Bismillahir Rohmanir Rohim.
Allohim o‘zing bizga kuch, g‘ayrat, iroda va kuchli iymon ato qil..!
Men Saidrasuliy Fotimaxon San’atullohxon qizi 2002 yil Toshkent shahrida tavallud topdim. Hozir 10-sinf o‘kuvchisiman. Yoshim 16 da. Xudo xohlasa, aprel oyida fuqarolik pasportini olaman.
Men O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi sifatida o‘zim istagan Islom diniga e’tiqod qilaman. Muqaddas, pok dinimizga e’tiqod qilarkanman, uning ahkomlariga bo‘ysunish esa farz ekanligini bilaman. Shu sababli men uzun ko‘ylak kiyaman va ro‘mol o‘rayman. Ming afsuslar bo‘lsinki, men tahsil olayotgan umumta’lim maktabida diniy qarashlarimni davlat xodimlari, mansabdor shaxslar majburan sindirishga harakat qilishmoqda. Kengroq qilib aytadigan bo‘lsam, meni maktab hududida “Ro‘mol (diniy libos emas) o‘ramaysan”, deb majburlab kelishadi. Chunki maktab hududida ichki tartib qoidalari, og‘zaki qonunlar o‘rnatilgan. Quyida ularning har biriga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
1. Maktab ichki tartib qoidalar. O‘quvchi maktabda sababsiz dars qoldirmasligi, formada kelishi, kitob, daftar va kundaligining doimo bo‘lishi, tartib bilan koridorda yurishi, tozalikka rioya qilishi, darslarga o‘z vaqtida yetib kelishi, ustozlarni hurmat qilishi va hokazolar maktab ichki tartib qoidalari hisoblanadi.
2. Maktabning ichki tartib qoidasi. Unda o‘quvchiga “yuqoridan” ko‘rsatilgan tartibdagi maktab formasini (oq kofta va qora yubka) kiyish tasdiqlanadi va o‘quvchilarga ushbu formada bo‘lishga buyuriladi. Unda belgilanishicha, faqat oq kofta va qora yubka ko‘rsatilgan va boshqa ma’lumot belgilanmaydi.
3. Og‘zaki qonunlar. Qiz bolalar sochi doimo yig‘ilgan, sochi peshonagan tushirmagan holatda bo‘lishi lozimligi, qizlar yubkasi tizzadan bir enlik ko‘rinishda pastda bo‘lishi, o‘g‘il bolalar sochi 2-3 santimetrdan oshmagan, klassik shim kiyishi, oq paypoq kiymasligi, o‘quvchilar oyog‘iga krossovka, barsovka, keda kiyishlari man qilinishi va shu kabilar qonun-qoidalardir. Bularning hammasi, deyarli barcha maktablarda bor. Bir e’tibor berib ko‘ring, hech qaysisida bilim olish, o‘qish, o‘rganish haqida gap ketmagan!
Xulosa qilib aytamanki, bularning hammasi faqat o‘zbek tilini, o‘z ona tilini bilmaydigan, o‘z tilida gaplashmaydigan komissiya, qog‘ozbozlik, hokimiyatga hisobot berish uchungina kerak, xolos.
Men va singlim 2017 yil 2 sentyabrda ro‘mol o‘rab, oq kofta, qora yubka kiyib maktabga bordik. Hammaga ma’lumki, yangi o‘quv yilining birinchi kunida maktab darvozasida bir nechta militsiya xodimlari turadi. Men va singlim maktabga yaqinlashar ekanmiz, ularning ko‘zi, butun e’tiborlari biz tomonga qaratilgandi. Maktabga yetib borib, kirmoqchi bo‘lganimizda, ular bizni to‘xtatib, bu holatda kirish mumkin emasligini aytdilar. Biz nima uchun bunday kiyinganimizni tushuntirdik. Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevnining, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning shu mavzuga oid bir nechta gaplarini keltirdik. Ularga bu gaplarni qaysi saytdan olganligimizni aytdik. Lekin maktab direktori va militsiya xodimlari internet ma’lumotlarining 99 foizi yolg‘onligini aytib, ular bizning qanday tarmoqlarga a’zo ekanligimizni tekshirib ko‘rmoqchi bo‘lishdi va qo‘limdagi planshetni olib qo‘yishga harakat qilishdi. Xullas, biz ular bilan ancha vaqt suhbatlashdik. Ularga bir necha qonunlarni ko‘rsatib, ular maktab nizomidan yuqoriligini tushuntirdik (o‘zi aslida kim kimga tushuntirishi kerak?). Lekin ular bizga og‘zaki qonunlar bor, deya tushuntirishdi. Biz nima qilishni bilmay, birorta ham darsga kirmay, uyga qaytib keldik. Keyingi kunlari maktabga ro‘molni yechib chiqdik. Men shu orada Prezident virtual qabulxonasiga aynan mana shu ro‘mol yuzasidan so‘rovnoma yozdim.
Oktyabr oylarida menga Toshkent shahar prokuraturasidan otamga qo‘ng‘iroq qilishdi va otam bilan yetib kelishimizni so‘rashdi. Portalga yozilgan so‘rovnomani Toshkent shahar prokurori qo‘lida ko‘rdim va qattik afsuslandim. Men xalqning arz dodini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezident o‘qisa kerak, deb o‘ylagan ekanman. Shahar prokurori bilan bu so‘rovnomani ustida ancha suhbatlashdik va u kishi ham “Bizni to‘g‘ri tushuning, og‘zaki qonunlar ham bor”, ammo maktab hududida ro‘molni orqadan o‘rab yurish mumkin dedi. Men va dadamning hafsalamiz pir bo‘lib, u yerdan chiqib ketdik.
Oradan 4 oy o‘tib men maktab sha’nini himoya kilish uchun ingliz tili bo‘yicha tuman olimpiadasida qatnashdim. U yerda men bir nechta qiz ro‘mol o‘rab yurganini ko‘rdim va shu zahoti bu xususida maktabimiz direktori bilan gaplashdim. Bir necha qizlar ro‘mol o‘rab yurganini ko‘rganligimni aytdim. Bundan tashqari poytaxtimizdagi maktablarda ham ro‘molni orqadan o‘rab yurishganini eshitganligimni aytdim. Maktabimiz direktori faqat men va singlimga komissiya kelgan zahoti yechish sharti bilan ruxsat berdi. Ertasi kuni, ya’ni 2018 yilning 11 yanvar kuni maktabga ro‘molni orqadan o‘rab chiqdik. Hammasi shundan keyin boshlandi. Aslida ro‘mol o‘ragan qizlar maktab tashqarisida ro‘molini yechib, keyin maktabga kirishar edi. Ammo biz maktabga ro‘mol o‘rab kirgan edik, maktab o‘quvchilari ichida juda ham ko‘p qizlar o‘rangan ekanligini ko‘rdik.
Ma’lum bo‘lishicha, ular ham maktab ichida ro‘mol o‘rab yurishni talab qilgan va tabiiyki, maktab rahbari bunga ruxsat bermagan. Chunki, ro‘molli qizlar ko‘paysa, ularni komissiya kelganida yechtirishga ulgurmay qoladi. Lekin bu qizlar ham ro‘mol o‘rashga ruxsat olishga intilaverardi. O‘sha kuni meni va singlimni direktor chaqirdi hamda bundan keyin ro‘mol o‘ramasligimizni aytdi. Biroq men prokuror ruxsat bergan-ku, desam unday deyilmaganini aytishdi. “Biz ro‘molni yechmaymiz”, dedim. Yana bir necha kun shu holda yurdik va boshqa qizlar ham ro‘mol o‘rab kelishdi. Maktab direktori bu ahvolga chidolmay, meni va boshqa qizlarni chaqirdi va o‘sha zahoti ro‘molni yechishimizni talab qildi. Men rad etdim va ro‘molim kimga xalaqit berishini so‘radim. Ular “Kelgan komissiyaga”, deyishdi. Shunday bo‘lsa, “Meni o‘sha komissiya oldiga olib boring”, dedim. Shu kuni, ya’ni 2018 yilning 19 fevral sanasida men maktab direktori va volidam bilan hokimiyatga bormoqchi bo‘ldik. Lekin, Alloh taoloning irodasi bilan maktabga tekshiruv keladigan bo‘ldi va borolmay qoldik.
Oradan ikki kun o‘tdi, ya’ni 21 fevral kuni maktabimizga Chilonzor tumani hokimining o‘rinbosari Abdurahim Xolmedov va tuman xalq ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Shahlo Siddiqxo‘jayeva tashrif buyurishdi. Ular kirgan vaqtda men formada va ro‘molni oldindan o‘rab o‘tirgan edim. Mening bunday o‘tirishimga hech kim hech narsa demadi. Ingliz tili darsida hokim o‘rinbosari, Shahlo Siddiqxo‘jayeva, maktabimiz direktori, fan o‘kituvchisi va maktab psixologi turgan edi. Hokim o‘rinbosari kimda nima shikoyat, kamchilik bor, dedi. Bunday qulay fursatdan foydalanishni Allohning marhamati deb bildim. Hokim o‘rinbosariga men shu ko‘rinishda, ya’ni oq kofta, qora yubka va ro‘mol o‘rab yursam bo‘ladimi, deb savol berdim. U kishi bo‘lsa, menga yarim rus tili, yarim o‘zbek tilida nimalarnidir tushuntirdi. Tushunganim shu bo‘ldiki, agar men bir kun ro‘mol o‘rasam, ertasi kuni boshqasi do‘ppi kiyib, yana boshqasi esa salla kiyib kelar ekan. Ular menga misol tariqasida men oilam bilan uyda stol-stulda o‘tirib ovqatlanaman va uyimda faqat stol-stul bor. Kelgan mehmon uchun men alohida xontaxta olib kelmayman yoki alohida xontaxta yasatmayman. Kelgan mehmon beixtiyor stol-stulda o‘tiradi, dedi. Faqatgina, tushunarli gapi shu bo‘ldi xolos. Qolgani faqat ruscha-o‘zbekcha aralash, qandaydir gapni olib qochar so‘zlar edi. U kishi menga nimaga asoslanib bu tarzda kelishimni so‘radi. Men prokuror gapi bilanligini va portalga yozganimni aytdim. Hokim o‘rinbosari “Sen portalga nima xohlayotganingni aniq yozmagansan, yozganlaring bir parcha “pustoy” qog‘oz”, deb gapimni yoqamga yopishtirib qo‘ydi. Men bularni hammasi telefonga yozib olmoqchi bo‘lgandim, lekin “Komissiya keladi”, deb telefonlarni yig‘ishtirib olishgandi. Ortga yo‘l yo‘q...
Ammo... Men uchun prezident va uning farmoni, Konstitutsiya, Qur’on birinchi navbatni egallaydi. Har bir ish dalili bilan bo‘lganday, asoslarimni bir chekkadan sanab o‘taman.
1. Hammaga ma’lum, Konstitutsiyaning II bo‘lim VI bobining 31-moddasida vijdon erkinligi to‘g‘risida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga amal qilish, yoki hech qaysi dinga amal qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan sindirishga yo‘l qo‘yilmaydi” deyilgan. Nima uchun men bu huquqimdan foydalana olmayman? Vaholanki, konstitutsiya bu qandaydir maktab nizomidan yuqori emasmi? Bu birinchi qonunbuzarlik.
2. Konstitutsiyaning I bo‘lim III bobining 16 moddasida “Mazkur Konstitutsiyaning birorta qoidasi O‘zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas. Birorta ham qonun yoki normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas” deyilgan. Bu ikkinchi qonunbuzarlik, ya’ni nizom allaqachon 2 ta qonunni buzishga ulgurdi!
3. 15-moddada “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinadi”. Bu uchinchi qonunbuzarlik, ya’ni ular bunday deb tan olmayapti. Mening huquqlarim himoya qilinmayapti...
4. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining Prezidentining 2017 yilning 7 fevralida qabul qilingan Harakatlar strategiyasida ham inson huquq va erkinliklarini ta’minlash o‘z aksini topgan va buning ijrosi Bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklangan.
5. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotida Islom dining pokligi xakida so‘z yuritgan. Islom dinida esa ro‘mol o‘rash ayollar uchun farzdir. Demak, o‘z o‘zidan Prezident ham bu masalaga ijobiy yondashadi.
6. Shavkat Mirziyoyev Islom diniga keng yo‘l ochib berishini haqidagi videolavhalarni qayta-qayta televizorlarda ham ko‘ramiz. Ro‘mol ham dinning katta bir bo‘lagidir.
7. Shavkat Mirziyoyev katta majlislardan birida Qur’on hech qachon yomonlikka da’vat kilmaydi, degan. Alloh taolo Qur’oni Karimdagi Nur surasining 31-oyatida aynan ayollarning ro‘moli farz ekanligi aytib o‘tgan. Demak, men ro‘mol o‘rasam, hech qachon yomonlikka yaqinlashgan bo‘lmayman. Chunki Qur’on yomonlikka da’vat qilmaydi.
8. Nizomda ro‘mol o‘ralmasin, degan joyi yo‘q. Lekin men bilan bahslashayotganlar nizomda ro‘mol o‘rasin degan joyi yo‘q-ku, deydi. Agar ro‘mol o‘rasin deganida o‘z-o‘zidan bu majburiy formaga o‘zgaradi. Ammo bizning davlatda demokratik siyosat hukm suradi.
9. Agar bu fikrlarimni hammasi noto‘g‘ri bo‘lsa, demak, bizga umuman maktabda “Konstitutsiyaviy huquq asoslari” fanida noto‘g‘ri ma’lumot berilgan. Bundan kelib chiqadiki, biz maktabda noto‘g‘ri ta’lim olyapmizmi? Nimaga bu fan qayta ishlanmayapti? Unda nimaga Konstitutsiyani o‘zini maktab nizomiga binoan yaratilayapti. Nima uchun noto‘g‘ri siyosat 26 yildan beri ishlayapti?
10. O‘zi kim bunga e’tibor berishi kerak? Davlat organlarimi yoki oddiy men kabi o‘quvchilarmi?
11. Kim bu masalada javob berishga qodir? Javob aniq, hech kim. Biz rosmana huquqiy-demokratik davlatga aylanmoqchi bo‘lsak, yurtimizda qonunlar bo‘yicha ish yuritilishi zarur. Qandaydir og‘zaki buyruqlar orqali emas!
Eng qizig‘i meni va menga o‘xshash qizlarning dodini qachon va kim eshitib bizga yordam berib savobga erisharkin..? Qachon..? Kim..?
Bir narsa meni juda ham hayratga soladi. Hamma tarmoq, hamma tizim butunlay o‘zgartirilyapti, diniy muassasalar ochilyapti, qorilar musobaqasi o‘tkazilyapti, Imom Buxoriy hazratlarining kitoblari talqin etilyapti, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining nomlari ulug‘landi, masjidlar, mozorlar obodonlashtirilyapti-yu, lekin nima uchun aynan bir metrli mato masalasiga kelganda hamma jim!
Janobi Perzidentimiz Shavkat Mirziyoyevga bizning dardimiz qachon yetkaziladi, biz kabi zaifalarga kim e’tibor beradi? Minglab odamlar aynan Yurtboshimizdan umidvor!
Najotni esa faqat Allohdan kutaman, xolos...
Fotimaxon SAIDRASULIY
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Google pochtani spamlardan himoya qiluvchi yangi funksiyani ishga tushiradi
Kim Chen In KXDR harbiylariga murojaat yo‘lladi