
Z avlod — ya’ni 1997–2010-yillar oralig‘ida tug‘ilganlar, olimlar ta’biricha, insoniyat tarixidagi eng baxtsiz avlodga aylanmoqda. Garvard va Beylor universiteti tadqiqotchilari 22 ta mamlakatda o‘tkazgan keng qamrovli so‘rov natijasida ana shunday xulosaga kelishdi, deb yozadi “Fortune” jurnali.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, avvallari insonlar yoshlikda eng yuqori baxt darajasini his qilgan, o‘rta yoshda qoniqish pasaygan, keyin qarilikda yana oshgan. Ammo bu “baxt egri chizig‘i” endi tekis shaklga kelgan — Z avlod vakillari quvonch va umid hissini ancha erta yo‘qotmoqda.
Olimlar ma’lumotlariga ko‘ra, 18–29 yoshdagi insonlar orasida xavotir, ruhiy tushkunlik, moliyaviy muammolar va hayotdagi ma’noni yo‘qotish holatlari keskin ko‘paygan. Ularning katta qismi o‘zini yolg‘iz, keraksiz yoki kelajakdan qo‘rqqan holda his qilmoqda.
“Bu juda jiddiy signal. Jamiyat yoshlarning emotsional farovonligiga yetarlicha e’tibor qaratmayapti”, — deydi tadqiqot mualliflaridan biri, Garvard Inson taraqqiyoti dasturi rahbari Tayler Vandervil.
Mutaxassislar bu holatni zamonaviy hayot bosimi, iqtisodiy noaniqlik, siyosiy ziddiyatlar va doimiy salbiy axborot oqimi bilan bog‘lashmoqda. Hatto respondentlarning yarmi hayotda maqsad sezmasligini, qolgan qismi esa doimiy moliyaviy tashvishda yashashini ta’kidlagan.
Olimlar fikricha, agar bu tendensiya davom etsa, insoniyat “baxtli yoshlik” degan tushunchani qaytadan shakllantirishga majbur bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025–2039-yillar oralig‘ida tug‘ilganlar Beta avlod sifatida tasniflanadi. Ulardan avval — 2010–2024-yillarda tug‘ilgan Alfa avlod va undan oldin 1997–2010-yillarda dunyoga kelgan Z avlod, hamda 1981–1996-yillarda tug‘ilgan Y yoki Milleniallar avlodi mavjud.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!