
Yaqinda tahririyatimizga O‘zbekiston Milliy universitetining bitiruvchi talabalaridan biri keldi. Ish so‘rab kelibdi deb o‘ylovdik, adashibmiz. Muddaosi ikki tomonlama shartnomaga imzo chektirib, muhr bostirish. Yo‘qsa, davlat imtihoniga kiritilmas emish...
Aslida oliy ta’lim muassasalarini tamomlayotgan bitiruvchi talabalarga beriladigan mazkur hujjat ezgu maqsadlarni ko‘zlab amalga tatbiq qilingan. Afsuski, bu tizim hozir o‘zini oqlamay qo‘ydi. Ikki tomonlama shartnomalar bugun mavsumiy qog‘ozbozlikka aylanib ulgurdi. Savol tug‘iladi: aslida shartnoma degani majburiy emas, tomonlarning o‘zaro talab va istaklari, shartlashuvi asosida tuziladigan, o‘sha talabaning ertangi kunini belgilaydigan muhim hujjat emasmi?
Xullas, mazkur masalani atroflicha o‘rganishga qaror qildik.
Muammolar chambaragi
Oliy o‘quv yurtida o‘qigan yigit-qiz borki, bu tashvish bilan to‘qnash kelgan. Universitet talabadan biror tashkilot bilan kelgusida uni ishga olamiz, degan shartnoma tuzishni talab qiladi. Shartnoma tuzish uchun borgan talabadan esa, tashkilot diplom so‘raydi. Diplomni olish uchun esa, boyagi shartnoma zarur bo‘ladi. Xullas, bu muammolar chambaragining o‘zginasi, bir-birisiz bitmaydigan naq boshog‘riq!
Shu holga tushgan talaba nima qiladi? Albatta, o‘z kelajagini bog‘lamoqchi bo‘lgan tashkilot bilan shartnoma imzolatib keladiganlar ham yo‘q emas. Ammo aksariyat bitiruvchilar bu ishni dekanatning og‘zini yopish, davlat imtihonidan o‘tish va diplom olish uchungina qiladi. Ming afsuski, bitiruvchi talabalarning ko‘pchiligi na o‘ziga, na oliy o‘quv yurtiga, na ish beruvchi tashkilotga foydasi tegadigan ana shu ikkinchi yo‘lni tanlamoqda. Bu yerda faqat talabani ayblash ham adolatdan emas. Hech bir mutasaddi tashkilot yoki korxona o‘zi yaxshi bilmagan, tanimagan, hali tajribasiz bitiruvchini ishga qabul qilgisi kelmaydi. Shu sababli, bugun oliygohidan berilgan ikki tomonlama shartnomani ko‘tarib, tanish-bilishlari orqali idorama-idora, eshikma-eshik sarg‘ayib, imzo chektirish payida joni halak bo‘layotgan talabalarni ham ko‘ryapmiz.
Qog‘ozda ishga kirgan, amalda esa...
— Talabalikning so‘nggi yilida qo‘limga tutqazilgan mehnat shartnoma qog‘ozi bilan bir nechta tashkilotga murojaat qildim, — deydi ism-familiyasi sir qolishini istagan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Kino, televideniye va radio san’ati fakulteti 4-kurs talabalaridan biri. — Ochig‘i, to‘g‘ridan-to‘g‘ri «diploming bo‘lmasa, ish yo‘q», deb aytgan bir-ikki mardini hisobga olmasa, hammasida meni ishga olmaslik uchun «ishonchli» sabablar topildi. To‘g‘ri-da, umrida ilk bor ko‘rib turgan, hali diplomi yo‘q chala kadrni kim ham quchoq ochib kutib oladi. O‘qishga qaytib, shuni tushuntirmoqchi bo‘lsam, birov quloq solay demadi...
Shartnoma yo‘q — diplom ham yo‘q
— Mutaxassisligim bo‘yicha bir nechta tahririyatga murojaat qildim, — deydi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetining 4-bosqich talabalaridan biri. — Ular, meni sinab ko‘rmasdan, bu sohada nimagadir qodirligimni tekshirmasdan turib, shartnomaga imzo chekib bera olmasligini uqtirishdan, men esa tahririyatlarning eshigini qoqishdan charchamadim. Oxiri, bo‘lmadi. Sabrim tugadi. Shunda nima bo‘lsa-bo‘lar dedim-da, kelajakda «shartnomaga imzo chekkansiz, shu sababli menga ish berishga majbursiz», degan da’vo bilan kelmasligimni bo‘ynimga olib, tanish-bilish orqali shartnomani imzolatdim.
Aslida aksariyat talaba ikki tomonlama shartnomani faqat dekanat talab qilgani uchun to‘g‘ri kelgan joydan imzolatib kelishini oliygohdagi mutasaddilar ham yaxshi biladi! Nahotki, bila turib, shu yo‘lni tanlab, ularni, o‘zimizni aldaymiz? Nega shunga majbur qilaverishadi? Bundan kimga nima naf?
Majburiy bajarilayotgan ixtiyoriy ish
Talabalarning kuyunganicha bor. Ezgu maqsadlarni ko‘zlab, hayotga tatbiq qilingan mazkur amaliyot, afsuski, faqat xo‘jako‘rsin uchun bajarilyapti, xolos. To‘g‘ri, ular orasida haqiqatan ham kelajakda o‘zi shartnoma imzolatgan tashkilotga ishga kiradigan talabalar ham bor. Afsuski, ular barmoq bilan sanarli.
So‘zimiz yolg‘on bo‘lmasligi uchun joriy yilgi bitiruvchi talabalarning shartnomalari qay darajada amaliyotda o‘z vazifasini bajarayotganini bilish maqsadida bir nechta oliy o‘quv yurtida bo‘ldik.
Dastlabki manzil O‘zbekiston Milliy universiteti.
— To‘rtinchi bosqich talabalariga ikki tomonlama shartnoma joriy yilning yanvar-fevral oylarida tarqatib bo‘lingan, — deydi O‘zbekiston Milliy universiteti Marketing bo‘limi birinchi toifali muhandisi Zuhriddin MALIKOV. — Talabalar to davlat imtihonlari boshlangunga qadar, mazkur shartnomani kelajakda o‘zlari ish boshlamoqchi bo‘lgan tashkilot yoki korxonadan imzolatib kelishi talab etiladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, talabani ish bilan ta’minlash. Afsuski, talabalar orasida buni noto‘g‘ri tushunib, shartnomani nomigagina imzolatib kelayotganlari ham yo‘q emas. Marketing bo‘limida oltmishdan ortiq tashkilot yoki korxonadagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar saqlanadi. Agar talaba haqiqatan ham qo‘lidagi shartnomani imzolata olmasa, bo‘limimizga kelib, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mazkur tashkilotlarga bemalol murojaat qilishi mumkin.
Aslida shartnoma imzolatish hamma masala hal etilganini anglatmaydi. Talaba oliygohni tamomlab, biror tashkilotga ishga joylashgach, unga dalolatnoma beriladi. Mazkur dalolatnomani ishga kirgan joyidan to‘ldirib keladi. Shunga asosan oliygohimizni bitirgan talabaning ertangi kuni, qayerda ishlayotgani doimiy monitoring qilib boriladi.
Mutasaddining bu gaplaridan so‘ng talabalarning bu yilgi shartnomalari bilan qiziqdik. Afsus, marketing bo‘limi xodimi bizga haqiqatan ham imzolangan ikki tomonlama shartnomani ko‘rsatishdan bosh tortdi. Buning uchun dekanatga uchrashishimiz kerak ekan. Dekanatga yuzlangan edik, ular ham turli bahonalar to‘qib, paysalga soldi.
Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Islom Karimov nomidagi texnika universiteti mutasaddilari ham har xil vajlar bilan birorta imzolangan shartnomani ko‘rsata olishmadi. Hammasining og‘zidan faqat bitta gap — talabalar hali to‘liq ishga kirib ulgurishmadi, bu jarayon sentyabr oyida yakunlanadi, degan mujmal javob chiqdi, xolos. Bu ham mayli, oliy o‘quv yurtlari ichida «xat bilan murojaat qiling» degani ham bo‘ldi. Hatto, ba’zi oliygoh xodimlari shartnoma masalasida jim yurishimizni «maslahat» berishdi. Ochig‘i, bunday «maslahat»ni qanday tushunishni ham bilmadik.
Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining ham bu haqdagi fikri bilan qiziqdik.
— Talaba bilan korxona yoki tashkilot o‘rtasida imzolanadigan ikki tomonlama shartnomani imzolatish majburiy emas, — deydi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining Kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalarini tashkiliy-metodik ta’minlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Abduvali XOLIQOV. — Faqat davlat granti asosida tahsil olgan talabalar bundan mustasno. Ular uch yil davomida davlat idoralarida ishlab berishi kerak. Har qanday talaba, xoh u kontrakt, xoh davlat garanti asosida tahsil olishidan qat’i nazar, shartnoma imzolatmagan bo‘lsa-da, davlat imtihonlariga kiritiladi. Afsuski, ayrim oliygohlar talabalarni shu yo‘l bilan qo‘rqitib, shartnomani imzolatish payida bo‘lyapti. Natijada yuqoridagi kabi ko‘zbo‘yamachiliklar yuz beryapti. Lekin talabalar orasida o‘z tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha allaqachon ishga joylashgan va o‘zi ishlamoqchi bo‘lgan tashkilotdan shartnoma imzolatganlari ham oz emas.
Vazirlik oliy o‘quv yurtlaridan bitiruvchi talabalarning ishga joylashgani xususida hisobot so‘raydi. Mazkur hisobotlar umumlashtirilib, tegishli vazirlik va idoralarga yuboriladi. Ayni paytda, vazirligimiz ikki tomonlama shartnomani imzolatishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida yangi mexanizm ishlab chiqmoqda. Mazkur mexanizm ishga tushsa, shartnomalar shunchaki imzolanmaydi. O‘z-o‘zidan yuqoridagi kabi ko‘zbo‘yamachiliklarga ham chek qo‘yiladi.
Mutasaddining so‘zlaridan ko‘rinib turibdiki, shartnoma imzolatish majburiy emas. Shunday ekan, nima uchun oliygohlar buni majburiy ishga aylantirgan? «Shartnoma imzolatmagan talaba imtihonga qo‘yilmaydi», deya hukm chiqarishga ularga kim huquq bergan?
Mazkur masalani o‘rganish asnosida har o‘n nafar talabadan sakkiztasi hozir ham shartnomani shunchaki davlat imtihonlariga kirish uchungina tanish-bilish orqali, ko‘r-ko‘rona imzolatib kelayotganiga amin bo‘ldik. Aslida bu amaliyot oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan yoshlarning diplomi sandiqda chang bosib yotmasligi uchun ularni o‘qish paytidayoq ishga yo‘naltirish, hali ilm maskanini tamomlamasidan bo‘lg‘usi ish joyini kafolatlash maqsadida amaliyotga joriy qilingan edi. Afsuski, bu mexanizm o‘z vazifasini to‘laqonli bajarmayapti. Shu bois, nazarimizda, mazkur masala xususida jiddiy o‘ylab ko‘rib, ushbu amaliyotni tubdan qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgan. Mamlakatimizda yosh avlodning unib-o‘sishi, o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lib, yurt koriga yaraydigan kadr sifatida ish bilan ta’minlanishi uchun bugungi zamon talablari asosida yangicha, samarali yo‘l tutish har tomonlama maqsadga muvofiqdir.
G‘ulomjon MIRAHMEDOV
Manba: «Oila davrasida»
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar