12:57 / 08.09.2018
5 709

Meni tunda militsiya “ushladi”...

Meni tunda militsiya “ushladi”...
Yarim tun. Ishni tugatib uyga qaytayotgandim. Shu payt Hollivud kinolarida boʻladigan voqea yuz berdi. Ortimda patrul post xizmati avtomobili oʻz sirenasini yoqib, ovoz kuchaytirgich orqali velosipedni chetga olib toʻxtashimni soʻradi. Bizam kino koʻrgan yigitlardanmiz, oʻng tomonga olib toʻxtadim.

Patrul post xizmati 3-batalon, 6-otryad haydovchi-xodim safdor Akramjon Haydarov tushib, tunda nima qilib yurganim bilan qiziqdi. Bunaqa holatlarga ruhan tayyorgarlik koʻrib yurganim uchun pasportimni koʻrsatib, dorixona izlab yurganimni aytdim. Pasport tekshiruvi muvaffaqiyatli yakunlanganidan soʻng, soqol, kostyum-shim-galstuk va velosipedning bir-biriga mos tushishi yoki mos emasligi haqida suhbatlashdik.

Maqsadsiz koʻchaga chiqmaganimni bilgach, Akramjon Haydarov telefoni orqali “Arzon apteka” degan dasturni ochib, men aytgan dorini izlay boshladi. Ishoning, bu holat meni hayratlantirdi. Organ xodimlariga boʻlgan hurmatim oshdi, desam mubolagʻa boʻlmas.

Men izlagan dori Akramjon Haydarov yordamida topildi. Shundan soʻng ketishga tayyorgarlik koʻra boshladim. Akramjon Haydarov “sizni qoʻyib yubora olmayman” deb qoldi. Ochigʻi ichimga biroz xavotir oʻrladi. “Harqalay bir-birimizni” tushungandik-ku, deb oʻyladim ham. “Nega” deb soʻradim. “Sizga yordam berishimiz kerak. Dorini olib berishimiz kerak” dedi. Hammasi yaxshiyu, faqat... Velosipedchi? Uni nima qilamiz?

Chora izlay boshladik. Dastlab avtomobilning yukxonasini ochdik. Velosipedim kattagina boʻlgani uchun (gavdaga mos. Ishonmasangiz suratga qarang – izoh Temur Aʼzamga tegishli) u yerga joylashning imkoni boʻlmadi. Oʻsha yerdagi doʻkon panjarasiga qulflab ketishni taklif qildim. Biroq Akramjon Haydarov bunga koʻnmadi. Sababi oʻgʻrilik boʻlsa, menga zarar yetishi mumkinligidan xavotirda ekanini bildirdi. Uni amallab velosipedni shu yerda qoldirishga koʻndirdim. Soʻngra uni qulflab, yoʻlga tushdik. Keyingi muammo... Biz izlagan dorixona boshqa tumanda joylashgan ekan. Hisoblab koʻrilsa, 200 metr tuman chegarasidan tashqariga chiqish kerak ekan. Men uchun istisno qilishdi. Dorixonaga borib, kerakli dorilarni oldik. Bizni koʻrgan aptekachi ayolning yuz qiyofasi alohida mavzu. Taajjubga toʻla edi, ishonavering.

Velosiped turgan joyga qaytdik. Ularga tashakkur bildirdim va xayrlashdik.

Darvoqe, surat haqida. Suratchi ham begona emas, Milliy gvardiya xodimi.

P. S. Minnatdorlik bildirish va tilaklar koʻp vaqtni oldi shekilli, yonimizga boshqa patrul mashinasi ham yetib keldi. Ular mashinadan tushib, vaziyat haqida soʻrashdi. Men boʻlgan voqeani aytib berdim. Shunda unvoni kattaroq boʻlgan xodim “biz bular bilan faxrlanamiz” dedi va oʻz yoʻlida davom etdi. Men shu lahzalarda Oʻzbekistondagi barcha organ xodimlari Akramjonga oʻxshashini va ularning barchasi bilan faxrlanishimizni istadim.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Meni tunda militsiya “ushladi”...