Hindistonda siyosiy miting paytida yuz bergan fojea butun mamlakat jamoatchiligini larzaga soldi. Tamilnadu shtatida sodir bo‘lgan voqea ko‘plab insonlarning hayotiga zomin bo‘ldi va yana yuzlab oilalarni iztirobga soldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 27 sentyabr kuni kechqurun mashhur aktyor va siyosiy arbob Vijay o‘zining yangi partiyasiga qo‘llab-quvvatlov yig‘ilishini o‘tkazgan. Mazkur tadbirga o‘n minglab odamlar oqib kelgan va miting katta maydonda tashkil etilganiga qaramay, olomonning ko‘pligi vaziyatni murakkablashtirib yuborgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, fojia miting davomida odamlarning bir qismi sahna tomon harakatlana boshlagan vaqtda ro‘y bergan. Odamlar orasida sarosima va izdihom kuchayib, ko‘pchilik hushini yo‘qotgan, ba’zilari esa yuzlab insonlar oyoq ostida qolgan. Shu bois tez yordam mashinalari ham joyiga yetib borishda qiyinchilikka duch kelgan.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 39 kishi halok bo‘lgan, yana 50 dan ortiq kishi turli ko‘rinishda jarohatlangan. Qurbonlar orasida bolalar va ayollar ko‘pchilikni tashkil etgani aytilayapti.
Hindiston hukumatining rasmiy bayonotiga ko‘ra, halok bo‘lganlarning har bir oilasiga bir million rupiy (taxminan 11 ming AQSH dollari) miqdorida kompensatsiya beriladi. Shu bilan birga, rasmiylar voqea sabablarini chuqur o‘rganish va bu kabi holatlarning oldini olish choralarini ko‘rishga va’da berdi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi o‘z chiqishida mazkur voqeani “o‘ta qayg‘uli va juda alamli baxtsiz hodisa” deb atadi. U jarohatlanganlarga shifo va sog‘liq tilab, halok bo‘lganlar oilalariga ta’ziya bildirdi.
E’tiborlisi, Hindistonda bunday holatlar bir necha marotaba kuzatilgan. Faqatgina joriy yilning o‘zida diniy bayramlar va sport tadbirlari vaqtidagi tiqilinch oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan. Bu esa mamlakatda katta tadbirlar vaqtida xavfsizlikni ta’minlash masalasi yanada jiddiyroq e’tibor talab etishini ko‘rsatmoqda.
Bu fojea nafaqat Tamilnadu, balki butun Hindiston uchun og‘ir dars bo‘lib qolishi mumkin. Chunki har bir inson hayoti bebaho va uning asrab-avaylanishi davlat hamda jamiyat uchun eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!