17:50 / 03.06.2018
3 342

Ekskursovodmi, eksKO‘RSAVOD?

Ekskursovodmi, eksKO‘RSAVOD?
Hammasi «O‘zbekiston» mehmonxonasi oldida boshlandi.

Toshkent bo‘ylab sayr qildiradigan ikki qavatli qirmizi avtobusdaman. Kira pulini hisob-kitob qiluvchi va nazorat ishlarini yurituvchi qiz hammaga quloqchin tarqatdi. Har bir o‘rindiq orqasida quloqchin simini tiqish uchun teshikcha bo‘lib, yonida 1 dan 8 gacha raqamlar va bayroqlar tizilgan. Transport boshqaruv tizimiga 8 tilda (o‘zbek, ingliz, nemis, ispan, fransuz, yapon, xitoy, rus tillarida) so‘zlaydigan audiotur dasturi o‘rnatilgan.

Ikkinchi qavat yarmi ochiq, yarmi yopiq (ayvon shaklida). Ochiq (yozgi) tomonida qo‘nim topganlarning barchasi quloqchinlarini taqishga majbur edi. Chunki ko‘cha shovqini inobatga olinib, tashqariga karnay o‘rnatilmagan. Yoqimli musiqa sadolari ostida audiogid ishga tushdi.

«O‘zbekiston» mehmonxonasining o‘ng tomonida, yo‘lning narigi betidagi «O‘zsanoatqurilishbank» binosi yonidan o‘tayotganimizda bu imoratlar ilgari Chor hukumatining kibor kishilariga tegishli uylar bo‘lgani, ular shu yerda yashagani aytildi.

Nariroqdagi bino 1917 yil inqilobiga qadar Qizlar gimnaziyasi bo‘lgani (hozir Toshkent davlat yuridik universiteti) va uning Svarichevskiy loyihasi asosida qurilganiga alohida urg‘u berildi.

Xalqaro anjumanlar saroyiga yaqinlashganimizda qaysidir «buyuk rus aktrisasi» (ismi yodimda qolmadi) qorachechakdan vafot etganida jasadi shu ko‘chadan olib o‘tilgani haqida gapirildi...

Avtobus Minor masjidi yonida sekinladi. Yangi masjidning qachon qurilgani va yana bor-yo‘g‘i ikki-uchta fakt, tamom. Yo‘lning narigi tarafida joylashgan Semashko nomidagi sihatgoh to‘g‘risida esa batafsil ma’lumot berildi. To avtobus masjid hovlisiga kirib to‘xtaguniga qadar Semashkoga bag‘ishlangan hikoya davom etdi. Bu sal avvalroq Uspenskiy nomidagi musiqa maktabi, bastakorning faoliyati haqida bilib olganlarimizga qo‘shimcha bo‘ldi.

«Jasorat» monumentidan so‘ng avtobus o‘ngga burildi. Chap qo‘lda «Turkiston» saroyining yozgi sahnasi ko‘zga tashlanib turibdi. Ko‘prikdan tushayotganimizda audiogid o‘ng tarafda daraxtlar panasida qad kerib turgan «Ramada» mehmonxonasi ilgari «Leningrad» deb atalganini eslatishni joiz topdi.

Mehmonxona binosidan keyin qator tushgan ko‘p qavatli uylarni leningradlik bunyodkorlar oq silikat g‘ishtdan qurib, toshkentliklarga sovg‘a qilib tashlab ketishgani ta’kidlab o‘tildi.

Toshkentning qadimgi bozorlaridan biri Chorsuning tirband yo‘llaridan ketayapmiz. Audiogid rastalarning sarxil meva va sabzavotlarga boyligini, shuningdek, bu hududda Shuvalovlar oilasining 1911 yili qurilgan imoratini alohida zikr etdi.

Sanasak, bunday misollar ko‘p. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring. Yurtimizga birinchi marta kelgan sayyoh O‘zbekistonni tanishni mamlakat yuragi bo‘lgan poytaxt shaharni shu ikki qavatli avtobusda ziyorat qilishdan boshlasa... Ikki yarim soat ichida u qanday xulosaga keladi?

Xo‘sh, bu savolga kim javob beradi? Audiomagnitofon tugmasini bosgan haydovchi amakimi? Hammaga quloqchin tarqatgan nazoratchi qizmi? Yoki g‘oya muallifi bo‘lgan «Aznur Travel» kompaniyasimi?

Ekskursiya tugagach, javob izlab kompaniya ofisiga bordim. Meni turizm bo‘yicha menejer Muqaddas Murodova kutib oldi. Audiogid ijrosidagi matn qayerdan olinganiga yoki uni kimlar tuzib berganiga aniqlik kiritishini so‘radim.

— «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasida har bir shahar haqida katta dastur ishlab chiqilgan. Biz ana shu tayyor dastur asosida ekskursiya uchun matn shakllantirganmiz. O‘zgartirish yoki qo‘shimcha ma’lumotlar kiritmaganmiz. Dastur matnini qisqartirganmiz, xolos.

Vatan qiyofasi va mamlakat turizmining salohiyatini belgilaydigan bu dasturlar o‘zi qachon tuzilgan? Oxirgi marta qachon yangilangan? Bu dasturlarni tuzishda qaysi kitoblardan foydalanilgan? O‘sha kitoblar nechanchi yilda chop etilgan?.. O‘ylaymanki, bu masalalar ko‘pchilikni qiziqtiradi.

To‘g‘ri, o‘tmishni tahrir qilib bo‘lmaydi. Chor hukumati yoki sobiq sovet tuzumining tariximizdan o‘tganini inkor qilmaymiz. Biroq o‘zbek millatining, inchunun, Toshkentning tarixi XX asrdan boshlangani yo‘q. Ekskursiya mobaynida birgina «1917 yil inqilobidan keyin» degan jumlaning o‘zi besh-olti marta takrorlandi. Bizning taraqqiyot yo‘limiz «1917 yil inqilobiga qadar» hamda «inqilobdan keyin» degan davrlarga bo‘linmaydi! Millat va davlat sifatidagi teran ildizlarimiz olis moziyga borib taqaladi. Har bir g‘ishtimizda, har bir ko‘chamiz, har bir manzil-makonimizda bu ko‘hna va barhayot ildizlarning izi bor. Audiotasmalarga Chorsu atrofida birzamonlar uy tiklagan xorijliklarning familiyalarini emas, ana shularni muhrlash kerak. Aks holda, ikki qavatli avtobuslarning Troya otidan farqi qolmaydi.

Nega yo‘l bo‘yidagi bir binoning 1917 yil inqilobiga qadar qizlar gimnaziyasi bo‘lgani haqida sayyohlarga batafsil ma’lumot beramizu, lekin istirohat bog‘i qoshida «Taniqli shoir va yozuvchi Abdulla Qodiriy nomidagi» degan izohning o‘zi bilan kifoyalanib qo‘ya qolamiz? Shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan muhtasham Milliy bog‘ darvozasiga ro‘para bo‘lamizu, «Alisher Navoiy nomidagi» deyishdan nariga o‘tmaymiz?

Audioturning afzal jihatlarini rad etib bo‘lmaydi. Bir vaqtning o‘zida har xil tilda so‘zlashuvchi odamlarga tushunarli; gidlar xizmatiga ehtiyoj yo‘q; mablag‘ tejab qolinadi...

Lekin yuzma-yuz, jonli muloqotga nima yetsin! Ovoz pardalaridan taralayotgan sir, ohang, hayajon, ishtiyoq, kutilmagan savol-javoblar, qiziqarli ma’lumotlar, kayfiyat — bularning barini temir quti ichidan takrorlanadigan quruqqina axborot bilan taqqoslash to‘g‘ri bo‘lmas.

Qolaversa, yo‘l harakati doim bir maromda kechmaydi, svetofor ishlamay qolishi, tirbandlik, yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan hududni aylanib o‘tish va shunga o‘xshash voqealarga ham duch kelish ehtimoldan xoli emas. Bunday vaziyatlarda, deylik, siz teleminora qarshisida to‘xtab turgan bo‘lsangiz, quling o‘rgilsin avtobus karnaylari Ko‘kaldosh madrasasi haqida gapiradi...

Aslini olganda, audioturning «fonogramma orqali ijro etiladi» degan izohdan farqi yo‘q, u baribir hayotiy zavqdan mosuvo.

O‘z tushuntirishlari va so‘zlari bilan mamlakat nufuzini, xalqining obro‘sini tushiradigan gidlarni jazolash ko‘zda tutilgan qonun muhokama qilinayotgani haqida isroillik jurnalist Devid Eydelmanning maqolasini o‘qidim. Demak, sayyohlarning tashrif buyurgan mamlakatidan o‘z vataniga qanday taassurotlar, qanday xulosalar bilan qaytishi boshqa malakatlarda ham muhim masala ekan. Gidlarsiz va ekskursovodlarsiz sayohatlar uyushtirish haqida o‘ylab ko‘rish kerak. Shuning uchun ham dunyo turizmida gidlarning chet tillarni so‘zlasha olishi, o‘z mamlakatining tarixi, adabiyoti, geografiyasi, musiqasi, tasviriy san’ati, me’morchiligi, psixologiyasi, urf-odatlarini mukammal bilishi, bundan tashqari oliy ma’lumotli, dunyoqarashi keng bo‘lishi talab qilinadi.

Aks holda, gidsiz avtobuslardagi audiomatnlarda Xalqaro anjumanlar saroyi atrofi qaysidir «buyuk rus aktrisasi» qorachechakdan vafot etganida jasadi olib o‘tilgan ko‘cha sifatida tanishtiriladi.

* * *
Shu mavzuda «Ma’naviy hayot» jurnalida katta maqolam e’lon qilinib, o‘sha sonini ikki qavatli avtobus sohiblari — «Aznur Travel» kompaniyasi mutasaddilarining qo‘liga yetkazgan edim. Oradan vaqt o‘tdi. Bugun 28 aprel. Yana «O‘zbekiston» mehmonxonasi oldidaman. Hozirgina avtobusdan tushdim. Endi xursandman. Matbuotning kuchini his qildim...
Ibrohim Aziz

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ekskursovodmi, eksKO‘RSAVOD?