Farg‘ona shahrida tabiatni ifloslantirish bilan bog‘liq noxush holat jamoatchilikning qattiq e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla arig‘iga qon oqizilayotgani haqidagi videolar tezda tarqaldi va muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi rasmiy izoh berdi, deb xabar berdi idoraviy manbalar.
Ma’lum qilinishicha, holat Farg‘ona shahrining Jo‘ydam mahallasi, Yakkatut ko‘chasida sodir bo‘lgan. Viloyat ekologiya boshqarmasi shahar bo‘limi davlat inspektorlari hududga chiqib, o‘rganish ishlarini amalga oshirgan. Tekshiruv davomida mahalla aholisi orasidagi fuqaro M.M. o‘z uy xo‘jaligidan chiqqan suyuq maishiy chiqindilarni ariqqa oqizib yuborgani aniqlangan.
Ekologlar buni suv ifloslanishi va sanitar talablarni buzish holati sifatida baholagan. Bu nafaqat mahalla aholisi uchun noqulaylik tug‘diradi, balki atrof-muhitga ham jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Chunki qon va boshqa biologik chiqindilar suv orqali tez tarqaladi, bu esa infeksiya xavfini oshiradi.
Tekshiruv natijasida fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 72-moddasi, 1-qismi asosida bayonnoma rasmiylashtirildi. Ushbu modda suv resurslarini muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Natijada fuqaro M.M.ga 1 million 236 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima belgilandi.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, jinoyat takrorlanmasligi uchun fuqaroga suv resurslarini muhofaza qilish, tozalik va ekologik xavfsizlik qoidalari bo‘yicha tushuntirish va profilaktik suhbatlar ham o‘tkazilgan.
“Atrof-muhitni muhofaza qilish har bir fuqaroning burchi. Tabiatga nisbatan beparvo munosabat nafaqat qonunbuzarlik, balki kelajak avlodlar salomatligiga tahdiddir”, — deyiladi boshqarma bayonotida.
Ekologlar ta’kidlashicha, keyingi paytlarda mahalliy aholi tomonidan maishiy chiqindilarni ariq yoki suv yo‘llariga tashlash holatlari ko‘paygan. Bunday xatti-harakatlar suv sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, infeksion kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, bunday qoidabuzarliklarga nisbatan jazo choralari yanada kuchaytirilishi rejalashtirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!