatga ishlataman.

Yaqinda oilasidan ajrashgan andijonlik bir erkak bilan tanishib, qonuniy oila qurdik. Ammo yashash uchun uy-joyimiz yo‘q. Ba’zan zarar ko‘rsam-da, indamay ketaveraman. Hech kimdan haq-huquqimni talab qilolmayman. Bu menga juda alam qiladi…

Ikki-uchta tilni biladigan, tadbirkor ayollarga havasim keladi. Men ham o‘qishim, hech bo‘lmaganda, biror hunar egallashim kerak ekan. Buni juda kech angladim. Ilgari bunga ehtiyoj bo‘lmagani uchun o‘qish shart emas, deb hisoblaganman. Shunday ahvolga tushib qolishimga ma’lum ma’noda ota-onam ham aybdor, deb o‘ylayman. Qiz bola, turmushga chiqsa, eri boqib oladi, deb taqdirimga e’tiborsiz bo‘lishgan. Qiz bolaning bilimli bo‘lishi, ayniqsa, oilali bo‘lgach juda asqotar ekan.

Qishloqqa borganimda, bolalarimning kundalik daftarlarini ko‘zdan kechiraman, yaxshi o‘qishlari kerakligini tayinlayman. O‘z hayotimning farzandlarimda ham takrorlanishini mutlaqo istamayman.
Roziya TILANOVA, 35 yosh.


To‘y xarajatlari uchun pul yig‘sam, ketaman
— Men bu yerga yaqinda keldim, — deydi Qo‘qonlik Zilola opa. — Yoshim 55 da. Qizlarimni uzatganman. Kenja qizimning o‘g‘liga sunnat to‘yi qilish niyatida yuribmiz. Hozir to‘y qilish oson emas, xarajatlar juda ko‘p. Mamlakatimiz miqyosida olib borilayotgan to‘ylarni ixchamlashtirishga oid targ‘ibot-tashviqot tufayli bitta nokerak marosimga chek qo‘yilsa, yangisi paydo bo‘lyapti.

Biz tomonlarda sunnat to‘yida qizning ota-onasi kuyovnikiga buqa olib borishi shart. To‘ybop buqalarning narxi 4,5-5 million atrofida. Koshki buqani shunday olib borsangiz. Uning yonida karnay-surnay, yana deng, shoxiga besh kilogramm novvot yoki shokolad osib qo‘yish urf bo‘lgan. Agar shu udumlardan birortasini qilolmasangiz, qizingiz malomatga, ta’nayu dashnomlarga qoladi… Shu to‘y xarajatlariga yetarli mablag‘ni yig‘ib olsam, uyga qaytib ketaman.

O‘tgan hafta bir xonadonda ikki kun ishladim. Uch xonali uyini tozalab, tartibga keltirib berdim. Xonadon sohibasi xizmatim uchun 150 ming so‘m berishni va’da qildi. Lekin ish tugagach, qo‘limga ellik ming so‘m tutqazib, qolganini ikki-uch kunda beraman, deb jo‘natib yubordi. Bir haftadan buyon unga qo‘ng‘iroq qilaman, eshigini taqillatib boraman, yana bahonasi tayyor. Xullas, ishlagan haqimning qolganini berish niyati yo‘q. Agar qonuniy faoliyat yuritayotgan biror tashkilot orqali ishga yollanganimda, o‘z haqimni talab qilgan bo‘lardim. Holbuki, bunday tashkilotlarga o‘zimiz chap beramiz. Boisi, qonuniy yo‘l bilan ish qilish, o‘rganmaganim uchunmi, bir oz qiyin tuyulaveradi.

Murosai madora qilamiz

— O‘n to‘rt yashar o‘g‘limni “Paxtakor” futbol akademiyasiga joylashtirish uchun kelgandim, — deydi surxondaryolik Dilfuza ismli ayol. — Uni ijara uyga joylashtirdim. Hozir o‘g‘lim sinov muddatida. Uning kundalik yo‘l kirasi, osh-ovqati uchun mablag‘ topish ilinjida ishlayapman.

Bir odam uyini ta’mirdan chiqargan ekan. Tozalash uchun kelishib, olib ketdi. U yerga borsam, g‘isht, og‘ir-og‘ir temir bo‘laklarini yerto‘laga tashishga majbur qildi. Katta-katta o‘g‘illari bor ekan. “Og‘ir narsalarni tashishga farzandlaringiz ham yordamlashsin”, desam, “Sizga shu ishingiz uchun pul to‘layman”,— dedi. Noiloj ishlayverdim.

Har xil odamlarga duch kelamiz. Bolalarini bizga yordam berishga undaydigan, mehnatga o‘rgatadigan ota-onalar ham ko‘p. O‘zlari ayol bo‘la turib, bizga past nazar bilan qaraydiganlari ham yo‘q emas. Na chora, birini “opa”, birini “aka” deb, murosai madora qilaveramiz-da.

Turli vaziyatlar bo‘lishi tabiiy
Yetti yildan buyon shu yerda tirikchilik qilaman. Bitta qizim bor. Uni qaynanamning qaramog‘ida qoldirganman.

Yon daftarimga ish beruvchi mijozlarimning telefon raqamlari hamda yashash manzillarini yozib boraman. Qayerga ishga borsam, ish haqimni kelishishdan avval, ish beruvchining shaxsini surishtiraman.

O‘tgan yili maktab-internat oshxonasiga idish yuvish uchun olib ketishdi. Idish yuvish vositasini so‘rasam, kir yuvadigan vosita berishdi. Kechga borib qo‘llarimga toshmalar toshib ketdi, isitmam ko‘tarildi. Xo‘jayinim shifoxonaga olib borgandi, davolanishga yotqizishdi. Davolanish xarajatlarimni ish beruvchiga to‘lattirdim.

Ba’zi odamlar ish bitgach, pul berishga kelganda, ishimizdan ayb qidirib, kelishilgan pulni bermaydi yoki pulsiz haydamoqchi bo‘lishadi. Bunday vaziyatlarda ichki ishlar xodimlariga murojaat qilaman, ular vaziyatga aralashgach, haqimni undirib berishadi.
Gulzoda ShODMONOVA, Samarqand viloyati.


Huquqi kafolatlangan yollanma ishchi kim?
Vaqtinchalik ishlarni tashkil etish byurosi 2010 yilda ishga tushgan. Ushbu byuro shahar bo‘yicha 8ta hududida joylashgan, Bektemir, Mirobod, Yakkasaroy tumanlari ham Yashnobod tumaniga biriktirilgan. Toshkent shahar hokimining 2012 yil 31 yanvardagi “Vaqtinchalik ishlar bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi 51-sonli qaroriga asosan, bizga murojaat qilgan fuqarolarni vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazamiz. Murojaat qilgan ishchi pasportining asli hamda nusxasi, 4 dona surat bilan keladi. Ularni ro‘yxatga olib, so‘rovnoma to‘ldiramiz. Ichki ishlar xodimlari barmoq izlarini oladi. So‘ng vaqtinchalik bir martalik ishlarni tashkil etish markazi ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risida bir oy muddatga ma’lumotnoma yozib beramiz. Barcha xizmatlar bepul amalga oshiriladi. Bundan tashqari, 6 oy muddatga ham guvohnoma beriladi. Bu guvohnomani olish uchun fuqaro Toshkent shahrida vaqtinchalik yashash uchun ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.

Gohida yollanma ishchilar arzimagan summani to‘lashdan og‘rinib, o‘z haq-huquqlarini kafolatlash huquqidan mahrum bo‘lishadi.

Tumanimiz bo‘yicha 2017 yilning 9 oyi mobaynida 7922 nafar fuqaro ro‘yxatdan o‘tgan. Shulardan 745 nafari ayollardir.

Ishchilar ertalab soat 6:00 dan byuroga kelib turishadi. Ayollar Qo‘yliq bozori atrofida hamda ko‘prik tagida yig‘ilishadi. Ish beruvchi ularga ish taklif qiladi, xizmat haqini kelishishadi.

Ishchilarning ayrimlari ish haqini ololmaganidan shikoyat qilishadi. Yollanma ishchi haq bo‘lsa, biz ularning manfaatlarini himoya qilamiz. Yollanma ishchining hayoti bilan bog‘liq jinoyat sodir etilsa, profilaktika inspektorlari, mahalla oqsoqollari aralashib, bartaraf qilishadi.
Saidrahim NURMATOV,
Yashnobod tumani bandlikka
ko‘maklashuvchi markaz bosh inspektori.


Norasmiy bandlikning salbiy tomonlari ko‘p
Vaqtinchalik — bir martalik ish bilan shug‘ullanayotgan ayollar ijtimoiy himoyalanmagan mehnat faoliyati bilan band bo‘ladi. Mehnat jarayonida ular shikastlansalar, hech kim uning to‘lovini to‘lab bermaydi. Norasmiy bandlikning salbiy tomonlaridan yana biri ish beruvchi yollanma ishchini istagancha mehnat qildirishi mumkin. Uning ishlash, dam olish, tushlik qilish vaqti ish beruvchi tomonidan belgilanadi. Davlat korxonasida ishlaydigan ishchi bilan esa mehnat shartnomasi tuziladi. Unda xodim va ish beruvchining huquq va majburiyatlari aks ettirilgan bo‘ladi. Agar xodimning huquqlari poymol bo‘lsa, javobgarlik masalasi yuzaga keladi.
Shahnoza G‘AFFOROVA,
Respublika “Oila” ilmiy-amaliy
markazining oila va huquq bo‘limi ilmiy xodimi.


Yurtimizda oilalar, ayniqsa, ayollarga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Mamlakatimizda amal qilinayotgan yuzdan ortiq normativ huquqiy hujjatlar ayollarning mehnat qilish, yashash tarzini yaxshilashga xizmat qiladi. Ayollarga ish o‘rinlari yaratish, ularning tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, uy bekalarini kasanachilik asosida ish bilan ta’minlash mavzusi bejiz qayta-qayta tilga olinmayapti. Chunki ayol eng avvalo kelgusi avlod tarbiyachisi hamdir.

Tirikchilikning aybi yo‘q, deyishadi. Chindan ham, farzandlariga yaxshi kelajak yaratib berish uchun og‘ir mehnatga ham ko‘nayotgan ayollarimiz borligi — haqiqat. Norasmiy va huquqlari himoyalanmagan holda ishlayotgan ayollarimiz soha mutasaddilarining yuqoridagi maslahatlariga amal qiladilar, degan umiddamiz. Shundagina ular o‘z salomatliklarini, haq-huquqlarini xavfdan asragan bo‘ladilar.
Nigora RAHMONOVA.

Manba: tasvir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tirikchilik qilayotgan ayollar...