
Ukraina-AQSH uchrashuvi: Moskva bilan muloqotdan so‘ng
AQSH va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida Mayami shahrida o‘tkazilgan muhim uchrashuv yakuniga yetdi. Uchrashuvda AQSH prezidentining favqulodda vakili Stiv Uitkoff va Jared Kushner ishtirok etdi. Ukraina tomonidan esa Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov hamda Bosh shtab rahbari Andrey Gnatov qatnashdi.
Bu konsultatsiyalar Uitkoff va Kushnerning Moskvaga qilgan tashrifidan atigi uch kun o‘tgach tashkil etildi. 2-dekabr kuni ular Kremlda Vladimir Putin bilan besh soatlik muzokara o‘tkazgan edi, unda AQSHning Ukraina bilan kelishilgan yangi tahrirdagi tinchlik rejasi muhokama qilingan.
Moskva va Kiyevning keskin pozitsiyalari
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov muzokara yakunida to‘liq murosaga kelinmaganini, biroq ayrim AQSH takliflari «ma’qul jihatlarga ega» ekanini bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlar «uzoq muddatli tinchlik yechimi»ga qaratilgan.
Biroq, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy muzokaralardagi eng chigal muammo — Rossiya bosib olgan hududlarning taqdiri ekanini ta’kidlab kelmoqda. Kiyev Donbassdan qo‘shinlarni chiqarish haqidagi Moskva talabini qabul qilmaydi hamda AQSH tomonidan taklif qilinayotgan noaniq xavfsizlik kafolatlarini ham qoniqarli deb hisoblamaydi.
Kelishuvga to‘siq va diplomatiyaning yangi bosqichi
Mayamidagi yig‘ilish – AQSH, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi bir necha kunlik intensiv diplomatik marafonning navbatdagi bosqichi bo‘lsa-da, tinchlik rejasining asosiy punktlari bo‘yicha jiddiy tafovutlar saqlanib qolmoqda. Hududiy masala muzokaralarning eng katta to‘sig‘i bo‘lib turibdi.
Shu bilan birga, AQSH va Rossiya o‘rtasidagi bevosita muloqot qayta faollashayotgani xalqaro diplomatiyada yangi davr boshlanganidan dalolat bermoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.