11:42 / 28.01.2018
11 210

Internet do‘konlardan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?

Internet do‘konlardan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
Uch yillar chamasi avval bola tarbiyasi bilan uyda o‘tirib qolgan dugonam internet-do‘koni ochmoqchi ekanini aytdi.
– O‘ylab ko‘rsam, onlayn-do‘kon ochish qulay ko‘rindi. Internet tarmog‘i orqali dunyoning istalgan burchagida mahsulotga buyurtma beriladi. Kargo xizmati orqali buyurtmalar yetkaziladi. Ijtimoiy tarmoqlar – instagram, feysbuk va telegram orqali yig‘ilgan mijozlarga sotiladi, – dedi u.
– Biz o‘zbeklarda “Otang – bozor, onang – bozor”, degan gap bor. Xaridor sotuvchi bilan talashib-tortishib, oladigan mahsulotini qayta-qayta tekshirib, sifatiga ishonch hosil qilgach, xarid qiladi.
Dugonam ish boshladi. Uning onlayn tijorati haqida keyinroq gapiraman. Bugungi mulohazalar internet-xaridlar, onlayn-do‘konlar va xaridorlarning ularga bo‘lgan ishonchi qay darajada ekani xususida.

“Onlayn-do‘kon”lar IShONChLIMI?
Biz yashayotgan axborot asrida telekommunikatsiya vositalari shu qadar hayotimizga o‘rnashib olgan-ki, internet har sohada beminnat dastyorimizga aylandi. Onlayn-do‘konlar faoliyati ham allaqachon bizni hayratlantirmay qo‘ygan. Ammo bu kabi do‘konlar qanchalik ishonchli va qulay?
– Ish sababidan Turkiyada yashaymiz, – deydi Soliha Bonu ismli feysbuk ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi. – Bu yerda ko‘pchilik internet-do‘konlar, hatto onlayn oshxonalar xizmatidan foydalanadi. Yaqinda bir firmaning reklamasiga uchib, ozdiruvchi dori vositasiga buyurtma bergandim. Yuz foiz tabiiy va zararsiz ekani reklama qilingan bu vositani olib kelishdi. Yaxshigina pul to‘ladim. Ammo icha olmadim. Ta’mi yoqmadi. Essiz shuncha pul! Bir kuni dorixonaga kirsam, aynan o‘sha firmaning o‘sha dori vositasi yarim narxida sotilayotgan ekan. Onlayn-do‘kondan boshqa narsa sotib olmaslikka ahd qildim...

Hulkar Nurxo‘jayeva:
– Men odatda farzandlarimga va o‘zimga zarur narsalarni onlayn-do‘konlardan xarid qilaman. Bunday xaridning qulayliklari juda ko‘p. Navbat kutmay, xohlagan narsangizni tanlash imkoniyati bor. Shaharning u burchagidan bu burchagiga yo‘lkira sarflab, chopib yurmaysiz. Bolalar bilan sovuq yoki issiq kunlarda bozor rastalari oralamaysiz. Vaqt, quvvat va mablag‘ tejaladi. Narxlar qoniqarli.
Mahsulotni tanlaganingizdan keyin bahosini boshqa internet-do‘konlardagi narxlar bilan solishtirib ko‘rish mumkin. Xaridga ba’zan qo‘shimcha sovg‘alar ham berishadi. Kecha- kunduz uzluksiz tarzda ishlaganligi sababli, qulay paytda mahsulot tanlash mumkin. Men telegram ijtimoiy tarmog‘idagi kanallar orqali juda ko‘p internet-do‘konlarga a’zo bo‘lganman. Har daqiqada yangi tovarlar haqida ma’lumotlar kelib turadi. Ko‘nglimga yoqsa, buyurtma beraman. Uzog‘i bilan o‘n kunda yetkazib berishadi. Pulini esa tovarni uyga olib kelib berishganidan keyingina to‘layman. Tovar yetkazilishi sal kechikkan paytlar ham bo‘lgan.

Dildora A’zamova:
– O‘g‘lim internet-do‘konlardan foydalanadi. Turli xil kiyim-kechaklar, aksessuarlarni chet eldan buyurtma qilib, oladi. Yaqinda menga sport zaliga kiyish uchun kiyim buyurtma qilgan edik, sifati yaxshi chiqmadi. Kiya olmadim. Arzon narxda bo‘lganligi uchun qiziqib, oluvdim. Baribir o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib, sifatini tekshirib olganga yetmas ekan.

Nigora Egamova:
– Internet-do‘konlariga ishonmayman. “Turkiyada ishlab chiqarilgan” deb Xitoy davlati mahsulotlarini olib kelishadi. O‘lchovlari to‘g‘ri kelmaydi. “Kichik o‘lcham, katta o‘lcham” deb bahona qilishadi. Bunday qarasangiz, o‘sha o‘zingiz buyurtma bergan o‘lchamdagi kiyim, lekin yo katta, yoki kichik keladi. Bozordan xarid qilgan ma’qul nima kerak bo‘lsa. Bitta krossovka va bitta sport kostyumi buyurtma qilgandim. 10 kunga deb, ikki oyda yetkazishdi. Krossovkaning sifati yaxshi, lekin sport kiyimi internet-do‘koni saytida ko‘rsatilgandek emas. Narxi arzon, lekin ikki marta xarid qilgandan ko‘ra, sal qimmatroq bo‘lsa ham bozordan olgan yaxshi, menimcha.

ONLAYN-SAVDO KIMGA QULAY?

Onlayn-savdolar bugungi kungacha internet-do‘konlari orqali amalga oshirilardi. Endi esa messenjerlardagi botlar ham bu yo‘nalishdan o‘z o‘rnini egallamoqda.
Bozor rastalarida, do‘konlarda savdo qiluvchi tadbirkor internetda ish boshlasa, savdo majmuasini qurish, binoni ijaraga olish kabi tashvishlar bilan boshini qotirmaydi. Yaxshi loyiha va mavjud mahsulot bilan qisqa fursatda qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ladi. Hozircha onlayn savdoda raqobat sust. Hududiy chegaralar yo‘q: Nafaqat tuman, balki viloyat, qo‘shni viloyatlar hamda butun Respublika bo‘ylab mijozlarni topish mumkin.
Kuniga 24 soat, haftasiga 7 kun ishlasa bo‘ladi. Xaridorlarning vaqti tejaladi. Ko‘p xodimlar ishga yollanmaydi. Eng muhimi, internet-do‘konlari ochish va yuritishda ko‘p mablag‘ sarflanmaydi. Kerakli bilim va tushunchaga ega bo‘lish, sifatli xizmat ko‘rsatish bilan ishni kengaytirish mumkin.

TO‘LOVLAR QANDAY BO‘LADI?
UzCard – onlayn plastik kartalari orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratilgan. Bu sohada yetakchi kompaniya Click hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu kompaniya xizmatlaridan 2,2 milliondan ortiq o‘zbekistonliklar foydalanmoqda va bu katta raqam. Bundan tashqari, PayMe, PayCom, UPay, MBank, WoyWoo kabi onlayn to‘lov tizimlari samarali faoliyat olib bormoqda. Ular bilan turli biznes vakillari hamkorlikni yo‘lga qo‘yishmoqda, foydalanuvchilari uchun qulaylik yaratishmoqda.

HUQUQShUNOS NIMA DEYDI?
Amrullo Ahmedov, advokat:
– Internet-savdoni amalga oshirishda nimalarni inobatga olish lozim?
– “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga ko‘ra, internet-do‘kon ochganda axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan shart­nomaga muvofiq amalga oshiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) oldi-sotdisi bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini ko‘zda tutadigan elektron tijorat ishtirokchisiga aylaniladi. Yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor elektron tijorat sotuvchisi bo‘lishi mumkin. Elektron tijorat shaklida amalga oshiriladigan ulgurji va chakana savdo “Ulgurji va chakana savdo faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom va O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari bilan tartibga solinadi.
Onlayn tijorat vositasida “Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari bilan tasdiqlangan ro‘yxat”ga muvofiq aylanmadan olib qo‘yilgan yoki aylanmadagi cheklangan tovarlardan boshqa har qanday tovar sotilishi mumkin. Masalan, alkogol va tamaki mahsulotlari ushbu ro‘yxatga kiritilgani uchun ularni internet-do‘kon orqali sotish taqiqlanadi.

Ma’lumot uchun: Qayd etish o‘rinliki, jahon tajribasida keyingi yillarda internetdan xarid qilish hajmi ortdi. Masalan, Rossiya­da endilikda ishga yaroqli aholining qariyb 40 foizi internet-do‘konlarga muntazam buyurtmalar beradilar. Keyingi uch yil ichida onlayn-xaridorlar soni 2,5 barobarga o‘sdi. Bu o‘sish asosan eng faol xaridorlar sirasiga kiruvchi yoshlar hisobiga bo‘lmoqda. Internet orqali xarid qilinayotgan eng mashhur tovarlar toifalariga maishiy texnika va elektronika (40 foizdan ziyod), kiyim-kechak va poyabzal (15%), avtoehtiyot qismlar va uy-ro‘zg‘or buyumlari (10%dan) kiradi. O‘zbekistonda sayyohlik va xizmat ko‘rsatish, uyga fast-fud yetkazib berish, tantanali marosimlarni uyushtirish, fitnes-klublarga abonementlar sotib olish va boshqa yo‘nalishlarning ham istiqboli porloq.
Internet-xaridlarning 40 foizidan ziyodi maishiy texnika va elektronikaga to‘g‘ri keladi.

Xulosa o‘rnida
Maqola avvalidagi dugonam bilan bo‘lgan suhbatga qaytamiz. Olti oylardan so‘ng uchrashganimizda onlayn-do‘koni haqida so‘radim.
– Bo‘lmadi, – dedi hafsalasiz qo‘l siltab. – Kiyim-kechaklar, choyshab va ro‘zg‘or buyumlari savdosini yo‘lga qo‘ygandim. Xitoy, Turkiya va Amerika davlatlarining internet firmalaridan buyurtma bilan kelgan bir qancha mollarim uyda yotibdi. Xaridorlar buyurtma qilishdi-yu, mahsulotni ko‘rgach, olgisi kelmadi. Keyinchalik o‘ttiz, ellik foiz oldindan to‘lov sharti bilan buyurtma qabul qilishga o‘tdim. Ammo baribir kutganimday bo‘lmadi. Haq ekansiz. Odamlarimiz surat yo video rolikka ishonib xarid qiladigan anoyi emas ekan...
Ana shunaqa gaplar.

P/S: Aytmoqchi, instagram ijtimoiy tarmog‘idagi onlayn-do‘konlaridan birida reklama qilingan bejirim ko‘ylak suratiga maftun bo‘lib, o‘lchamimga mos buyurtma berdim. Ikki haftalik intiqlikdan keyin ko‘ylakni “jonli” ko‘rish baxtiga erishdim... Ammo buni baxt deyolmayman. Nega deysizmi? Bunisi endi boshqa maqolaga mavzu bo‘la qolsin...
Umida Adizova, Madina Allaberganova tayyorladi.

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Internet do‘konlardan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?