date

Azizbek Abdumo‘minov: “Bu g‘alaba butun O‘zbekistonniki!”

Azizbek Abdumo‘minov: “Bu g‘alaba butun O‘zbekistonniki!”

Qatardagi 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi musobaqani shiddatli start bilan boshladi. Guruh bosqichining ilk bahsida Islom Ismoilov shogirdlari Paragvay termasini 2:1 hisobida mag‘lub etib, barchaga kuchli taassurot qoldirdi.

Uchrashuv qahramoni — Azizbek Abdumo‘minov bo‘ldi. U ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qilib, terma jamoamizni muhim g‘alabaga yetakladi. Bahsdan keyin u o‘z his-tuyg‘ulari va fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

“Butun O‘zbekiston xalqini bugungi g‘alaba bilan chin dildan tabriklayman. Bu musobaqadagi birinchi bahs biz uchun katta ahamiyatga ega edi. Maydonga chiqar ekanmiz, har birimiz yurtimiz sharafini himoya qilayotganimizni his qildik. Murabbiylarimiz tomonidan berilgan barcha ko‘rsatmalarni to‘liq bajarishga harakat qildik,” — dedi Azizbek.

Uning aytishicha, jamoa ruhiyati yuqori va kelgusi bahslarda yanada kuchli o‘yin ko‘rsatish niyati bor.

“Hali oldinda ko‘p ishimiz bor. Keyingi uchrashuvlarda ham shunday kuch bilan harakat qilishga intilmoqdamiz. Hudo xohlasa, bu musobaqada eng yuqori pog‘onaga chiqamiz va kubokni O‘zbekistonga olib kelamiz. Olg‘a O‘zbekiston!” — deya ilova qildi u.

Abdumo‘minovning ilk o‘yindagi dubli nafaqat jamoaga muhim g‘alaba keltirdi, balki uni musobaqa yulduzlaridan biri sifatida namoyon qildi. Muxlislar esa ijtimoiy tarmoqlarda uning harakatlarini maqtab, “bizning kelajak yulduzimiz” deb atashdi.

O‘zbekiston terma jamoasi endi 8 noyabr kuni Irlandiya o‘smirlariga qarshi bahs olib boradi. Bu o‘yin guruhdagi taqdirni belgilab berishi mumkin bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Azizbek Abdumo‘minov: “Bu g‘alaba butun O‘zbekistonniki!”