Soliq qarzi "Hongqi ehs 9" hisobidan qoplandi ...

Majburiy ijro byurosining ish yurituvida Toshkent shahar Soliq boshqarmasining 10 ta qaroriga asosan qarzdor “M.T.S.” MCHJdan davlat foydasiga jami 580 million so‘m soliq qarzdorligini undirish haqida ijro ishi mavjud bo‘lib, davlat ijrochilari tomonidan qarzdorlikni ixtiyoriy tartibda qoplash yuzasidan bir necha bor ogohlantirishlar berilgan.
Biroq qarzdor tomonidan qarzdorlikni to‘lash o‘rniga, unga tegishli qimmatbaho "HONGQI EHS9" rusumli avtotransport vositasini yashirishga va ijro harakatlaridan chetlashtirishga urinishlar qilingan.
Shunga qaramasdan, davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan qidiruv va majburiy ijro choralari natijasida mazkur avtotransport vositasining harakat yo‘nalishi aniqlanib, u belgilangan tartibda xatlandi hamda saqlovga olindi.
Qonun talablariga muvofiq, qarzdor tomonidan belgilangan muddatda qarzdorlik bartaraf etilmagani sababli avtomashina auksion savdosiga chiqarildi. Savdo natijasida transport vositasi sotilib, tushgan 457 million 914 ming so‘m pul mablag‘i davlat foydasiga soliq qarzdorligini qoplash uchun yo‘naltirildi.
Mazkur holat har qanday qarzdorlikdan qochish yoki mol-mulkni yashirishga urinish qonun oldida baribir javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor ko‘rsatdi. Davlat ijrochilari tomonidan sud hujjatlari va vakolatli organlar qarorlarining ijrosini ta’minlash borasida qat’iy choralar ko‘rilmoqda.