O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Buyuk Britaniyaga rasmiy tashrifi doirasida bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsion hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Saida Mirziyoyeva “Yangi O‘zbekiston — ulkan imkoniyatlarga ega katta mamlakat” mavzusidagi davra suhbatida Londonda tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi. U tadbirda so‘zga chiqib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xorijiy sarmoya uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘zladi.
— O‘zbekiston Buyuk Britaniya biznesi uchun ham jozibador makonga aylandi. Bugun mamlakatimizda 270 dan ziyod britan kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Hamkorlarimiz soni ortib borayotganidan mamnunman va ularning iqtisodiyotimizdagi ishtiroki yanada kengayishiga ishonaman, — dedi Mirziyoyeva.
Tadbir chog‘ida u Buyuk Britaniyaning yetakchi iqtisodiy doiralari va moliya institutlari vakillari bilan muloqot qildi. Suhbatlar davomida “Yangi O‘zbekiston” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, xususan, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva Londonda Buyuk Britaniya G‘aznachiligi iqtisodiy kotibi Lyusi Rigbi bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi moliyaviy hamkorlik, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni va bu yo‘nalishda Britaniya hukumatining qo‘llab-quvvatlashi haqida fikr almashildi.
— Rigbi xonimga “Yangi O‘zbekiston – ulkan imkoniyatlarga ega katta mamlakat” nomli tadbirimizda qatnashib, uni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildiraman. O‘zbekistondagi islohotlar va JSTga qo‘shilish jarayoni yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazdik. Britaniya hukumatining bu jarayonni to‘liq qo‘llab-quvvatlayotgani — bugungi munosabatlarimizdagi ishonch va do‘stlikning yorqin namunasi, — deb yozdi Mirziyoyeva o‘z Telegram kanalida.
Tashrif doirasidagi uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi kutilmoqda. Britaniya investitsiya salohiyati va O‘zbekistondagi keng imkoniyatlar birlashsa, bu nafaqat iqtisodiy, balki madaniy va texnologik aloqalarni ham mustahkamlaydi.
Saida Mirziyoyevaning Londonga tashrifi — O‘zbekistonning ochiq, zamonaviy va hamkorlikka tayyor davlat sifatidagi yangi qiyofasini namoyon etdi. Bu muloqotlar “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasining xalqaro maydonda ham amalda tasdiqlanayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!