15:47 / 02.02.2018
13 968

Qo‘shxotinlik - nafsga qul bo‘lish...mi?

Qo‘shxotinlik - nafsga qul bo‘lish...mi?“Hayot — juda murakkab. Bir qarashda esa biz o‘zimiz uni murakkablashtirayotgandekmiz”, degan ekan allaqanday donishmand. Yashar ekanmiz, qiyinchiliklar mudom bo‘lgan va biz insonlar bu qiyinchiliklardan o‘tish uchun yengil yo‘l axtarishga o‘chmiz. So‘zboshini bejizga qiyinchiliklaru murakkab hayotdan boshlaganim yo‘q. Insoniyatning qoniga singib ketgan xudbinlik, nafsga qullik, johillik kabi illatlar go‘yoki qiyinchiliklardan so‘ng tug‘iladiganday.

Biroq bir ishga qo‘l urishdan avval tarozining ikki pallasini tortib ko‘rish shart. Ayniqsa, biz uchun qadrli insonlar borasida. To‘g‘ri, oiladagi er-xotin janjallari, asabbuzarliklar, o‘rtadagi rishtalarning darz ketishi, umuman, kundalik ko‘ngilsizliklardan ko‘p hollarda charchaymiz, aytish mumkinki, to‘yib ketamiz. Qayerdandir qandaydir huzur-halovat istab qolamiz. Ayollar-ku or-nomus masalalariga jiddiy yondashib (ba’zi ayollar bundan istisno), o‘zlarini “ko‘cha”ga urmaydilar. Yig‘lab-siqtash, nolish, nari borsa ota uylariga ketib qolish bilan cheklanarlar. Biroq erkaklar… Eh, erkaklar alohida bir dunyo.

“Turmushimizning dastlabki yillari juda go‘zal o‘tdi. Garchi sevishib turmush qurmagan bo‘lsak-da, bir-birimizga mehrimiz tushgandi. Yillar o‘tib, uch farzandning ota-onasi bo‘ldik. Baxtli edik. Ammo qani endi mana shu “ammo” bo‘lmasa-yu, men hamon baxtli ayolligimcha qolsam. Afsuski, erim ikkimizning o‘rtamizda hozir katta jarlik bor. Hamma balo uning ikkinchi marta uylangan kunidan boshlandi. Ayol uchun bu qanchalar iztirob ekanini faqat ayollargina tushuna oladi. Avvaliga chiday olmayman deb ajrashishga qaror qildim. Keyin esa farzandlarim va ularning kelajaklari ko‘z oldimga keldi.

“Chidolmayman”, deya adashgan ekanman, insonning joni temirdan degan gap haqiqat. Mana, hamon erim bilan yashayapman. Lekin bizning hayotni hayot deyish to‘g‘ri bo‘larmikan?! Goh rashk, goh moddiy ta’minotning yetishmasligi va yana bir qator noxushliklar sabab kunda-kunora janjal ko‘tariladi. O‘rtada bolalarimning yuragi ham vizillab qolgan. Alamimni kimdan olishni bilmay, ularni tez-tez do‘pposlaydigan odat chiqardim. Nima qilay, o‘zimni hech bosolmayapman. Kundoshimni esa Xudoga solib qo‘ydim. Qolganiga ojizman” (muxlis hikoyasi).

Qo‘sh xotinlik xususida mulohaza qilarkanmiz, bizdan nihoyatda katta e’tibor talab qilinadi. Bu mavzu shu darajada nozikki, sababi, muqaddas dinimizda bu xususdagi inkor etib bo‘lmas haqiqatlar belgilab qo‘yilgan. Ayni shu vajdan juda ko‘p erkaklar ko‘p xotinlik borasida vijdonlarini bo‘shatib yuborarlar, ehtimol. “Dinda ruxsat berilgan-ku, shu kifoyada” — aksariyat erkaklar ayni shu gapni o‘zlariga qalqon qilganlar. Vaholanki, din tomonidan olib qaraydigan bo‘lsak ham qo‘sh xotinlikning amal qilinishi lozim bo‘lgan juda katta talablari bor. Avvalo, ikkinchi bor uylanishda faqat ko‘ngilxushlik emas, balki beva, nochor ayollarga qilinadigan savobli yordamlar nazarda tutilgan.

Agarda bir erkak rafiqalari o‘rtasida adolat qila olmas ekan, ham man’an, ham moddiy tomondan ularni baravar ko‘rmas ekan, buning ham qat’iy hukmlari bor. Bu fikr­lar “dinda ruxsat etilgan” deya o‘z nafsining kirdikorlarini shu yo‘l orqali xaspo‘shlashga urinayotganlar uchun. O‘rtada adolat, muhabbat yo‘qolgan, bolalar yetim qolgan, tinchlik unutilgan oilada, jirkanch niqobni kiygan ba’zi erkaklar “talab etiladi” degan mezonlarni ham qayta o‘rganib chiqsalar, foydadan xoli bo‘lmasdi.

«Erkak kishi uyidan topolmagan mehrni ko‘chadan qidirishi rost. Do‘stlarimdan ba’zilari o‘zlariga yoqqan juvonga uylanib, baxtli hayot kechirishayotganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Bu ish xususida biroz o‘yladim va ularning “Ko‘chada harom yurgandan ko‘ra, uylansang yomonmi?” degan gaplaridan so‘ng shu qarorim ustun chiqdi. Men ham rafiqam so‘nggi paytlar ko‘nglimga o‘tirmay qolgani uchun ikkinchi marotaba uylandim. Ikkinchi xotinim dastlabki oylarda mendan hech narsa talab qilmadi. Unga mehr, e’tiborim kerak edi, xolos. Lekin biroz o‘tib hayotimiz uni qoniqtirmayotgani haqida ko‘p gapiradigan odat chiqardi. Bugungi kunga kelib esa boshim g‘avg‘oda. Qaysi xotinimning yoniga bormay, janjal!

Aslida-ku, xotinimning javrashlaridan qutulish uchun ikkinchi marta uylangandim. Ammo endi ikki o‘t orasidaman. Bolalarim ham menga teskari bo‘lib qolgandek. Yozilib gaplashishmaydi, qovoqlaridan qor yog‘ib, mudom tund kayfiyatda yurishadi. Gapning ochig‘i, ikki tomonga pul yetkazib berishim ham tobora qiyinlashib ketyapti. Goho o‘ylab qolaman, balki nafsim yo‘lida ikki ayolimni ham qurbon qilayotgandirman. Vijdonim qiynaladi, lekin ortga endi yo‘l yo‘q» (nomini sir tutgan muxlisimiz).

Tarixdan bizga ma’lumki, hatto Amir Temur saltanati qulashining asosiy jihatini ham ayni ko‘p xotinlik va bolalarning boshqa onalardan bo‘lgani tashkil etadi. Kundoshlarning bir-biriga bo‘lgan o‘zaro nafratini ko‘rib o‘sgan bolalar, tabiiyki, o‘gay aka-ukalariga nisbatan adovat va g‘ayirlik bilan katta bo‘lishadi. Umuman olganda, bu borada tarixiy varaqlarni sahifalash ham shart emas. Mulohaza bilan fikr yuritsak, qo‘sh xotinlikka kim ko‘proq qo‘l uradi. Albatta, badavlat erkak. Badavlat erkakda esa merosxo‘rlar va janjallarga sabab bo‘luvchi omillar bisyor.

Erkak har ikki tomonni moddiy jihatdan qanchalik teng ko‘rsa ham keyinchalik, baribir, ancha ziddiyatli vaziyatlar kelib chiqishi turgan gap. Abdulla Qodiriy ham “Mehrobdon chayon” asarida Xudoyorxonning qo‘sh xotinligini qoralab chiqqan. Ya’ni bunday holatda oiladagi sog‘lom muhit buziladi, bu esa jamiyat muhitining buzilishiga olib keladi. Qo‘sh xotinlik xususida gap ketarkan, ikkinchi xotinlikka ko‘ngan ayolning ham ruhiyatiga zarar yetishini unutmaylik.

“Birinchi turmushim o‘xshamagani sabab oilamdan ajrashdim. Yosh, navqiron, ko‘hlikkina juvonligim sabab ko‘cha-ko‘yda yomon nazar bilan qaraydiganlar ko‘paydi. Farzandim yo‘qligi, yolg‘izlanib qolganim bois anchadan buyon taniydigan tanishimning taklifiga rozi bo‘ldim. Hozir o‘sha tanishimning ikkinchi xotiniman. U haftada ikki-uch kun mening uyimga kelib turadi. Avvaliga “Ikkinchi nikohimni asrayman, endi chiroyli oila quraman”, degan havasda edim. Biroq ikkinchi xotin bo‘lish itning orqa oyoqlariga aylanishdek gap ekan. Ustiga-ustak, yomon ko‘z bilan qaraydiganlar soni kamaydi, deb ham aytolmayman. Aksincha, “Birovning oilasini buzib, tegib olgan”, degan tamg‘a urildi peshonamga. Menga o‘xshaganlarni jamiyat buzg‘unchisi, oila kushandasi, deb atashadi. Gulday oilaning, bir ojizaning baxtiga chang solgan uyatsiz, deyishadi. Lekin men ham yoshligimda bir kun kelib ikkinchi xotin bo‘laman, deya niyat qilmaganman. Dardim o‘zimga ayon!

Har uch kunning birida rafiqasi bilan tortishib qolganida, faqat huzur istaganda yonimga keladigan emas, doim meni deydigan, qalbim va ruhiyatimga oshiqadigan sevikli juft orzum edi. Nachora, taqdir ekan» (ismi sir tutilgan muxlis).

Xolis fikr yuritish oson emas, aziz muxlis. Zero, hech bir inson boshdan-oyoq farishta bo‘lmaganidek, boshdan-oyoq yovuz ham bo‘lmaydi. “Ikkinchi xotin” juda qo‘rqinchli va og‘ir nom. Ikkinchi xotinlar o‘zlarini qadrsiz, ba’zida kerak bo‘lib qoladigan, qo‘pol qilib aytsak, zaxiradagi fohishadak his etadilar. Bora-bora o‘zlariga ishonchni, qat’iyatni yo‘qotadilar va kirib qolgan tor ko‘chalarida ezilishni boshlaydilar. Juftingni “Bugun kelib qolarmikan?” degan o‘y bilan kutish naqadar azob ekanini tasavvur etib ko‘ring-a. Yo‘q, hatto tasavvurni ham ravo ko‘rmayman sizga, aziz muxlis! Darhaqiqat, hech bir ayol yo‘qki, bolaligida ikkinchi xotin bo‘lishni orzu qilsa.

Yolg‘izlik insonni ko‘p xatolarga majbur etar, ehtimol. Lekin soxta baxtga aldanib, vaqtinchalik halovatga uchib har kuni ming bor o‘lgandan ko‘ra Yaratgandan baxt tilash, chin taqdrni kutish durust emasmikan? Zero, o‘zganing baxtsizligi evaziga kim baxt topibdiki, ikkinchi xotinlar topsa?! Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz joizki, bu vaziyat jamiyat buzilishida dolzarb masala bo‘lib turibdi. Gap jamiyat xususida ketarkan, barchamiz bunga jiddiy e’tibor qaratishimiz va har bir ishimizni tarozi pallasida tortib, so‘ng bajarishimiz kerak.

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qo‘shxotinlik - nafsga qul bo‘lish...mi?