12:55 / 03.06.2018
4 796

Mardikor ham odam: uning o‘z huquqi, qadr-qimmati bor

Mardikor ham odam: uning o‘z huquqi, qadr-qimmati bor
Kunlar isiy boshlagach, ko‘pchilik hovli-joyini tartibga keltirish taraddudiga tushib qolishadi. Dam olish kunlari qo‘liga belgurak olib yer chopishadi, ekin ekishadi, gul, rayhon ko‘chatlarini o‘tqazishadi. O‘ziga to‘qroqlari esa uch-to‘rt mardikor olib kelib ishlatishadi. Bir hisobdan yaxshi, dersiz. Chunki ish izlab yurgan muhtojlarning shu bahona qo‘liga pul tushadi. Ularning uyga qaytishini mo‘ltirab kutib turgan qorako‘zlar xursand bo‘lishadi. Ammo meni masalaning boshqa tomoni qiynaydi...

Yaqinda bir voqeaga guvoh bo‘ldim. Mahallamizda yashovchi kishi garchi dam olish kunlari o‘zi, ikki o‘smir o‘g‘li, suqsurday ayoli uyda bo‘lishsa ham bir qarichgina (ko‘p qavatli uyning birinchi qavatidagi hovli qanchaligini bilasiz) yerga gul ekish uchun uch nafar yigitni mardikor bozoridan olib kelibdi. Qishloqdan kelgan onam “katakdek” uyda zerikkani uchunmi, derazadan ularni kuzatib turardi. Ish bilan band bo‘lganim uchun menga ham har zamonda “axborot” beradi. Onamning fikricha, er yigit uchun bir qarich yerni ag‘darib, ekin ekish nima degan gap?! Lekin ular bu ishni bamaylixotir bajarishyapti. Chunki darrov tugatib qo‘yishsa, “xo‘jayin” hayratga tushib, nimadir xato topib pullarini bermay qo‘yishi mumkin-da.

Kun issiq. Tushlik vaqti bo‘ldi. “Xo‘jayin” yo‘l yoqasidagi supermarketdan paketni to‘ldirib bozorlik qilib qaytdi. Oq sellofan paketdan uning ichidagi narsalar ko‘rinib turibdi — pepsi ichimligi, kolbasa mahsulotlari, to‘rtta non, muzqaymoqlar va hokazo... Mardikorlardan 25-30 yoshlar atrofidagi ikki nafari yerdan ko‘zini uzmay, ishlab turishibdi. 18-20 yoshlardagi bola esa “Xo‘jayin”ning “bozorlig‘”iga qarab qoldi...

Sodda onam ham “Bu saxovatli inson mardikorlarni shunday siylarkan-da”, deb xursand. Ammo onamning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Mardikorlarning “kenja”si narigilariga bir nimalar dediyu, katta ko‘cha tomon ketdi. Birozdan so‘ng qog‘oz o‘ramda ikkitadan kartoshkali somsa ko‘tarib kelgani ma’lum bo‘ldi. Demak, bu yigitlar og‘zaki shartnoma tuzishayotganda tushlik haqida kelishishmagan. Onamning xafsalasi pir bo‘ldi: “Eh, sadqayi odam ketgurlara, hech bo‘lmasa, bir choynak choy damlab bermadi-ya. Mardikor ham odam-ku, birovning gulday bolasi-ku!”. Keyinroq esa onam choy to‘la choynak va uchta piyola ko‘tarib zinadan pastga tushib ketdi...

Men bu gaplarni nega yozayapman? Onam bergan bir choynak choyni doston qilish niyatida emasman, aslo! Aytmoqchi bo‘lganim, bizning, ha, jonimizga jon qadar aziz bo‘lgan shu xalqimizning navqiron yigitlari oddiy tushmush xarajatlariga pul topish uchun, ularning ortidagi odamlar — bolalar va ota-onalarini boqish uchun o‘zligini namoyon qilolmay yashashyapti. Rizqini chet ellarda qidirib yurganlar haqida-ku, hali gapirmadim. Hatto o‘z yurtimizdagi mardikorlarning ham huquqlari hamon ta’minlanmagan. Bizda ishsizlik nafaqalari to‘lanmasligi, mayli, osmondagi gap. Ammo mardikor bozorlarining ish faoliyatini to‘g‘ri tashkillashtirish vaqti allaqachon kelgan. “Bandlikka ko‘maklashish markazlari” degan samarasiz, foydasiz tuzilmadan butunlay voz kechish, bu borada Janubiy Koreya, Angliya va boshqa davlatlarning tajribasidan foydalanish vaqti ham allaqachonlar kelib bo‘lgan.

Afsuski, bizda hukumat rahbari buyurmasa, joyidan qo‘zg‘almaslik kayfiyati hamon bor. Balki bu borada ham maxsus Qaror yoki Farmon e’lon qilinishini kutayotgandirmiz. Mardikorlar huquqini himoyalash, ularning ish topishi va pulini o‘z vaqtida olishini ta’minlashga ham e’tibor qaratiladi, degan umiddamiz.
Zuhal RO‘ZIYeVA

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mardikor ham odam: uning o‘z huquqi, qadr-qimmati bor