Mavrodi prezidentlikka nomzodini qo‘yishdan ham toymadi. Ahmadboy esa Chinozdan chiqmay pul qilgan «biznesmen» edi.
Foto: «xabar.uz»
Moskvada oltmish ikki yashar Sergey Mavrodi vafot etdi. Hazilning o‘rni bo‘lmasa-da, ko‘pchilik «ruslarning Ahmadboyi o‘ldi» deb luqma tashladi. Aslida Mavrodi yaratgan moliyaviy ehrom ko‘lami Ahmadboynikidan minglab marta kattaroq edi.
1990-yillar... Bir vaqtlar qudratli hisoblangan SSSR degan davlat titilib ado bo‘lgan, hamma respublikalar mustaqillik e’lon qilgan, federatsiya maqomini saqlab qolgan Rossiya chuqur inqirozni boshdan kechirmoqda. Iqtisod cho‘kkan, uyushgan jinoyatchilik avjida, shu paytga qadar faqat ish va maoshdan o‘zgasini bilmagan xalq ochlik yoqasida.
Shunday kunlarda «Qanday qilib tez va oson boyib ketish mumkin?» degan mavzu har qachongidan ham ko‘proq muhokama qilinmoqda. Tabiiyki, bundan foydalanib qolish istagida bo‘lgan ustomonlar ham topiladi. Ana shunday olg‘irlardan biri va eng mashhuri Sergey Mavrodi bo‘lgan.
1955 yilda usta va iqtisodchi oilasida tug‘ilgan Sergeyning yuragida ikki tomonlama porok aniqlangan. Shunga qaramay yashab ketgan bolakay juda kuchli xotirasi bilan atrofdagilarni lol qoldirardi. Matematika fakultetida o‘qib yurgan chog‘laridayoq u audio va videomahsulotlar sotuvchini yo‘lga qo‘yadi va dastlabki mablag‘ini ishlab topadi.
1989 yilda Mavrodi «MMM» kooperativiga asos soladi. Bu tashkilot safida o‘nlab moliyaviy firmalar jamlangandi. 1994 yilning 1 fevralida «MMM» o‘zining dastlabki aksiyalarini sotuvga chiqaradi.
Yarim yildayoq «MMM» olamshumul natijalarga erishadi: pul tikkanlar soni 15 million kishiga yetadi, aksiyalar bahosi 127 barobar ko‘tarilib ketadi, moliyaviy ehrom butun bir davlat byudjetining uchdan biri qismini o‘z domiga tortadi!
Turli ma’lumotlarga qaraganda o‘sha paytlarda Mavrodi kuniga o‘rtacha 50 million dollardan foyda olgan (qiyoslash uchun: o‘sha paytlarda Toshkentdagi o‘rtacha kvartiralar narxi 2-3 ming dollar bo‘lgan).
«MMM» o‘z faoliyatini ochiqdan-ochiq reklama qilar, shunday yirik reklama roliklaridan birida meksikalik aktrisa Viktoriya Ruffo («Oddiy Mariya») ham ishtirok etgandi. Bundan tashqari firma qator aksiyalar o‘tkazgan, xususan Moskva metrosini bir necha bor bepul qilib qo‘ygandi.
Odamlar «Mavrik» yoki «Mavrodik» deb ataluvchi aksiyalar – amalda hech bir moliyaviy kafolati bo‘lmagan qog‘ozlar uchun bor-budini tika boshlaydilar. Kimdir uyini sotadi, kimdir o‘sha davr uchun kamyob bo‘lgan avtomobilidan voz kechadi. Banklardagi pullarini olib «MMM» ixtiyoriga topshiruvchilarning esa hisobi yo‘q edi.
Davlat bunga jim qarab tura olmasdi albatta. Chunki «MMM» faoliyati shundoq ham murakkab vaziyatni battar qiyinlashtirardi. 1994 yilning 4 avgustida Mavrodi soliqlardan bo‘yin tovlashda ayblanib hibsga olinadi. Ammo uning tarafdorlari, to‘g‘rirog‘i, puliga kuyish xavfidan qo‘rqqanlar shu darajada ko‘p ediki, bu odamlar katta shaharlarda mitinglar uyushtirdilar, ommaviy tarzda hukumatni xalqni talashda ayblay boshladilar. Mavrodining advokatlari va hamtovoqlari ham jim turishmadi: barcha ommabop gazetalarda uni yoqlab maqolalar chiqarishdi, ko‘rsatuvlar uyushtirishdi.
Buyuk qallobning o‘zi hibsda ham tinch o‘tirmadi. U deputatlikka saylanish uchun imzolar to‘play boshladi va nomzodi ro‘yxatga olindi. Natija ma’lum edi. 1994 yilning 30 oktyabrida Mavrodi Rossiya parlamenti deputatligiga saylandi va, tabiiyki, ozodlikka chiqarildi. Deputatlik qallobga nafaqat jazodan, balki kelgusida jinoiy javobgarlikka tortilishdan ham qutulib qolish imkoniyatini berdi.
Deputatligi davomida u «MMM» faoliyatini davom ettirdi. Bu buyuk qalloblik shu darajada ommalashib ketdiki, Rossiyaning o‘zida 1700 dan ortiq moliyaviy ehrom paydo bo‘ldi. «Xopyor-Invest», «Russkiy dom Selenga», «Vlastilina», «Telemarket», «Germes-finans», «Tibet», «Russkaya nedvijimost» kabilar shular jumlasidan bo‘lib, ayrimlariga yurtdoshlarimiz ham pul tikishgan va ancha mablag‘laridan ajralishgan.
Barcha moliyaviy ehromlar singari «MMM» ham pufakdek yorildi va deyarli barcha omonatchilarini xonavayron qildi. Odamlar dod solib ko‘chalarga chiqdi va hammasi uchun Mavrodi bilan birga hukumatni ham la’natlay boshladi. Bor-budidan ayrilgani uchun ellik kishidan ortiq kishi o‘z joniga qasd qildi.
1997 yilda «MMM» bankrot deb e’lon qilingach, Mavrodi yana panjara ortiga ravona bo‘ldi. Qamoqdan chiqqanidan keyin qallob MDH davlatlari aholisi uchun «MMM-2011», keyin «MMM-2012» loyihalarini yo‘lga qo‘ydi. Ammo bu hududda unga hech kim ishonmadi.
Shundan keyin Mavrodi e’tiborini Afrika davlatlariga qaratdi va 2014 yilda «MMM-Global» kampaniyasini boshladi. Yangi loyihaga ko‘ra moliyaviy ehrom Indoneziya, Malayziya, Bangladesh, Filippin, Yaponiya, Tayland, Hindiston va Xitoyda ham qurila boshlandi. Keyinchalik AQSh, Isroil, Italiya va Fransiya, jami 107 davlatda Mavrodi omonatchilarni aldashga urindi.
Sergey Mavrodining oxirgi loyihasi 2017 yilning dekabrida e’lon qilingan «Mavro» kriptovalyutasi edi.
Maqola boshida Ahmadboy va Mavrodini yonma-yon qo‘ygandik. Ammo o‘xshash jihatlari bo‘lsa-da, bu ikki qallobni ko‘p ham solishtirib bo‘lmaydi.
1. Mavrodining moliyaviy ehromi Ahmadboynikidan minglab, pul hajmi millionlab barobar katta bo‘lgan, omonatchilari soni 15 milliontaga yetgan. Ahmadboyning nari borsa ellik minglik omonatchilari dardlarini ichlariga yutib ketdilar.
2. «MMM» o‘z faoliyatini ochiqdan-ochiq targ‘ib qilgan va hatto hukumatga ham o‘z so‘zini o‘tkazib, firma faoliyati cheklanadigan bo‘lsa butun davlat miqyosida ishonchsizlik bo‘yicha referendum uyushtirishi bilan tahdid qilgan. Ahmadboy esa kattagina pul ishlasa-da, siyosatga aralashishni o‘ziga ep ko‘rmasdi.
3. Mavrodi shu darajada «quturgandiki», prezidentlikka nomzodini qo‘yishdan ham toymadi. Bundan tashqari u AQSh fond birjalarini kuzatish va aksiyalar oldi-sotdisini yo‘lga qo‘yishni mo‘ljallaydi. Ahmadboy esa Chinozdan chiqmay pul qilgan «biznesmen» edi.
4. Eng qizig‘i, Mavrodi qo‘lga olinganda davlat nari borsa bir million dollarni musodara qila oldi. Ahmadboy bir jihatdan «kuchli» chiqdi: Mavrodiga nisbatan ancha kichkina ehrom qurgan bo‘lsa-da, musodara vaqtida uning ofisidan, so‘m va boshqa valyutalardan tashqari, 15 millionga yaqin AQSh dollari chiqqandi.
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi