
O‘zbekiston shaxmat maktabi yana bir marotaba jahon sahnasida o‘z so‘zini aytdi. Nodirbek Abdusattorov London Chess Classic musobaqasida raqobatni keskin ustunlik bilan ortda qoldirib, bir tur oldin chempionga aylandi. U 8 tur yakunlari bo‘yicha 7 ochko to‘plab, 9-tur natijalaridan qat’i nazar birinchi o‘rinni kafolatladi. Bu — yigitning benihoya barqaror o‘yini va yuksak mahoratidan dalolat.
Turnirning dastlabki bosqichida u britaniyalik Gaveyn Jonsga qarshi durang qayd etgan bo‘lsa, shundan keyingi olti uchrashuvda ketma-ket g‘alaba qozonib, umumiy jadvalni boshqarishni o‘z qo‘liga oldi. 8-turda fransiyalik supergrossmeyster Alireza Firuzjaga qarshi jangdagi durang — musobaqa g‘olibligi masalasini mutlaqo hal qildi.
Endilikda Abdusattorov 9-turda ukrainalik Pavel Elyanovga qarshi o‘ynaydi. Natijadan qat’i nazar, u chempion sifatida 25 ming funt sterling (33,4 ming dollar) mukofot pulini qo‘lga kiritadi. Shu bilan birga, FIDE reytingida ham jiddiy ilgarilash qayd etdi: avvalgi yo‘qotishlardan keyin 20 ochko qo‘shib, 22-o‘rindan 12-pog‘onaga ko‘tarildi va 2752 reyting balliga ega bo‘ldi.
London Chess Classic — 2009-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan nufuzli turnir. Karlsen, Kramnik, Anand, Nakamura, Uyesli So, Karuana, Din Lijen kabi buyuk chempionlar g‘oliblik qilgan bu musobaqada o‘zbek yigitining zafar quchishi — mamlakatimiz shaxmat tarixida yana bir yorqin sahifa bo‘ldi.
Abdusattorovning bu g‘alabasi nafaqat shaxmat jamoatchiligi, balki millionlab o‘zbek muxlislarini ham ruhlantirdi. Yurtimiz shaxmatining yangi avlodi jahonning eng kuchli sahnasini zabt etishda davom etmoqda va bu yo‘lda Nodirbekning nomi tobora baralla tinglanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.