Navoiyda ayol kuyovini o‘ldirish uchun qotil yollamoqchi bo‘ldi

Navoiy viloyatida jamoatchilikni larzaga solgan jinoyat fosh etildi. Zarafshon shahrida yashovchi ayol o‘z kuyovini yo‘q qilish maqsadida qotil yollashga urinib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi.
Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, voqea oilaviy kelishmovchiliklar ortidan kelib chiqqan. 54 yoshli ayol tanishlari orqali ikki nafar shaxsni topib, kuyovini “jazolash”ni so‘ragan va buning evaziga katta miqdorda pul taklif qilgan.
Tezkor xizmat xodimlari tomonidan vaziyat nazoratga olinib, maxsus operatsiya rejalashtirilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar suiqasd sahnasini inssenirovka qilib, jarayonni videoga olgan va uni gumonlanuvchiga yuborgan. Bu orqali uning niyati va harakatlari to‘liq tasdiqlangan.
Shundan so‘ng ayol kelishilgan 40 million so‘mdan dastlabki qismi sifatida 2 million 300 ming so‘mni yollangan shaxslar hisob raqamiga o‘tkazgan. Aynan shu paytda u huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan.
Tadbir Davlat xavfsizlik xizmati hamda mahalliy ichki ishlar bo‘linmalari hamkorligida amalga oshirilgani qayd etilmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar bu kabi holatlar oilaviy muammolarni qonuniy yo‘l bilan hal qilish o‘rniga jinoyatga qo‘l urish qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!