09:00 / 18.10.2018
6 391

Amir Temur gʻori

Amir Temur gʻori
Hamrohlarim bilan Hisor togʻlarining baland dovoniga yetganimizda sharros yomgʻir quyib berdi. Panalash uchun oʻzimizni bir ulkan xarsang ostiga urdik.

Yomgʻir tingach, baland qoyaga koʻtarildik. Tasavvur qiling-a, shundoq yonginamizda oppoq bulutlar suzib yurardi. Havo pastlikdagiga qaraganda juda salqin. Lekin nafas olishga biroz qiynaldik. Bunga havoda kislorodning siyrakligi sabab. Shunday boʻlsa-da, maqsadimizdan chekinmadik...

Biz turgan joy Hisor qoʻriqxonasining tarixiy-geografik nuqtalaridan biri edi. Aynan shu makonda Markaziy Osiyodagi eng uzun gʻor — Amir Temur gʻori ham bor. U dengiz sathidan 2750 metr balandlikda.

Ming bir mashaqqat bilan gʻor ichiga kirdik. Ichkaridan zax hidi anqiydi. Gʻor devorlarini qoʻlim bilan ushlab koʻrdim. Qotib qolgan ohak, gips va granit qatlamiga oʻxshaydi. Gʻorning uzunligi gʻarbdan sharqqa tomon 870 metr, kengligi 7-10 va baʼzi joylari 100 metrga yetar ekan. Yoʻlboshlovchining aytishicha, gʻor ichkarisiga kirishga hammaning ham jurʼati yetmas ekan. Negaki, qorongʻi, vahimali. Kutilmaganda ichkaridan koʻktargʻoq, degan qush pirr etib uchib chiqdi. Hammamiz bir sapchib tushdik. Gʻordagi uzunligi bir yarim-ikki metr keladigan tabiat moʻjizasi — stalagmit (pastga osilgan) va stalaktid (tepaga qaragan sumalak)larni tomosha qildik. Nazarimda, sumalaklar mashʼala yorugʻida xuddi kamalak rangida tovlanayotgandek edi. Gʻorning tugash qismida diametri ellik-oltmish metr, chuqurligi toʻrt-besh metrli kattagina yerosti koʻli bor ekan. U mamlakatimizdagi eng katta yerosti koʻli sanaladi.

Endi Hisor qoʻriqxonasidagi mazkur gʻor nega Amir Temur nomi bilan atalishiga toʻxtalsak. Taqdir taqozosi bilan sarkarda maʼlum bir vaqt qoʻshini bilan mazkur gʻorda jon saqlaydi. Oʻsha joyda turib, otli qoʻshin toʻplaydi. Xullas, gʻor uning qoʻshiniga dushman hamlasidan mustahkam va ishonchli qoʻrgʻon vazifasini oʻtagan. Gʻor atrofidagi qishloqlardan yigʻilgan qoʻshin bilan Kesh hukmronligini qoʻlga kiritadi. Shundan soʻng ushbu gʻor Amir Temur nomi bilan atala boshlagan. Bundan tashqari, el orasida ushbu gʻor bilan bogʻliq koʻplab afsona-yu, rivoyatlar saqlanib qolgan.

Gʻorning janubiy tomonida Qalʼai Sheron soyining Qizil Shivar kengligida dengiz sathidan 2900 metr balandlikdagi Chilsim (uni Chil ustun ham deyishadi) gʻori joylashgan. Mazkur gʻorning atrofidagi 100 dan ziyod diametri 3-5 metr, chuqurligi 30 metrdan 200 metrgacha boradigan yer gʻovaklari hamda qoʻriqxona hududidagi Gʻoʻl gʻori, Mansurning gʻori, Oʻgʻrining zindoni singari gʻorlar ilmiy jihatdan toʻla oʻrganilmagan. Bizningcha, oʻsha goʻshadagi yerosti moʻjizalarini bir bor tomosha qilgan odam uzoq vaqt unutilmas taassurot ogʻushida yuradi.
Ulugʻbek JUMAYEV

Manba: “Oila davrasida”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Amir Temur gʻori