Bu nima? O‘sha nomlar bilan faxrlanishmi yoki nodonlarcha o‘rlikmi?
Foto: “Baltnews”
Kinoya
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga ancha bo‘ldi. O‘sha kundan beri 21 oktyabr O‘zbekistonda til bayrami, o‘zbek tili bayrami sifatida nishonlab kelinadi. Bir kun!
Qolgan kunlarda-chi? Qolgan kunlarda darrov aslimizga qaytib olamiz. Tilimizga ham e’tibor bermaymiz, o‘zbek tilida ham hadeganda gaplashavermaymiz. Gaplashganda ham o‘zbekcha gaplasharmikanmiz?
Daniyada o‘zbek raqs maktabini ochgan, o‘zbekcha raqslarni qoyilmaqom qilib ijro etadigan, xalqimizga muhabbati cheksiz bo‘lgan Katya Daniella bilan muloqotimiz chog‘ida bir narsaga ahamiyat berdim. Katya o‘zbek tilida ravongina emas, toza ham gapirar ekan. Bizga o‘xshab o‘rischa so‘zlarni qo‘shib gapirmas ekan. Ana shunda o‘zimning tilim, qanday gaplashayotganimiz haqida o‘ylab qoldim.
Qishlog‘imning oti Papanin. Do‘stlik bo‘lganiga 25 yil bo‘lsa-da, hamma baribir Papanin deydi. O‘tgan asrda atrofimizdagi qishloqlar Lenin, Jdanov, Kirov, Kaganovich, Osipenko, Krupskaya, Kalinin, Voroshilov, Marks, Engels, Telman, Roza Lyuksemburg, Moskva, Leningrad, Avrora, Gagarin nomlarini olgan. Achinarlisi, haligacha odamlar tilida bu joylar o‘sha nomlar bilan atab kelinmoqda.
Bu nima? O‘sha nomlar bilan faxrlanishmi yoki nodonlarcha o‘rlikmi?
Samarqandda “Povorot” degan joy bor. Undan o‘tsangiz “Mikrorayon”. Bir zamonlar bu joylar Damariq deb nomlangan. Keyingi mavze “Sogdiana”. Asl nomi – So‘g‘diyona aqalli konvertning ustiga ham yozilmaydi. Shimol tomon yursangiz “Dalniy lager”, keyin “Voyenni gorodok” keladi. Shahar markazi esa “Leninski”. Lenin ko‘chasi allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan, ammo shu atrofni hamma shunday ataydi. Eskishahar chegarasi “Universitet xiyoboni”. Hamma “Bulvar” deydi. Boboylar undan ham battarini aytishadi: “Abramovskiy bulvar”.
Bunaqa atamalar bitta bizning Samarqandda emas. Toshkentda bundan ham ko‘p. Toshkent “Ippodrom”dan boshlanadi. U yog‘i ketdi: “Kolsavoy”, “Sofiyski”, “SUM”, “Skver”, “Aviagorodok”, “Medgorodok”, “Vuzgorodok”, “Soroklet”, “Farxadski”, “Alayski”, “Tezikovka”...
Tilimizdan chiqib ketgisi kelmayotgan atamalar har bir viloyatda minglab uchraydi. Joy nomlari alohida shug‘ullanishni talab qiladigan masala. Endi tilimizda har kuni uchraydigan “buzuq so‘zlar”ga qarang! Ertalab ishga chiqishingizdan boshlanadi. “Astanovka”da avtobus yoki taksi kutasiz, to‘g‘rimi? Yo siz bekat deysizmi? Avtobusni men ham boshqacha aytolmayman. Unga chiqdingiz ham deylik. “Konduktor”dan “bilet” olasiz, to‘g‘rimi? Yo siz chipta, chipta sotuvchi deysizmi? Haliyam oldinlari bo‘lgan “aboniment” yo‘q, “komposter”ga teshib olinadigan. “Kontrolyor” bo‘lardi “quyon”larni tutadigan. Xullas, ishga keldingiz, ish “Petiminutka”dan boshlanadi. Stulga o‘tirib, boshingizni changallaysiz. Stolda bir “papka” “dokument” turibdi. Ruchkani olib, bir boshdan har birining ustiga adresini yozasiz. Har qaysini tegishli “otdel”ga yuborasiz. Keyin “obed”ga chiqasiz. Pulingizni “ekonom” qilaman desangiz, birorta “kafe”dan “gamburger”mi, “pirashka”mi yeysiz. Bir “baklashka” “mineralka”ni olib, ishga chopasiz. Oyning oxiri, “plan”ni bajarish kerak. Hademay “achchut” topshirishingiz kerak. Hammasiga “uspet” qilmaysiz. Hali ulfatlar bilan “ujin”ni qayerda qilamiz degan “problema” bor. “Tabaka”ga borgan yaxshimi, “shashlik”kami?
Uyda televizor ko‘rgingiz keladi. Qaysi “programma”ga qo‘ysangiz “tok-shou”. “Nervingiz” buzilib “kabelniy”ni sug‘urib otasiz va “parabalka”ni ulaysiz. Ko‘zingiz ilinadi. Xotiningiz keladi. “Ha, dadasi, o‘zingizni uxlaganga solayapsizmi? “Palitika” qilmang, bilasiz, ertaga “denrojdenam”. Hozirdan “podarka” so‘ramasin deb, “xitir”lik qilayapsiz-a?”, — deydi. Unga aytgan narsasini olib berishga va’da berib, boshingizga odyolni tortasiz.
Eh-he, bularning orasida qancha-qancha “buzuq” so‘zlarni ishlatasiz. Bu so‘zlarni ishlatadigan “to‘lka” siz emas, hamma ishlatadi. “Vapshe” ishlatmaydigan odamning o‘zi yo‘q. Birovga xalaqit bersangiz, “chista” o‘zbekcha so‘z aytadi: “Mushayit qilma!”. Bolangiz mashinaga mindirishni so‘rasa ham o‘zbekcha so‘raydi: “Kataysa qildirib keling!”. Xotiningiz “banka yopaman, pomidor olib keling” deydi. Xafa bo‘lmaysiz, “naborot”, xursand bo‘lasiz.
Qish kelayapti, botinkami, “sapojka”mi olish kerak. Palto ham eskirgan. Uyda “batareya”larni bir “remont” qilib qo‘yish kerak. “Truba”si yorilgan, “otoplena”ni berib qolishsa, “podval”ni suv bosib ketadi. “Cherdak”ni ham bir “uborka” qilish kerak. O‘tgan qishda kanalizatsiyaga “musor” tiqilib, avariya bo‘lgan, 9-“etaj”dan 1-“etaj”gacha suv bosgandi. “Dom”ning “neto” tomoni ko‘p-da.
“Elektrichka”, “provodnik”, “zapravka”, “kafe”, “bar”, “budka”, “GAI”, “pereval” atamalari eskirmayapti, aniqrog‘i, yangilanmayapti. “Magazin” yangilanib, battar bo‘ldi: “butik” yoki “supermarket”. Ularda soatlab “ochirit”da turmaysiz. Kassadagi qizlar “srazi” “rachchut” qilishadi. “Nalichni” to‘lash ham shart emas, “plastik”ni ham “atkaz” qilishmaydi. Yangi xil “usluga”lari ham bor: “zakaz” qilsangiz, uyga ham keltirib berishadi. “Dostavka”si uchun o‘n “protsent” haq olishadi, xolos.
Yoshlarimiz bizdan ham o‘tishdi. Hozir hammasining qo‘lida “sotka”, undan internetga kirishib, har xil saytlardan istalgan “informatsiya”ni olishadi. Endi ular bir-biriga “helo”, “okey”, “hay”, “bay-bay” deyishayapti. “Status”imga zo‘r klip qo‘ydim, “klass” bosvor!» deyishayapti. “Komment” yozinglar, “lichkam”ga “soobsheniye” yozmanglar!» deyishayapti. “Agent”da yozishishlariga qarang: “Jon, qanaqass? Nima qivoss?”. “Asalchik, biznes qivomman, o‘zing qalesan? Chiki-chikimisan?”. “Postim”ga “layk” bosvor! Keyin manam “xashtek” qilaman».
Futbol o‘yinlarini ko‘rsangiz, “aut”, “dispetcher”, “autsayder”, “forvard”, “galkiper”ni eshitasiz... “O‘yin qoidasini buzdi” deyishning o‘rniga yaqindan beri “fol ishlatdi” deyishayapti, ko‘nmay ilojimiz qancha, mikrofon “kommentator”ning qo‘lida.
Televideniyeda avvallari hamma o‘zbek adabiy tilida gapirardi. Endi taniqli san’atkorlar ham, ba’zan diktorlarning o‘zi ham toshkentcha shevada “gapirvotti”.
O‘zbek tili davlat tili qilib belgilanganiga salkam 30 yil bo‘layotgani holda aksariyat idoralarning “blanka”lari ruscha ekaniga, sizdan ham hujjatlaringizni rus tilida to‘ldirib kelishingizni talab qilishlariga nima deysiz?
Xullas, tilimga tikanday botadigan so‘zlar, til bilan bog‘liq “problema”lar hali “naval”.
Tilim qursin! Qachon tilim tuzaladi, bilmayman. Til haqida qonun chiqqani bilan tuzaladiganga o‘xshamaydi. Menimcha, yot tildagi so‘zlarni qo‘shib gapirganlarga chora ko‘rish, har bir ishlatilgan buzuq so‘z uchun katta jarima belgilash to‘g‘risida qonun qabul qilish kerakka o‘xshaydi.
Siz nima deysiz, “zemlyak”?
Karimberdi Turamuradov
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...